O‘zbekiston | 10:27 / 14.11.2024
17958
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda eng arzon uy-joy ijarasi qaysi tumanlarda ekani aytildi

Oktyabr oyida ikkilamchi bozorda narxlar deyarli o‘zgarmadi. Toshkentda eng arzon uy-joy ijarasi ikki tumanda kuzatilmoqda.

Foto: Kun.uz

Oktyabrda O‘zbekiston uy-joy bozori savdolarida biroz o‘sish kuzatilib, so‘nggi ikki oydagi pasayish to‘xtadi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sharhiga ko‘ra, oy davomida ikkilamchi bozorda narxlar deyarli o‘zgarmadi, uy-joy ijara bozoridagi vaziyat ham barqarorlashdi. Ko‘chmas mulk bozori ijobiy dinamikani ko‘rsatib, ro‘yxatga olingan ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari soni sentabr oyiga nisbatan 0,6 foizga oshdi va 21,4 mingtani tashkil etdi.

Oktyabrda respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joy bozori narxlari deyarli o‘zgarmadi (0,1 foizlik o‘sish). Oy davomida eng katta o‘sish Andijon (5,1 foiz) va Sirdaryo (3,3 foiz) viloyatlarida qayd etildi. Yettita hududda ikkilamchi uy-joy narxining pasayishi kuzatilgan bo‘lsa, eng katta pasayish Namangan (3,4 foiz), Xorazm (3,2 foiz) va Samarqand (2,5 foiz) viloyatlarida qayd etildi.

Ikkilamchi uy-joylarning eng arzon narxi Qoraqalpog‘iston Respublikasida kuzatildi, bu yerda kvadrat metr uchun o‘rtacha narx 328 dollarni tashkil etadi. Ikkilamchi uy-joylarning eng yuqori narxi Toshkent shahrida qayd etilgan bo‘lib, kvadrat metr uchun o‘rtacha 1100 dollarga to‘g‘ri keladi. Poytaxtning Bektemir (3,9 foiz) va Yashnobod (3,1 foiz) tumanlarida sezilarli pasayish qayd etildi.

Oy davomida Toshkent shahrida uy-joy ijara narxlari barqarorlashuvi davom etdi. O‘rtacha ijara narxi o‘tgan oyga nisbatan o‘zgarmadi — 1 kv metr uchun 8,3 dollar.

Poytaxtning 14 ta markaziy tumanlaridan 5 tasida uy-joy ijarasi narxi pasaydi. Eng katta pasayish Sergeli va Uchtepa tumanlarida kuzatilib, bu tumanlarda ijara narxi o‘rtacha 4,5 foizga kamaydi. Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi yuqoriligicha qolmoqda, bu tumanlarda narx bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 10−11 dollarni tashkil etadi.

Shu bilan birga, eng arzon uy-joy ijarasi Bektemir va Sergeli tumanlarida kuzatilmoqda, bu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 6 dollarni tashkil etadi. Umuman olganda, Toshkent shahrida yil davomida uy-joy ijarasi 12 foizdan ko‘proqqa kamaydi. Eng katta pasayish Yashnobod (18 foiz), Sergeli (17 foiz) va Mirzo-Ulug‘bek (15,2 foiz) tumanlarida qayd etildi.

Mavzuga oid