O‘zbekiston | 17:49 / 23.08.2025
6909
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Turkmaniston to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni tiklamoqchi

O‘zbekiston va Turkmaniston to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni tiklash bo‘yicha kelishib oldi, deya ma’lum qildi O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov.

Turkmenistan Airlines

U bu haqda O‘zbekiston prezidentining Turkmanistonga amaliy tashrifi yakunlari bo‘yicha bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Bugungi kunda Turkmanistondan to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarimiz mavjud emas. Bugun biz hujjatga qo‘l qo‘ydik: barcha jozibador taraflarini ko‘rsatgan holda, qisqa kunlarda ikki tomonlama to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni boshlashga imkoniyat yaratilyapti”, – dedi vazir.

O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar 2013 yil may oyida to‘xtatilgan, manbalarda bunga yo‘nalishning daromadli emasliligi sabab bo‘lgani aytiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 22 avgust kuni Turkmanistonga bordi. Bu yerda rasmiy Ashxobod bilan ikki tomonlama muzokaralar, shuningdek, O‘zbekiston, Turkmaniston va Ozarboyjon rahbarlarining uch tomonlama sammiti bo‘lib o‘tdi.

Yetakchilar huzurida transport va logistika, kemasozlik va fuqaro aviatsiyasi sohalarida hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar va boshqa hujjatlar imzolandi. Xususan, O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov va “Turkman havo yo‘llari” (Turkmenistan Airlines) raisi Dovran Saburov fuqarolik aviatsiyasi sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bayonnomani imzoladi.

Mahkamovning so‘zlariga ko‘ra, O‘rta koridordagi yuk tashuvlarini rivojlantirish uchun O‘zbekiston Kaspiy dengizida o‘z paromlariga ega bo‘lishni xohlamoqda.

“Turkmanistonda ham, Ozarboyjonda ham kemasozlik zavodlari bor. Biz paromlarni ishlab chiqaruvchilardan olish uchun barcha texnik va tijoriy masalalarni kelishib olishimiz mumkin, shunga sharoit yaratildi”, – dedi hukumat a’zosi.

Mavzuga oid