Jahon | 19:28 / 18.08.2025
10205
7 daqiqa o‘qiladi

Bugun Oq uyda katta uchrashuv. Kutilmalar qanday?

Ukraina prezidenti va Yevropa yetakchilari Vashingtonga yo‘l olmoqda. Xo‘sh, Tramp yana Ukrainaga bosim o‘tkazadimi? AQSh prezidentining maqsadi nima o‘zi? Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturi tahlilchilari urushning taqdiri haqidagi kutilmalari bilan o‘rtoqlashdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Shuhrat Rasul: Ukraina va Yevropa koalitsiyasi hech qachon hududiy yon berishlarga rozi bo‘lmaydi. Buni prezident Zelenskiy o‘zi ham bir necha bor ochiq aytgan. Agar Zelenskiy bunday qarorga borsa, ikki soat ichida Maydanga yuz minglab odamlar chiqib, uni “sotqin” deb ataydi va iste’foga chiqaradi.

Ukraina – prezident-parlament respublikasi bo‘lgani uchun parlamentning vakolatlari prezidentniki bilan teng. Shuning uchun agar u bunday qaror qabul qilsa, parlamentdagi kuchlar uni cheklab qo‘yishi, hatto unga qarshi jinoiy choralar ko‘rilishi ham ehtimoldan xoli emas.

Tramp uchun kim g‘alaba qozonishi umuman ahamiyatsiz. Trampning maqsadi o‘zini tinchlik o‘rnatgan arbob sifatida ko‘rsatib: “Mana, urush tugadi, endi menga Nobel mukofoti bering” deyish. Rossiya faqat Donbassni egallaydimi yoki Dneprgacha bo‘lgan hududlarnimi – unga umuman farqi yo‘q.

Asosiy masala shuki, Tramp 18 avgust kuni uchrashuvda Zelenskiyga bosim o‘tkazishga harakat qiladi. Xuddi bir necha oy oldin bo‘lganidek. Trampga na Ukraina manfaatlari, na Rossiya, hatto Amerika manfaatlari ham qiziq emas. Tramp uchun hozir faqat o‘z manfaatlari muhim. Shu sababdan u: “Donbass masalasida kelishuv tuzaylik, Putinning shartlariga ko‘n”, deb bosim o‘tkazishi mumkin. Lekin Zelenskiy buni qabul qilmaydi, chunki bu uning siyosiy o‘zini o‘zi yo‘q qilishi demakdir. U yaxshi biladiki, bunday qaror uni nafaqat xalq oldida, balki orqasidagi kuchli siyosiy doiralar oldida ham qudratsiz qiladi.

Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi va boshqa ittifoqchilar ham Zelenskiyni qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda. Yaqinda ular: “Biz siz bilanmiz, sizni yolg‘iz qoldirmaymiz”, degan qat’iy bayonotlar berdi. Bu esa Zelenskiyga qo‘shimcha tayanch va ishonch bermoqda. Shu bois u Putinning yoki Trampning bosimlariga taslim bo‘lish ehtimoli juda past.

Anvar Yo‘ldoshev: Ertaga bo‘ladigan uchrashuvda, ehtimol, Tramp Zelenskiyga jiddiy tazyiq o‘tkazadi. Unga shunday deydi: “Sen Putinning talablariga rozi bo‘l. Shunda biz senga xavfsizlik kafolati beramiz. Biz kafolatni taqdim etamiz, shuni qabul qilasan”, deb majburlashga urinish ehtimoli bor. Zelenskiy esa bunday taklifga rozi bo‘lishni istamasligi aniq. Shunday vaziyat yana o‘zaro janjal va keskinlikka olib kelishi mumkin.

Shunday bo‘lsa-da, Trampning bosimi natija berish ehtimoli yuqoriroq. Chunki Yevropa Ittifoqi bu masalada jiddiy rol o‘ynay olmaydi. Yevropa yordam berishni va’da qiladi, lekin amalda ko‘p ish qilolmaydi. AQSh esa baribir dunyodagi eng qudratli davlat va uning rahbari nimani istasa, o‘sha yo‘nalishda siyosat yuritadi. Zelenskiy ham AQSh, xususan, Tramp bilan yaxshi munosabatlarni saqlab qolishni istaydi, ammo o‘z hududini berib qo‘yishga haqqi yo‘q.

Shunday vaziyatda Zelenskiyga: “Sen urushni tugatishni xohlaysanmi, xohlamaysanmi?” degan savol bilan bosim qilinadi va ayblovlar yog‘ilishi mumkin. Yevropa Ittifoqida qarorlar yakdillik asosida qabul qilinadi, ayrim davlatlar esa yordamdan bosh tortyapti. Ko‘ngillilar koalitsiyasi ham aytilganidek sezilarli yordam berolmayapti.

Kamoliddin Rabbimov: Bugun AQShdan boshqa qator davlatlar Ukrainaga qurol yetkazib beryapti. Ayrim davlatlar Ukraina ichkarisida qurol ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. Biroq Ukrainadagi asosiy muammo qurol emas, balki inson resursi: 145 millionlik Rossiyaga qarshi 30 millionlik Ukraina aholisi safarbarlikda yetarli kuch to‘play olmayapti.

Yevropa Ittifoqidagi ko‘plab davlatlar, ayniqsa to‘qqiztasi, aniq xulosaga kelgan: Rossiyaning maqsadi faqat Ukrainani neytral qilish bilan cheklanmaydi, u keyingi qadamlarni ham tashlaydi. Shu sababli Qozog‘iston prezidenti To‘qayev ham so‘nggi paytlarda xavotirda: Turkiya bilan hamkorlikni kuchaytirdi, Ozarboyjon bilan aloqalarni yangi darajaga olib chiqdi. Chunki Rossiya xavfi qo‘shni Qozog‘istonda ham keskin sezilmoqda.

Rossiyaning bayonot va qadamlarini tahlil qiladigan bo‘lsak, urush boshlanishidan ikki-uch oy oldin 2021 yil dekabrida Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ultimatum e’lon qilgandi: possovet davlatlari G‘arb bilan harbiy hamkorlik qilmasin, harbiy baza ochmasin, NATO bilan aloqaga kirmasin. Bu esa ularning mustaqilligini keskin cheklash degani edi.

Shundan keyin Amerika va Yevropa Ittifoqida aniq xulosa shakllandi: Rossiya avtoritar davlat, u jamoatchilik fikriga e’tibor bermaydi, hokimiyatni tiyib turuvchi institutlar qolmagan, Putin xohlaganini qiladi. Sovet davridagi kollegial boshqaruv bugun yo‘q, Rossiyada yakka shaxs boshqaruvi mavjud.

Rossiya bugun dunyodagi mavjud xalqaro tartibni, geosiyosiy muvozanatni yoki qoidalarni o‘zgartirishga intiladigan davlat sifatida namoyon bo‘lmoqda. Uning asosiy missiyasi – ko‘p qutbli dunyo shakllantirib, kollektiv G‘arbning hukmronligini tugatish. Yevropa Ittifoqi ham xuddi shunday xulosaga kelmoqda: Rossiya to‘xtamaydi. U to‘xtashi uchun ichkarida ham sharoit yo‘q. Iqtisodiyot harbiy relslarga o‘tkazilgan, jamiyat urush mashinasiga bo‘ysundirilgan. Shu sababli Rossiyaning harakatlari barqarorlikka emas, keskinlikka olib bormoqda. Albatta, Rossiyada urushdan charchoq mavjud, bu ko‘rinib turibdi. Lekin Ukrainaga bostirib kirishdan oldin ham ko‘pchilik ekspertlar bunday qilishini kutmagan edi.

Suhbatni to‘liq shaklda YouTube’da tomosha qilishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid