Jamiyat | 10:31 / 02.09.2025
27361
5 daqiqa o‘qiladi

“150 ming so‘m uchun urdi” – Navoiyda mehmonxona eshik og‘asi kaltaklandi

Navoiy shahridagi Tinchlik Plaza mehmonxonasida eshik og‘asi bo‘lib ishlovchi 21 yoshli yigit mijoz tomonidan kaltaklandi. Holat yarim tunda, mehmonxona hovlisida “PREZIDENT SOVG’ASI” deb yozilgan mashina oldida sodir bo‘lgan. Ushbu mashina paralimpiada chempioni Elbek Sultonovga tegishli ekani ma’lum bo‘ldi. Eshik og‘asini sportchi bilan birga kelgan shaxs urgan.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Navoiy shahridagi Tinchlik Plaza mehmonxonasi xodimi mijoz tomonidan kaltaklandi. Kun.uz’ga ushbu holat aks etgan videolavha kelib tushdi.

Videolavhada ko‘rinishicha, janjal 21 avgust kuni yarim tunda mehmonxona hovlisida, “PREZIDENT SOVG’ASI” deb yozilgan mashina oldida sodir bo‘lgan. Mehmonxona xodimi, 2004 yilda tug‘ilgan M.U. mijoz bilan suhbatlashib turgan, ularning oldiga mashinadan paralimpiada chempioni Elbek Sultonov tushib kelgan. Shunda boyagi shaxs kutilmaganda M.U.ning yuz qismiga zarba bergan. Yigit zarba kuchidan yerga yiqilib qolgan.

Kun.uz M.U. bilan suhbatlashdi. Uning ta’kidlashicha, janjalga 150 ming so‘m pul sabab bo‘lgan.

Mehmonxonada eshik og‘asi bo‘lib ishlayman. O‘sha kuni sportchi Elbek Sultonov va uning sherigi, keyinchalik bilishimcha Sardor ismli yigit restoranga mijoz sifatida kelishgandi. Ular chiqishayotganda ofitsiant menga “Bularga kassa ko‘rsatib yuboring, 150 ming so‘m to‘lovlari bor”, dedi. Ular tashqariga chiqishdi, ketidan chiqdim. Hozir bank kartasiga tashlab beramiz dedi, kutib turdim, ammo ofitsiant chiqavermadi. Shunda ular ketamizga tushishdi. Ofisiant chiqib, orani ochmaguncha kutib turishim kerak edi. Janjal shundan chiqdi. Sardor kutilmaganda urib tashladi”, deydi yigit.

M.U.ning qo‘shimcha qilishicha, u qariyb 10 kunga yaqin shifoxonada yotib, davolangan. Biroq ushbu davrda urgan yigit kelib kechirim so‘ramagan. Holat aks etgan video tarmoqlarda tarqala boshlagach, shuningdek, olib borilayotgan tergov harakatlari ortidan zo‘ravon M.U.ning uyiga borib, ota-onasidan kechirim so‘ragan.

Mehmonxonada birga ishlaydigan yigitlar tez yordamga xabar berishgan. Tez yordan kelgunicha urgan shaxslar qochib ketgan. M.U.ning esa ahvoli og‘irlashgan. Hasan ismli hamkasbi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Navoiy filialiga olib borgan. Navbatchi shifokor 1-2 ta dori-darmon qilib, jo‘natib yuborgan. Ertasi kuni yana ahvoli og‘irlashgan va ota-onasi qayta Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Navoiy filialiga olib borgan. U yerda neyroxirurg ko‘rib, IIBga xabar bergan. Bu orada urgan yigitning sherigi, ya’ni sportchi kelib, shifokor bilan gaplashib ketgan. M.U. dushanba kuni “Bo‘yin yumshoq to‘qimalari lat yeyishi. Asteno-nevrotik sindrom” tashxisi bilan chiqarib yuborilgan. Juma kuni yana qayta kasalxonaga yotqizildi. Bosh miyasini MRT qilib, tekshirib ko‘rdik, unda yaqqol bosh miya chayqalish holati bor edi”, deydi M.U.ning qarindoshlaridan biri.

Navoiy IIB axborot xizmati rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, Karmana tumanida yashovchi 1994 yilda tug‘ilgan S.A. o‘z tanishlari bilan restoranga ovqatlanishga borgan.

“Fuqaro S.A. to‘lovni amalga oshirgan va yetmay qolgan ma’lum miqdordagi pul mablag‘ini mashinadan olib berish uchun tashqariga chiqqan vaqtida restoranda ishlovchi M.U. uning oldiga borib, qolgan to‘lov pulini ham amalga oshirishini so‘ragan. Spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lgan S.A. o‘zaro og‘zaki tortishib qolib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, o‘ziga oldindan tanish bo‘lmagan fuqaro M.U.ni hech bir sabablarsiz qo‘li bilan yuz sohasiga urib, tan jarohati yetkazgan”, deyiladi IIB ma’lumotida.

Surishtiruvlar davomida S.A. restoranga sportchi Elbek Sultonov bilan birga uning mashinasida borgani, o‘zaro tortishuv kelib chiqqan jarayonda sportchi mashinada bo‘lgani va holatga keyinchalik aralashib, S.A.ni tinchlantirishga harakat qilgani aniqlangan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid