Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Suvchilar maktabi - Yangi O‘zbekistondagi islohotlarning amaliy namunasi
Davlat rahbarining 2023 yil 18 aprel kuni Suv sohasini isloh qilish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida bergan topshirig‘iga muvofiq, 2023 yil 29 may kuni “Agrobank” ATB tomonidan “Suvchilar maktabi” tashkil etildi.
Foto: Suvchilar maktabi
Dasturning asosiy maqsadi — fermer va soha mutaxassislarining malakasini oshirish, suvni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish va “Suv — tekin” degan eski qarashdan butunlay voz kechishdir.
Shu maqsadda Agrobank tomonidan moliyalashtirilgan “Suvchilar maktabi”ning birinchi bosqichi doirasida 155 tumanda qisqa muddatli kurslar tashkil etildi. Ularda 61 mingdan ortiq fermer va soha mutaxassislari zamonaviy bilim hamda ko‘nikmalarga ega bo‘ldi. Bu jarayonda Turkiya, Xitoy va Ispaniyaning ilg‘or tajribalari o‘rganildi, xorijiy va mahalliy mutaxassislar ishtirokida o‘quv dasturlari ishlab chiqildi.

“Bugungi kunda, texnologiyalar yordamida biz fermerlarga rasmiy ravishda 1 gektar maydonda paxta yoki bug‘doy yetishtirish uchun qancha suv kerakligini ko‘rsatib bera olamiz, chunki ishlayotgan texnologiya va qurilmalarimiz 1 kunlik suv ehtiyojini ham hisoblab bera oladi”, deydi turkiyalik ekspert Mexmet Akif Keskinkilich.
Ikkinchi bosqich 2024 yil 3 fevralida start oldi. Respublika bo‘yicha 13 hududda zamonaviy o‘quv xonalari va 250 gektarlik tajriba maydonlari tashkil etildi. Tomchilatib, yomg‘irlatib va diskret sug‘orish tizimlari, avtomat boshqaruv hamda agrometeostansiyalar o‘rnatildi. Jami 234 nafar o‘qituvchi, jumladan, 35 nafar xorijlik olim va mutaxassis ishtirok etdi. Natijada 13 mingga yaqin fermer ta’lim oldi va 4 mingta xo‘jalik o‘z maydonlariga suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etdi.

Xorijiy ekspert Shengtian Chen fikricha, Xitoyda bunday tizimli va professional o‘quv muassasalari mavjud emas. Ta’kidlanishicha, Xitoy tajribasi va ilg‘or uskunalarini O‘zbekistonda keng joriy etish rejalashtirilmoqda. Fermerlar uchun o‘quv darslari tashkil etilib, bu orqali ularning ekin hosildorligini oshirish ko‘zda tutilgan. Suvni tejaydigan texnologiyalar qo‘llanishi natijasida hosildorlikni 30 foizga oshirish mumkinligi qayd etilmoqda.

2025 yil “Suv xo‘jaligida nasoslar samaradorligini oshirish yili” deb e’lon qilindi. Davlatimiz rahbari topshiriqlariga muvofiq, “Bir kanal — bir tizim” tamoyili asosida 13 kanal to‘liq zamonaviy suvni tejaydigan texnologiyalarga o‘tkaziladi, nasoslarda quyosh fotoelektrik stansiyalari qo‘llanadi. Shu bilan birgalikda, joriy yilda Agrobankning “Agrobooks” loyihasi doirasida suvni tejaydigan texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha 30 ta metodik qo‘llanmadan iborat “Suv kitob to‘plam” ishlab chiqildi va chop etildi. Joriy yilda 10 mingdan ortiq fermer o‘qitilishi va tajriba maydonlarining kengaytirilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, respublikaning 13 ta hududida “Suvchilar maktabi”da 15-20 gektarlik ilg‘or suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan tajriba maydonlari barpo etildi.
Suvchilar maktabi bu — nafaqat ta’lim maydoni, balki mamlakatimiz suv xo‘jaligidagi yangi strategik bosqichning amaliy ifodasi, fermerlarning ishonchli tayanchi va qishloq xo‘jaligining barqaror rivojlanishiga xizmat qiladigan muhim loyihadir.