Jamiyat | 14:36 / 13.11.2024
1966
2 daqiqa o‘qiladi

Imtiyozli narxlarda tarqatilishi lozim bo‘lgan ko‘mirni sotayotgan shaxslar ushlandi

Qashqadaryo viloyatida imtiyozli narxlarda tarqatilishi lozim bo‘lgan ko‘mirni sotayotgan shaxslar qo‘lga olindi.

Foto: Bosh prokuratura huzuridagi departament

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Unda, fuqaro R.K. “Ko‘mir ta’minot” MChJning Qarshi shahri ko‘mir ombori mas’ul shaxslari bilan o‘zaro til biriktirib, kuz-qish mavsumida imtiyozli narxlarda aholiga tarqatilishi lozim bo‘lgan 70 tonna ko‘mirni fuqaro R.X.ga 4000 AQSh dollariga sotishga kelishib, shundan dastlab 4 tonna ko‘mirni ombordan olib chiqib kelgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.          

Shuningdek, tergovga qadar tekshiruv jarayonida ushbu ko‘mir ombori mas’ul shaxslari umumiy bahosi 388,8 mln so‘mlik jami 451,4 tonna imtiyozli ko‘mirni qimmat narxlarda sotib yuborganliklari aniqlangan. 

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid