O‘zbekiston | 21:59 / 23.07.2025
4238
3 daqiqa o‘qiladi

Budjet tizimidagi kamchiliklar sun’iy intellekt orqali bartaraf etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 iyul kuni Hisob palatasining faoliyati hamda ijro tizimini takomillashtirish chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishdi.

Qayd qilinishicha, Hisob palatasining bu yil 6 oyda o‘tkazilgan audit tadbirlari natijasida 5 trillion 600 milliard so‘m samarasiz budjet xarajatlari qisqartirilgan, budjetga 5 trillion so‘m qo‘shimcha tushum imkoniyati aniqlangan. «Masofaviy audit» axborot tizimi orqali 4 trillion so‘mlik kamchiliklar bartaraf etilgan.

Taqdimotda endi tizimga sun’iy intellektni joriy qilib, kamchiliklarni keltirib chiqarayotgan omillarni bartaraf etish vazifasi qo‘yildi.

O‘tgan yili 12 ta vazirlikda moliyaviy nazorat bo‘yicha tashkil qilingan situatsion markazlarning ko‘rsatkichlari qayd etilib, bu tizim joriy yilda yana 10 ta vazirlik va idoraga kengaytirilishi belgilandi. Shu bilan birga, budjet tashkilotlarida ichki audit va ichki nazorat tizimlarini takomillashtirib, Hisob palatasi bilan axborot almashuvini kuchaytirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Prezident farmoniga asosan, davlat auditi xalqaro standartlar darajasiga chiqarilmoqda. Hisob palatasi xodimlari bir yil davomida xalqaro auditorlar bilan birgalikda ishlab, tajriba to‘pladi. Natijada tashqi qarz hisobidan bo‘layotgan loyihalar xalqaro mezonlar asosida auditdan o‘tkazilmoqda. Bunday tartibni loyihalarning ilk bosqichlaridan boshlash muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Hisob palatasiga «Xalq nazorati» platformasini barcha hududlarda yo‘lga qo‘yish topshirilgan edi. Taqdimotda mutasaddilar bu borada boshlangan ishlar va zarur chora-tadbirlar to‘g‘risida axborot berdi. Bu tizim orqali qurilish, infratuzilma, kommunal xizmatlar, energiya ta’minoti, transport, yo‘l, ekologiya kabi sohalardagi muammolar bo‘yicha xabar beriladi. Ularni hal qilish uchun portalga barcha vazirlik, idora va hokimliklar ulanadi.

Hozirgi kunda bu dasturni sun’iy intellekt asosida takomillashtirish, vertikal nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish, koll-markazlar tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Davlat rahbari mutasaddilarga ijro intizomini mustahkamlash, budjet mablag‘laridan maqsadli foydalanish va tejamkorlikni ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid