O‘zbekiston | 15:47 / 11.11.2024
1344
2 daqiqa o‘qiladi

Malayziya IT kompaniyalarini O‘zbekistonga keng jalb etish boshlanadi

Kuala-Lumpur shahrida IT va raqamli texnologiyalar sohasidagi birinchi O‘zbekiston–Malayziya autsorsing forumi bo‘lib o‘tdi.

Foto: "Dunyo" AA

O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi, "Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki" MChJ (IT Park Uzbekistan) va uning Sirdaryo viloyati filiali (Sirdaryo IT Park), Malayziya raqamli iqtisodiyot korporatsiyasi (MDEC) va mamlakat elchixonasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda Malayziyaning 70 ga yaqin autsorsing (BPO) va IT kompaniyalari ishtirok etdi.

IT Park Sirdaryo rezidenti sifatida BPO sohasida joriy yilda faoliyatini boshlagan Upstream BPO MChJ ta’sischisi, Malayziya fuqarosi Axmed Qayum o‘zining O‘zbekistonda biznes yuritish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. U O‘zbekistonda tashkil etilgan IT parklar uchun yaratilgan imkoniyatlar va imtiyozlaridan foydalangan holda Malayziya kompaniyalarini mamlakat raqamli loyihalariga investitsiya kiritishga chaqirdi.

Get Academy kompaniyasi rahbari Ganesh Kumar tadbir ishtirokchilariga O‘zbekistonga qilgan biznes tashrifi taassurotlarini so‘zlab, xorijliklarni respublikaning raqamli texnologiyalar sohasiga investitsiya kiritish va tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga undaydigan qator omillarni sanab o‘tdi. Ganesh Kumar Malayziya kompaniyalari O‘zbekiston IT bozorida manfaat topishiga qat’iy ishonishini ta’kidladi.

Taqdimotdan so‘ng B2B formatida uchrashuvlar o‘tkazildi. Uchrashuvlar davomida O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi, IT Park Uzbekistan, IT Park Sirdaryo vakillari hamda Malayziyaning IT va BPO kompaniyalari o‘rtasida o‘zaro manfaatli aloqalarni o‘rnatish hamda raqamli texnologiyalar sohasida investitsiyalar kiritish bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Xususan, tadbirga tashrif buyurgan Malayziya Tadqiqot va innovatsiyalarni tijoratlashtirish agentligi (MRANTI) bo‘lim boshlig‘i Van Moxd Farxan bilan texnologiyalarni transfer qilish va Malayziya IT kompaniyalarini O‘zbekistonga keng jalb etish masalasi muhokama qilindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid