Jahon | 18:37 / 29.08.2025
8637
7 daqiqa o‘qiladi

«Eng katta strategik xato». AQSh va Hindiston munosabatlari nega keskinlashyapti?

Trampning hind mahsulotlariga kiritgan yangi tariflari XXI asr boshidan buyon strategik hamkor bo‘lib kelayotgan ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarga jiddiy zarba berdi. Hindiston AQSh uchun Xitoyning Osiyodagi hukmronligining oldini olish va mintaqadagi Amerika manfaatlarini himoya qilishning kaliti sifatida ko‘rib kelinayotgandi. Nega munosabatlar birdan sovuqlashib ketdi?

Foto: Reuters

27 avgust kuni AQSh prezidenti Donald Trampning Hindistondan import qilinadigan mahsulotlarga tariflarni ikki baravar oshirib, 50 foizgacha yetkazish qarori kuchga kirdi. Hindistonning Rossiya neftini xarid qilgani uchun joriy etilgan 25 foizlik jarima tarifi Trampning avvalgi 25 foizlik tarifiga qo‘shildi. Natijada kiyim-kechak, qimmatbaho toshlar va zargarlik buyumlari, oyoq kiyim, sport anjomlari, mebel va kimyo mahsulotlari kabi tovarlarga umumiy bojlar 50 foizgacha ko‘tarildi.

Amerikalik siyosiy tahlilchi Farid Zakariya Washington Post’da e’lon qilgan maqolasida AQShning Hindiston bilan munosabatlaridagi o‘zgarishlar va uning ta’sirini tahlil qildi.  

Qo‘shma Shtatlar ko‘pincha xalqaro aloqalarda qisqa muddatli yo‘nalishga intilishi, yo‘lini tez-tez o‘zgartirgani uchun tanqid qilinadi. Aslida esa muhim masalalarda Vashington o‘z tashqi siyosatida juda ham izchil ish olib boradi. Xususan, Hindiston bilan strategik munosabatlarning o‘rnatilishi Klinton ma’muriyati davrida boshlangan va keyingi 25 yil davomida faqat ijobiy tomonga o‘zgarib kelayotgandi. Donald Trampning kutilmagan va tushunarsiz tarzda Hindistonga nisbatan dushmanlarcha munosabati oldingi besh ma’muriyat, hatto o‘zining birinchi prezidentlik davrida ham davom ettirilgan siyosatga teskari bo‘la boshladi. Zakariyaning ta’kidlashicha, agar shu kayfiyat saqlanib qolsa, bu Trampning prezidentligi davridagi eng katta strategik xatoga aylanishi mumkin.

Sovuq urush tugagach, Qo‘shma Shtatlar Hindiston bilan munosabatlarini barqarorlashtira boshladi. Prezident Bil Klintonning 2000 yildagi tashrifi yangi aloqalar uchun poydevor bo‘ldi. Ammo bu boradagi haqiqiy burilish Jorj Bush davrida yuz berdi. Uning ma’muriyati tobora rivojlanib borayotgan Xitoy xalqaro tizimni o‘zgartirayotganini anglab yetdi va rasmiy Pekinga qarshi teng vazn bosa oladigan davlat aynan Hindiston ekanini tan oldi. Vashington bilan Nyu-Dehli o‘rtasidagi yaqin munosabatlar Xitoyning Osiyodagi hukmronligining oldini olish va mintaqadagi Amerika manfaatlarini himoya qilishning kaliti sifatida qaraldi.

Bunday hamkorlikka katta to‘siq mavjud edi: Hindistonning yadroviy dasturi. AQSh yadroviy sinovlar o‘tkazgani uchun Nyu-Dehliga sanksiyalar joriy qilgandi. Ammo Bush ma’muriyati siyosiy niqtayi nazarni o‘zgartirdi va Hindistonni ham boshqa buyuk davlatlar – Fransiya, Britaniya yoki Xitoy bilan bir qatorda ko‘rishga qaror qiladi hamda tarixiy yadroviy kelishuvni taklif qiladi. Bu ikki mamlakat munosabatlarida burilish nuqtasiga aylanadi. 

