Jamiyat | 16:26 / 18.08.2025
18314
2 daqiqa o‘qiladi

Yozning so‘nggi nafasi ko‘p issiq bo‘lmaydi

So‘nggi kunlarda O‘zbekiston aholisi bir oz yengil nafas oldi. Chunki iyul va avgust boshlarida kuzatilgan anomalga yaqin +40 darajadan yuqori harorat oxirgi o‘n kunlikda deyarli kuzatilmadi. Avgust oxiri bizga qanday ob-havoni taqdim etadi? Kun.uz'da ob-havo prognozi bilan – iqlimshunos Erkin Abdulahatov.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

15–17 avgust kunlari mamlakatimizga shimoldan kirib kelgan sovuq antitsiklon ta’sirida havo harorati keskin pasaydi. Xorazm, Jizzax, Samarqand va Toshkent viloyatlarining tekislik hududlarida tonggi harorat +15 darajadan ham past bo‘ldi. Angrenda eng past sutkalik minimum +10 daraja, Oygaing tog‘ stansiyasida esa hatto +5 daraja qayd etildi. Yoz uchun bunday ko‘rsatkichlar anchagina salqin hisoblanadi. Shuningdek, hafta boshida Farg‘ona vodiysida yomg‘ir yog‘ib o‘tdi.

Kelasi o‘n kunlikda ham yuqori haroratning uzoq davom etishi bilan bog‘liq ob-havo muhiti kutilmayapti. Prognoz kartalariga ko‘ra, iqlim «to‘lqinli» holatda kechadi: uch kun issiq, keyin uch kun salqin, yana uch kun issiq va oxirida yana salqin kunlar kuzatiladi. Bu jarayon janubiy antitsiklonlarning faqat chekka qismi mamlakatga ta’sir etib, ortidan salqin oqimlar kirib kelishidan dalolat beradi. Janubiy viloyatlarda esa bunday emas, avgust issiqlari u joylarda davom etadi.

Shu bilan, yozning so‘nggi kunlari nisbatan mo‘’tadil iqlimiy sharoitda o‘tmoqda. Bu holat odamlar sog‘lig‘i uchun qulay, tabiat va qishloq xo‘jaligi uchun esa hayotiy muhim imkoniyatdir. Yozning shiddatli nafasi so‘nayotgani, uning o‘rnini kuzning salqin shabadali muhiti egallayotganini his qilamiz.

Mavzuga oid