Avto | 13:38 / 04.09.2025
12797
3 daqiqa o‘qiladi

Bosh vazir o‘rinbosari avtomobillar narxini “tartibga solish”ni buyurdi

Jamshid Xo‘jayev Piskent avtopoligonidagi tekshiruvlarni bekor qilish haqida topshiriq berarkan, Raqobat qo‘mitasi zimmasiga vazifa yukladi: unga ko‘ra, qo‘mita 1 oy muddat ichida mahalliy ishlab chiqaruvchilar, rasmiy va norasmiy dilerlardagi avtomobil narxlarini o‘rganib, narxlarni “maqbullashtirish va tartibga solish” bo‘yicha takliflar ishlab chiqishi kerak.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda import qilingan avtomobillarni Piskentdagi avtopoligonda sinovdan o‘tkazish amaliyoti Prezident administratsiyasining topshirig‘i asosida bekor qilingani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Jahon savdo tashkiloti bo‘yicha idoralararo komissiyaning 2 sentabr kungi yig‘ilish bayonida keltirib o‘tilgan. Ushbu protokoldan avtomobil narxlarini “maqbullashtirish va tartibga solish” bo‘yicha topshiriq ham o‘rin olgan.

Bosh vazir o‘rinbosari, komissiya raisi Jamshid Xo‘jayev imzolagan yig‘ilish bayonini autodeklarant Telegram-kanali e’lon qildi. Hujjat haqida rasmiy manbalarda ma’lumot uchramaydi.

Protokolda keltirilishicha, xorijiy va mahalliy avtomobil ishlab chiqaruvchilarning rasmiy dilerlari soni 2020 yilda 3 ta bo‘lgan, hozirga kelib 21 taga yetgan. Turi ma’qullangan modellar soni esa 15 tadan 101 taga oshgan.

Rasmiylarga ko‘ra, 2024 yil 1 noyabrdan boshlab Piskent avtopoligonida reglamentda belgilangan 2 ta majburiy ko‘rsatkich bo‘yicha sinovlarni amalga oshirish amaliyoti orqali rasmiy sotuvlar sonida keskin o‘zgarish bo‘lmagan.

Aksincha, 2024 yilga nisbatan joriy yil birinchi yarim yilligida jismoniy shaxslar tomonidan olib kirilgan yengil avtotransport vositalari soni 2693 taga ko‘paygan.

Qayd etilishicha, infratuzilma yetishmovchiligi sabab Piskent avtopoligonida uzun navbatlar (1 oydan 3 oygacha) hosil bo‘lgan, bu esa aholining keng e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

JST bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya qarori bilan:

  • yuridik shaxslarga muomalaga chiqarish uchun transport vositasining turini ma’qullash hujjatining amal qilish muddati 3 yildan 5 yilga uzaytirildi;
  • 2025 yil 2 sentabrdan boshlab, shaxsiy ehtiyoj uchun import qilinadigan bir dona avtotransport vositasini “elektromagnit moslashuvchanlik” va “haydovchi hamda yo‘lovchi xonasidagi havoga ajraladigan zaharli moddalar” ko‘rsatkichlari bo‘yicha sinovlarni o‘tkazish talabi bekor qilindi.

Shuningdek, yig‘ilish qaroriga binoan:

  • Texnik jihatdan tartibga solish agentligi muvofiqlikni baholash markazlarini tashkil etishga xususiy sektorni keng jalb etish va akkreditatsiya tizimini takomillashtirish yuzasidan Prezident administratsiyasiga 2025 yil 1 oktyabrga qadar aniq takliflar kiritishi kerak;
  • Raqobat qo‘mitasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi mahalliy ishlab chiqaruvchilar, rasmiy va norasmiy dilerlar o‘rtasida avtotransport vositalarining narxlaridagi tafovutlarni tahlildan o‘tkazib, narxlarni maqbullashtirish va tartibga solish bo‘yicha choralar yuzasidan 1 oy muddatda Prezident administratsiyasiga aniq takliflar kiritishi zarur.

Eslatib o‘tamiz, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi Piskentdagi avtopoligonda sinovlarning to‘xtalishini rasmiy dilerlar soni keskin oshgani bilan izohlagan edi.

Mavzuga oid