Shundan so‘ng Vashington va Nyu-Dehli ko‘plab yo‘nalishlarda o‘zaro yaqinlashadi. Obama ma’muriyati Hindistonning BMT Xavfsizlik Kengashi doimiy a’zoligiga nomzodini qo‘llab-quvvatlaydi va ikki mamlakat o‘rtasidagi savdoni keskin oshiradi. Trampning birinchi ma’muriyati davrida ham siyosiy jihatdan yana bir oldinga qadam qo‘yiladi. U Qo‘shma Shtatlar, Avstraliya, Yaponiya va Hindistondan iborat mudofaaga yo‘naltirilgan guruh — QUAD’ni kuchaytiradi. Jo Bayden davrida mudofaa va iqtisodiy aloqalarda yanada kengroq hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Shu tariqa Hindiston Qo‘shma Shtatlar bilan hamkorlikda jangovar samolyotlardan tortib kompyuter chiplarigacha ko‘plab mahsulotlarni ishlab chiqarishni rejalashtira boshlaydi. Xususan, joriy yilning ikkinchi choragida Hindiston AQSh bozoriga Xitoydan ko‘ra ko‘proq smartfon eksport qilgan. 

Hindiston G‘arb tomonidan mustamlaka qilingan va ularning hukmronligi ostida bo‘lgan, Britaniya mamlakatni ikki asr boshqaradi. Mustaqillikka erishgach, Sovet Ittifoqi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi, Amerika esa uning raqib qo‘shnisi – Pokistonga pul va qurol beradi. Katta, xilma-xil va murakkab demokratiya sifatida Hindiston har doim e’tibor markazida bo‘lib kelgan. Shu jihatdan asr boshlarida Vashington asta-sekin Nyu-Dehli bilan yaqinlashdi va ikki mamlakat manfaatlari hamda harakatlari tobora uyg‘unlasha boshlaydi.

Trampning ikkinchi muddat prezidentlikka kelishi vaziyatni tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin. U Hindiston iqtisodiyotini «o‘lik» deb atadi. Aslida esa, Nyu-Dehli bir necha yildan beri dunyodagi eng tez o‘sayotgan yirik iqtisodiyot bo‘lib kelyapti va hozirda yalpi ichki mahsulot hajmi bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinda. 2028 yilgacha bu borada Germaniyani ham ortda qoldirib, AQSh va Xitoydan keyin uchinchi o‘ringa chiqishi kutilyapti. Shuningdek, Hindiston dunyoda eng ko‘p qurol import qiladigan va eng ko‘p smartfon foydalanuvchilariga ega ikkinchi mamlakatdir.

Hindiston uzoq vaqt davomida har qanday ittifoqlardan tashqarida bo‘lishni istab keldi. Modi davrida «ko‘p yo‘nalishli ittifoqlilik» deb ataladigan variant qabul qilindi. Bu nazariy jihatdan mamlakatga barcha tomonlar bilan yaxshi munosabatlarni saqlash imkonini beradi. Ammo Amerikaga bog‘liqlikning ortib borishi va Xitoyning kutilganidan tez rivojlanayotgani bu pozitsiyani yemirib bordi va natijada Hindiston tobora AQShga bog‘lanib borayotgandi. Endi esa hammasi boshqa tomonga o‘zgarib ketishi mumkin.

Yangi tariflarning Hindistonga ta’siri

Yangi tariflar Hindistondagi minglab kichik eksportchilar va ish o‘rinlariga xavf solyapti. Mamlakat Savdo vazirligi hozircha yangi ishga tushgan bojlar bo‘yicha izoh bermadi. Biroq vazirlik rasmiysining anonimlik sharti bilan aytishicha, tariflardan zarar ko‘rgan eksportchilar moliyaviy yordam oladi va Xitoy, Lotin Amerikasi hamda Yaqin Sharq kabi yangi bozorlarni o‘rganish boshlanadi.

Tahlilchilarga ko‘ra, tariflarning zarbasi og‘ir bo‘lsa-da, agar Nyu-Dehli iqtisodiyotni yanada isloh qilib, proteksion siyosatdan voz kechsa va Vashington bilan inqirozni hal qilishga intilsa, vaziyat yaxshilanishi mumkin.

Hindiston hukumati AQSh bojlari to‘g‘ridan to‘g‘ri va qisman ta’sir qilgan eksport hajmini 48,2 milliard dollarga baholadi. Global Trade Research tahliliy markazi Qo‘shma Shtatlarda hind tovarlariga buyurtmalar 90 foizgacha qisqarishini bashorat qilishyapti.

2024 yilda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 129 milliard dollarni tashkil etgan. Agar savdo shartlari o‘zgarmasa, bu miqdor sezilarli darajada qisqarishi mumkin.

Vashington Hindistonning Rossiya neftini xarid qilishi Moskvaga Ukrainadagi urushni moliyalashtirishga yordam beradi, deya hisoblaydi. Hindiston esa bu ayblovni «ikkiyuzlamachilik» deb atab, AQSh va Yevropaning Rossiya bilan davom etayotgan savdo aloqalariga ishora qilmoqda.

Mavzuga oid