O‘zbekiston | 18:50 / 02.06.2023
11105
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan “Suvchilar maktabi” loyihasi faoliyatini boshladi

29 may kuni “Agrobank” va Suv xo‘jaligi vazirligi, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti hamkorligida “Suvchilar maktabi” loyihasiga start berildi.

Foto: Agrobank

2023 yil 18 aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish masalasi muhokama qilingan edi.

"Birinchi navbatda, suvdan oqilona foydalanish madaniyatini oshirishda fermerlarni o‘qitish muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun ham bu maktabda suvdan foydalanish madaniyatini oshirish, suv tejovchi texnologiyalardan foydalanishning ilg‘or usullari bo‘yicha bilimlar beriladi. Isroil, Turkiya, Ispaniya va Xitoydan tajribali mutaxassislar ham jalb qilinadi. Shu yil yakuniga qadar, Respublikaning har bir hududida Suvchilar maktabi tashkil etish rejalashtirilgan", - deya ta’kidladi "Agrobank" ATB Boshqaruv raisi Rustam Mamatqulov.

Yangi loyihada o‘quv kurslari fermer-dehqonlarimizning vaqtini tejash uchun ularning oldida tashkillashtiriladi. 5 ta maxsus mikroavtobuslarda 5 ta guruhdan iborat professor-o‘qituvchilar borib ularga bilim va amaliyotni integratsiya qilgan holda o‘qitishadi. Ushbu o‘quv kurslari 5 oy davomida 155 ta tumanda o‘tkaziladi. Kurslar yurtimizdagi 60 mingdan ziyod fermerlarni to‘liq qamrab oladi. Bunga 50 ga yaqin mahalliy va xorijlik mutaxassislar jalb qilingan.

Buning uchun sohaning tajribali mutaxassislarini jalb qilgan holda maxsus handbook ishlab chiqildi.

O‘quv mavzularida:

- Suvni tejovchi texnologiyalar turlari, afzalliklari va ularning samaradorligi;

- Xorijiy tajriba. Zamonaviy sug‘orish tizimining ahamiyati va suvdan foydalanish madaniyati;

- Iqtisodiy va huquqiy savodxonlik: subsidiya, kafilliklar, soliq imtiyozlari va bank kreditlari;

- Tuproqning suv xossalari va nam saqlovchi texnologiyalarini o‘rganish (amaliy);

- Xorijiy tajriba. Zamonaviy sug‘orish tizimlarini qurish, ishga tushirish va ishlatish tartibi yoritib beriladi.

Suv xo‘jaligini isloh qilish borasida Isroil, Turkiya, Ispaniya va Xitoydan tajribali mutaxassislar jalb qilinib boriladi. Ilmiy salohiyatni oshirish, suv xo‘jaligi sohasida ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Agrobank” tomonidan birinchi bosqichda 10 mlrd. so‘m grant ajratiladi.

"Ushbu maktabni tashkil etishdan maqsad qishloq xo‘jaligi sohasi vakillariga suvdan samarali foydalanish orqali yuqori hosildorlikka erishishni o‘rgatishdir. Bunda innovatsion texnologiyalar, rivojlangan xorijiy mamlakatlar amaliyotiga joriy etilayotgan yangi tajribalar orqali maktab a’zolari faoliyati takomillashtirib boriladi", - deydi Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamrayev.

Respublikamizda o‘tgan davrda qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish uchun 5 trln so‘m kredit ajratilgan bo‘lib, mablag‘lar hisobiga 1 mln gektarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilindi.

Shuningdek, joylarda o‘quvlarni tashkil qilish uchun 5 ta sayyor guruhlar tashkil etildi:

1-guruh: Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlari;

2-guruh: Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari;

3-guruh: Samarqand, Navoiy va Buxoro viloyatlari;

4-guruh: Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari;

5-guruh: Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati.

Maktab bilan bog‘liq barcha xarajatlar “Agrobank” tomonidan moliyalashtiriladi.

Dastlabki bosqich uchun 26 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan.

Kelajakda, ya’ni shu yil yakuniga qadar respublikaning har bir hududida “Suvchilar maktabi” tashkil etish rejalashtirilgan.

2024-2030 yillarda 45 mingdan ortiq (har yili 6500 nafar) fermer xo‘jaliklarini sertifikatlash bo‘yicha 1 haftalik o‘quv kurslari va “Suvchilar maktabi” platformasi tashkil etiladi.

Mavzuga oid