Jahon | 22:49 / 08.08.2025
5185
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Falastinni tan olmoqchi emas

Qo‘shma Shtatlar rasmiylari buni Falastinda amaldagi hukumat yo‘qligi bilan izohlamoqda.

Jyeyms Vens / Foto: Reuters

AQSh Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olishni rejalashtirmayapti va HAMAS radikal guruhini yo‘q qilish tarafdori. Bu haqda vitse-prezident Jyeyms Vens Londonda Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

Vens so‘zlariga ko‘ra, u Falastin davlatini tan olish nimani anglatishini bilmaydi, chunki u yerda amaldagi hukumat yo‘q.

«Prezident Tramp Isroil va G‘azo sektoridagi vaziyat bo‘yicha juda oddiy maqsadlarimiz borligini aniq aytdi. Birinchidan, biz HAMAS endi hech qachon Isroilning begunoh tinch aholisiga hujum qilmasligini xohlaymiz. Bunga erishish uchun HAMAS yo‘q qilinishi kerak, deb hisoblaymiz. Ikkinchidan, prezident G‘azodagi gumanitar inqirozning dahshatli manzaralaridan qattiq ta’sirlangan. Shunday ekan, biz bu muammoni hal qilmoqchimiz», deb qo‘shimcha qildi Vens.

Donald Tramp iyul oyida HAMAS va Isroil o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar natijalarini qoniqarsiz deb atadi. AQSh prezidenti guruhning taslim bo‘lishini inqirozni hal qilishning eng tez usuli deb hisoblamoqda. Bir kun avval Isroil hukumati G‘azo sektorida quruqlikdagi operatsiyani kengaytirish rejasini ma’qullagan edi. Bu HAMAS tomonidan garovga olingan isroilliklarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralardan bosh tortishiga javoban yuz berdi.

«Katta yettilik»ning uchta davlati - Fransiya, Buyuk Britaniya va Kanada Falastin davlatini tan olish niyatini e’lon qildi. Bu sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Falastin davlatini 147 davlat tan olgan. 2024 yilda AQSh Falastinning BMTga to‘laqonli a’zoligiga veto qo‘ydi. 2024 yildan boshlab Falastinni o‘nta davlat, jumladan, Irlandiya, Norvegiya, Ispaniya va Armaniston tan oldi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid