Iqtisodiyot | 12:06 / 23.09.2025
10680
3 daqiqa o‘qiladi

Oltin quymalar narxi yangi tarixiy maksimumni qayd etdi

O‘zbekiston bozorida oltin quymalar narxi 1 gramm uchun 1 mln 521 ming so‘mga yetdi. 2025 yil boshidan beri narx oshishi 34,4 foizni tashkil etyapti. Jahon bozorida ham oltin bahosi sezilarli darajada qimmatlab, 1 unsiyasi uchun 3754 dollarga yetgan. AQSh Federal zaxira tizimi o‘tgan haftada foiz stavkalarini 4−4,25 foizgacha pasaytirgani fonida qimmatbaho metallarga bo‘lgan qiziqish ortib boryapti.

Foto: Markaziy bank

Markaziy bank doimiy ravishda o‘lchovli oltin quymalarining narxlarini yangilab boradi. 23 sentabrda e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, 5 grammli oltin quymasining narxi 7 mln 609 ming so‘mni tashkil qildi. Quymalar narxi 1 gramm uchun 1 mln 521 ming so‘mga baholanyapti.

Kun.uz hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025 yil boshidan beri oltin quymalar qariyb 34,4 foizga qimmatlagan. Yanvarda 5,66 mln so‘m bo‘lgan 5 grammlik quymaning qiymati sentabr oyiga kelib 7,6 mln so‘mga yetdi. O‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda esa narx oshishi 37,2 foizni tashkil etgan.

23 sentabr holatiga ko‘ra, oltin quymalari narxlari quyidagicha:

  • 5 grammli oltin quyma — 7 million 609 ming so‘m;
  • 10 grammli oltin quyma — 15 million 219 ming so‘m;
  • 20 grammli oltin quyma — 30 million 438 ming so‘m;
  • 50 grammli oltin quyma — 76 million 94 ming so‘m;
  • 100 grammli oltin quyma — 152 million 188 ming so‘m.

Mahalliy bozordagi oltin narxlari yil boshidan buyon 31 marta o‘z rekord darajasini yangiladi.

Jahon bozorida ham oltin bahosi sezilarli darajada oshib, 1 unsiyasi uchun 3754 dollarga yetgan. AQSh Federal zaxira tizimi o‘tgan haftada foiz stavkalarini 4−4,25 foizgacha pasaytirgani fonida qimmatbaho metallarga bo‘lgan qiziqish ortib boryapti.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Markaziy banki oltin va kumushdan tayyorlangan esdalik tangalarni 2018 yilda muomalaga chiqargan. 2020 yil noyabridan boshlab esa o‘zbekistonliklarda jamg‘armalarini quyma oltin shaklida saqlash imkoniyati ham paydo bo‘ldi: Markaziy bank 5, 10, 20 va 50 grammli oltin quymalarini tijorat banklari orqali sotuvga chiqardi.

Oltin quymalari narxlari xalqaro qimmatbaho metallar bozori kon’yunkturasidan kelib chiqib, Markaziy bank tomonidan kun davomida qayta ko‘rib chiqiladi. Shunga ko‘ra, narxlar doimiy o‘zgaruvchan xarakterga ega bo‘ladi.

100 grammli oltin quymalar O‘zbekistonda 2025 yil 17 yanvardan boshlab sotuvga chiqarilgan.

Mavzuga oid