O‘zbekiston | 14:56 / 28.08.2025
2115
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Pokiston harbiy hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildi

O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokiston Qurolli kuchlari shtablar boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi general Sahir Shamshad Mirza bilan uchrashdi.

Foto: "Dunyo" AA

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish, harbiy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, yuzaga kelayotgan tahdidlarni birgalikda bartaraf etish mexanizmlari muhokama qilindi.

General ikki tomonlama hamkorlikni barcha yo‘nalishlarda kengaytirish zarurligini alohida qayd etdi. U umumiy tarix, din, madaniyat va an’analar ikki qardosh xalq o‘rtasidagi ishonch va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashning muhim omili ekanini ta’kidladi.

Sahir Shamshad Mirza, shuningdek, Transafg‘on temiryo‘lini barpo etish loyihasiga alohida to‘xtalib, mazkur strategik loyiha Janubiy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini aytib o‘tdi.

 – Kobul shahrida Transafg‘on temiryo‘li qurilishining texnik-iqtisodiy asoslarini moliyalashtirish bo‘yicha imzolangan uch tomonlama hadli bitimni olqishlayman, – dedi u. – Pokiston tomoni O‘zbekiston rahbariyatining bu yo‘nalishdagi tashabbuslarini kelgusida ham faol qo‘llab-quvvatlaydi.

Muloqot davomida ikki davlat o‘rtasidagi gumanitar va iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga e’tibor qaratildi. Toshkentdan Islomobod va Lahorga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgani ikki xalq o‘rtasidagi yaqinlashuvning yaqqol misoli sifatida qayd etildi.

Iqtisodiy hamkorlik masalalariga to‘xtalar ekan, general O‘zbekiston va Pokiston rahbarlari tomonidan savdo aylanmasini 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha qo‘yilgan vazifani samarali bajarish uchun ko‘maklashishga tayyorligini tasdiqladi.

Tomonlar 2025 yilga mo‘ljallangan qo‘shma reja muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini qayd etdi, kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlik doirasida ofitserlar uchun maxsus o‘quv kurslarini tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida Pokiston tomoni O‘zbekiston bilan harbiy, harbiy sanoat, harbiy ta’lim, mintaqaviy xavfsizlik va Transafg‘on temiryo‘li loyihasini ilgari surish bo‘yicha keng qamrovli maslahatlashuvlarni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

Mavzuga oid