Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Turkiyaning ayrim hududlarida vabo qo‘zg‘atuvchi bakteriyalar topildi
Shifokorlar vibrio jinsiga mansub xavfli bakteriyalar yuqishi ehtimolidan ogohlantirib, ochiq yaralar bilan dengizga bormaslikni tavsiya qilmoqda.
Global isish tufayli dengiz suvi harorati oshib, inson salomatligiga xavf tug‘diruvchi mikroorganizmlar tez ko‘paymoqda. Baltikadan tortib Shimoliy dengizgacha tarqalgan vibrio bakteriyalari endi Turkiya sohillarida ham uchrayapti.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, issiq dengiz suvida ko‘payadigan mazkur zararkunandalar ochiq yaralar orqali organizmga kirib, o‘limga olib keluvchi infeksiyalarni hosil qilishi mumkin. Bu haqida Turkiyaning Milliyet nashri xabar bermoqda.
Istanbul Florence Nightingale kasalxonasi urologi Ugur Aferin yozgi mavsumda dengizga tushayotgan odamlarni ehtiyot bo‘lishga chaqirdi. Uning aytishicha:
“Vibrio bakteriyalari issiq va sho‘r suvda ko‘payadi. Ayniqsa, uning vibrio cholera deb nomlangan turi iflos dengiz suvi yutilishi orqali oshqozon-ichak tizimiga tushib, og‘ir diareya va suvsizlanishga sabab bo‘ladigan vaboni keltirib chiqaradi. Turkiyada vaboga uchrash holatlari kam bo‘lsa-da, xavf butunlay yo‘q deb bo‘lmaydi”, – deydi u.
Aferinning ta’kidlashicha, vibrio vulnificus kabi turlar teriga tushganda to‘qima infeksiyalari, ayrim hollarda esa “go‘sht yeyuvchi bakteriya” nomi bilan tanilgan og‘ir xastalik – nekrotik fasiit kabi o‘limga olib keluvchi kasalliklarga sabab bo‘lishi mumkin”.
Shifokor dengiz mahsulotlarini iste’mol qilishda ehtiyot bo‘lishga chaqirdi:
“Xom chig‘anoq kabi mollyuskalar orqali yuqadigan vibrio parahaemolyticus qorin og‘rig‘i, qusish, diareya va isitma kabi simptomlar bilan namoyon bo‘ladi. Immuniteti zaif bo‘lgan odamlarda bu infeksiya qon orqali butun tanaga tarqalib, sepsisga aylanish ehtimoli bor”, – dedi u.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, vibrio vabosi bakteriyasi bilan zararlangan bemorlarning aksariyatida infeksiya hech qanday alomatlarsiz kechadi. Shunga qaramay, bakteriyalar najas orqali bir kundan o‘n kungacha tanadan ajralishda davom etadi.
Kasallik belgilari odatda organizmga bakteriya tushganidan so‘ng 12 soat ichida yoki 5 kungacha bo‘lgan muddatda paydo bo‘lishi mumkin. Aksariyat hollarda alomatlar yengil yoki o‘rtacha og‘irlikda kechadi. Biroq ayrim hollarda kasallik og‘ir diareya va hayot uchun xavfli darajada tananing suvsizlanishi bilan kechadi.
Shifokorlar mazkur bakteriyalardan organizmni asrash uchun dengizga borgandan keyin dush qabul qilish, ho‘l bo‘lgan suzish kiyimida uzoq vaqt yurmaslik, ochiq yarani suv o‘tkazmaydigan bandaj bilan bog‘lash yoki bunday vaziyatda sohilga bormay turish, xom dengiz mahsulotlarini iste’mol qilmaslik, peshob chiqarish zaruratini kechiktirmaslikni tavsiya etmoqda.
Mavzuga oid
14:45
Samarqand elektr tarmoqlari Turkiya kompaniyasiga operatsion boshqaruvga beriladi
17:36 / 01.12.2025
Qozog‘iston va Turkiya dengiz dronlari hujumi bo‘yicha Kiyevga norozilik bildirdi
11:08 / 01.12.2025
Kurdiston ishchi partiyasi Turkiya bilan yarashish uchun ikki shart qo‘ydi
08:30 / 29.11.2025