Jahon | 13:50 / 04.11.2024
2323
3 daqiqa o‘qiladi

Tayvan RFga dastgohlar yetkazib berish to‘liq to‘xtatilganini ma’lum qildi

Tayvan Iqtisodiyot vazirligi qat’iy eksport nazorati qoidalari tufayli Rossiyaga dastgohlar yetkazib berishni to‘liq to‘xtatganini e’lon qildi. Bunday ta’minot bo‘yicha qator surishtiruvlar ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinganidan keyin bu choralar ko‘rildi.

Foto: Philipp Schulze / DPA / Picture Alliance / TASS

Tayvan Iqtisodiyot vazirligi 1 noyabr, juma kuni Rossiyaga harbiy korxonalarda qo‘llanishi mumkin bo‘lgan dastgohlar yetkazib berish butunlay to‘xtatilganini e’lon qildi. OAVda bunday jo‘natmalar bo‘yicha qator tekshiruvlar e’lon qilinganidan keyin eksport nazorati qoidalari kuchaytirildi.

Xususan, Rossiya Federatsiyasi va Belarusga nisbatan qo‘llangan sanksiyalarni birlamchi buzganlik uchun jarima miqdori sezilarli darajada oshirildi — 1 million Tayvan dollari (taxminan 31 100 AQSh dollari). Bundan tashqari, Iqtisodiyot vazirligi ishlab chiqaruvchilar bilan «faol tushuntirish ishlari» olib borilayotgani, ularni qonunchilikka rioya qilishga va mahsulotlarning yakuniy oqimini nazorat etishga chaqirayotgani haqida xabar berdi.

Idora ma’lumotlariga ko‘ra, bu allaqachon o‘z natijalarini berdi va Tayvandan Rossiyaga dastgohlar eksporti hajmi «nolgacha tushdi».

Germaniyada Rossiyaga dastgohlar yashirincha yetkazib berilgani fosh qilindi

Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalarga qaramay, bu mamlakatga o‘q-dorilar yoki transport vositalari uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarishda ishlatilishi mumkin bo‘lgan nemis dastgohlari kelishda davom etmoqda. Bu haqda Germaniyaning SWR telekompaniyasining 10 oktyabr kuni bojxona hujjatlari, shuningdek, fotosuratlar va videolar tahlil qilingan surishtiruvida aytiladi.

2023 yilda Ukrainaga qarshi urushni davom ettirayotgan Rossiya sanksiyalarni chetlab o‘tib, nemis ishlab chiqaruvchilaridan 300 dan ortiq kompyuterda boshqariladigan avtomatlashtirilgan mashinalarni oldi, deya xabar beradi jurnalistlar bojxona hujjatlariga tayanib. Bunday mashinalar to‘liq avtomatik ravishda, masalan, po‘latni kesish, metall plitalarni egish yoki metall qismlarni payvandlash imkonini beradi. Material mualliflarining fikriga ko‘ra, ushbu raqamli dasturiy boshqaruv mashinalarisiz avtomobillar, samolyotlar va o‘q-dorilarni ishlab chiqarishni «deyarli tasavvur qilib bo‘lmaydi».

Jurnalistlar Ukraina Iqtisodiy xavfsizlik kengashining katta tahlilchisi Yelena Yurchenkoning ma’lumotlariga tayanib, Rossiyadagi raqamli dasturiy boshqaruv mashinalarining 80 foizi hozirda harbiy ishlab chiqarish uchun ishlatilishini bildirdi. «Raqamli dasturiy boshqaruv mashinalari bilan ular juda tez va aniqroq ishlab chiqarishlari mumkin, bu ayniqsa qurol sanoatida juda muhim, bu ularga yanada halokatli qurollarni ishlab chiqarish imkonini beradi. Germaniya esa bu dastgohlarni ishlab chiqarishda yetakchi hisoblanadi, uning Rossiya bozoridagi ulush 30 foizgacha», — dedi ukrainalik ekspert.

Mavzuga oid