Jahon | 16:35 / 21.09.2025
22967
7 daqiqa o‘qiladi

Dmitriy Kozak iste’foga chiqdi. U boshidan Putinning safdoshi bo‘lgan

Kozak Putin bilan 1990-yillarning boshidan buyon tanish bo‘lib, u Putinning atrofidagilar orasida Ukrainadagi urushga qarshi bo‘lgan yagona shaxs edi.

Foto: kremlin.ru

Rossiya prezidenti administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Dmitriy Kozak iste’foga chiqdi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Vladimir Putin hokimiyatga kelganidan beri uning jamoasida bo‘lgan Kozak Ukrainadagi urushga qarshi chiqqan, garchi buni yashirincha qilgan bo‘lsa ham.

Payshanba kuni kechqurun Rossiya prezidenti Vladimir Putin Kozakni lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bundan oldin Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kozak o‘z ixtiyori bilan ketayotganini aytgandi.

Bir kun avval bir necha nashrlar, jumladan, RBK va Forbes manbalarga tayanib, Kozak o‘z lavozimini tark etayotgani haqida xabar bergan edi.

RBK manbalariga ko‘ra, Kozak biznesga o‘tish bo‘yicha turli takliflarni ko‘rib chiqmoqda, bu sobiq yuqori martabali amaldorlar uchun odatiy holdir.

«Interfaks» manbalaridan birining ta’kidlashicha, Kozak nomzodi prezidentning Shimoli-g‘arbiy federal okrugdagi ishonchli vakili lavozimiga ko‘rib chiqilmoqda.

Bu lavozimda ishlab kelgan Aleksandr Gutsan Igor Krasnov o‘rniga bosh prokuror lavozimiga o‘tishi mumkin (amaldagi bosh prokuror Krasnov Rossiya Oliy sudi raisi lavozimiga o‘tmoqda).

Kozak Vladimir Putinning uzoq yillik safdoshlaridan biri bo‘lib, yigirma yil davomida Kreml va Rossiya hukumatida muhim lavozimlarni egallab kelgan.

U 1990-yillar boshida Anatoliy Sobchak davrida Peterburg meriyasida Putin bilan birga ishlagan. Sobchak 1996 yilgi saylovlarda mag‘lubiyatga uchragach, Putin Moskvaga jo‘nab ketgan, Kozak esa 1998 yilgacha Smolniyda ishlashda davom etgan.

1999 yilda Putin Rossiya hukumati raisi etib tayinlangach, Kozak ham Moskvaga ko‘chib o‘tadi va ko‘p o‘tmay vazirlar mahkamasi apparatini boshqara boshladi. 2000 yilda Putin Rossiya prezidenti lavozimiga kirishganida esa Kozak uning ma’muriyati rahbari o‘rinbosari bo‘ladi.

Putin va Kozak 2003 yilda

Keyinroq Kozak Janubiy federal okrugda prezidentning ishonchli vakili (va Shimoliy Kavkaz respublikalarida mojaroli vaziyatlarni hal qilishda ishtirok etgan), shuningdek, mintaqaviy rivojlanish vaziri hamda bosh vazir o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan, shu jumladan Sochi Olimpiadasiga tayyorgarlik ko‘rish ishlariga rahbarlik qilgan.

U prezident ma’muriyatiga 2020 yilda Anton Vayno o‘rniga rahbar o‘rinbosari lavozimida qaytgandi.

Kozak, shuningdek, chegara hamkorligi va xorijiy davlatlar bilan mintaqalararo va madaniy aloqalar bo‘yicha boshqarmalar faoliyatiga rahbarlik qilgan, shuningdek, Ukrainadagi mojaroni «normand formati»da (Rossiya, Ukraina, Germaniya, Fransiya) hal qilish bo‘yicha muzokaralarda Rossiya vakili bo‘lgan.

Shu yilning avgust oyi oxirida Kremlda Kozak mas’ul bo‘lgan ikki boshqarma ham (xorijiy davlatlar bilan mintaqalararo va madaniy aloqalar hamda chegaraviy hamkorlik bo‘yicha boshqarmalar) tugatilgandi. Ularning o‘rniga prezident ma’muriyati rahbarining birinchi o‘rinbosari Sergey Kiriyenko kuratori bo‘lgan strategik sheriklik va hamkorlik boshqarmasi tashkil etildi.

