O‘zbekiston | 20:26 / 12.11.2024
3872
3 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev: Yevropaga “yashil” energiya yetkazish bo‘yicha ko‘p tomonlama bitim imzolaymiz

O‘zbekistonning Yevropaga “yashil” energiya eksport qilishini ko‘zda tutuvchi ko‘p tomonlama bitim yaqin kunlarda imzolanadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Bokuda o‘tayotgan BMTning iqlim konferensiyasidagi nutqida aytib o‘tdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Qo‘shni mamlakatlar bilan Mintaqaviy iqlim strategiyasini hayotga tatbiq qilmoqdamiz. Shu kunlari Yevropaga “yashil” energiya yetkazish bo‘yicha ko‘p tomonlama bitimni imzolaymiz”, dedi O‘zbekiston rahbari.

Mirziyoyevga ko‘ra, O‘zbekiston “yashil” energetika ulushini 40 foizgacha oshirishni reja qilgan.

Prezident sammit doirasida Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel bilan uchrashdi.

“Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi yangi bitimni tez fursatda qabul qilish, shuningdek, "Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi" formatidagi birinchi sammitga tayyorgarlik ko‘rishga alohida e’tibor qaratildi”, deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarboyjon Yevropaga “yashil” energiya eksportini yo‘lga qo‘yish borasida kelishib olgan. Ta’minot Kaspiy – Qora dengiz – Yevropa yo‘nalishi bo‘ylab amalga oshiriladi. Shu maqsadda joriy yil may oyida uchala davlat o‘z energiya tizimlarini bir-biriga ulash bo‘yicha hamkorlik memorandumini imzolagan.

Hujjatga ko‘ra, ishtirokchilar Kaspiy dengizi tubi bo‘ylab yuqori voltli kabel yotqizish orqali energiya tizimlarini ulash imkoniyatlarini o‘rganadi. Bu borada texnik shartlar loyihasi ishlab chiqilgan.

Avgust oyida Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan kelgan, tomonlar O‘zbekistondan Yevropaga “yashil” energiya eksportini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha keng ko‘lamli mintaqaviy loyiha ijrosini tezlashtirishga kelishib olgandi.

  • Ayni paytda Bokuda bo‘lib turgan Shavkat Mirziyoyev Chernogoriya prezidenti Yakov Milatovich, Finlandiya prezidenti Aleksandr Stubb, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso, Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad bin Sulaymon al-Jassir va Yashil iqlim fondi ijrochi direktori Mafalda Duerteni bilan ham uchrashuvlar o‘tkazdi.

Mavzuga oid