OAV yozganidek, Ukrainaning Kirovograd oblastida tug‘ilgan Kozak Putin atrofidagi Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini qo‘llab-quvvatlamagan deyarli yagona yuqori martabali mulozim edi.

Xususan, Forbes manbasi Kozak 2022 yilda, «maxsus harbiy amaliyot» boshlanganidan keyin prezident ma’muriyatidan ketishga tayyor bo‘lganini aytgandi.

Reuters manbalari ta’kidlashicha, 2022 yil 21 fevralda Kozak Xavfsizlik kengashi yig‘ilishining OAV uchun yopiq qismida Ukrainada harbiy harakatlar boshlanishiga qarshi chiqqan yagona mulozim bo‘lgandi. U bunday qarorning mamlakat uchun salbiy oqibatlariga ishora qilgan, biroq uning 40 daqiqalik nutqi rasmiy stenogrammaga kiritilmagan.

24 fevraldan keyin esa Kiyev bilan muzokaralar olib borgan va Moskva uchun prinsipial masalalar (masalan, NATOga qo‘shilishdan bosh tortish) bo‘yicha bir qator yon berishlarga erishgan. Biroq, Rossiya prezidenti oxir-oqibat kelishuvni rad etadi va urushni davom ettirishni talab qiladi, deb yozgandi agentlik 2022 yil avgust oyida.

Gretsiya Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Spiros Kapralos Olimpiya mash’alini RF hukumati raisi o‘rinbosari Dmitriy Kozakka topshirmoqda. Afina, 2013 yil 5 oktyabr. Michalis Karagiannis / Getty Images

U keyingi yillarda ham Vladimir Putinga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilib, Rossiyada turli islohotlar, jumladan, sud-huquq islohotlarini o‘tkazishni taklif qilgan, biroq uning barcha tashabbuslari e’tiborsiz qoldirilgan.

Kozak Ukrainadagi harbiy harakatlarga ochiqchasiga qarshi chiqqani haqida 2025 yil avgust oyida New York Times ham yozgan edi. Gazeta manbalariga ko‘ra, u shu yil Putinga o‘t ochishni to‘xtatish va tinchlik muzokaralarini o‘tkazish bo‘yicha yana bir taklif bilan chiqqan.

Oxir-oqibat, Kozakning Ukrainadagi urushga munosabati, aftidan, uning «Putinning hafsalasini pir qilishi»ga va prezidentga ta’sirini yo‘qotishiga va amalda barcha vakolatlaridan mahrum bo‘lishiga olib keldi – u deyarli omma oldida ko‘rinmay qo‘ydi va «aslida hech narsaga mas’ul emas», deb yozgandi New York Times.

Shu bilan birga, gazetaning bir necha manbalariga ko‘ra, Kozak «Putin bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa bog‘lash imkoniyatini saqlab qolgan», chunki Rossiya prezidenti «uzoq yillik hamkasblariga shaxsiy sadoqati» bilan ajralib turadi.

BBC rus xizmati manbalari 2022 yil bahoridayoq Kozakning amalda «g‘azabga yo‘liqqani» haqida gapirgan edi.

«Kozak byurokrat sifatida «normand formati»dagi ishlarni, Minsk kelishuvlarini bajarish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirish tarafdori edi. U yana vaqt kerak, shunda qandaydir muvaffaqiyatga erishish mumkin, deb hisoblardi. Ammo bu vaqtga kelib, Papa allaqachon boshqacha kayfiyatda edi», – degandi BBC suhbatdoshlaridan biri. Ko‘plab rossiyalik amaldorlar Vladimir Putinni «Papa» deb ataydi.

Manbalar ta’kidlashicha, 2022 yilda Kozak mas’ul bo‘lgan yo‘nalishlardan Ukraina chiqarib tashlangan, shuningdek, Dnestrbo‘yini nazorat qilish ham de-fakto xavfsizlik kuchlariga topshirilgandi.

Kozakning o‘zi ham shu vaqtgacha omma oldida chiqishlar qilishdan tiyilib keldi. U Kremldan ketishi haqida ham izoh bermadi.

Mavzuga oid