Moliya | 20:20 / 26.09.2025
10713
4 daqiqa o‘qiladi

Pul tizimi. Oltin standartiga qaytish nega imkonsiz?

Jahondagi iqtisodiy beqarorlik sharoitida oltinning xavfsiz aktiv sifatidagi qadri oshyapti, markaziy banklar o‘z zaxiralarini bu qimmatbaho metall bilan to‘ldiryapti.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Tarixdan ma’lumki, pul oltin bilan ta’minlangan davrlarda inflatsiya hozirgidek katta muammo bo‘lmagan, narx-navo o‘nlab yillar o‘tsa hamki o‘sha-o‘shaligicha turavergan.

Xo‘sh, unda nega Markaziy banklar inflatsiyaga qarshi turish uchun oltin standartiga qaytish haqida o‘ylab ko‘rmaydi? Buning sabablari juda oddiy.

1. Pul massasiga cheklovlar

Agar pul oltin bilan bog‘liq bo‘lsa, mamlakat o‘z oltin zaxirasi qiymatiga teng miqdordagina pul chiqarishi mumkin bo‘ladi. Zamonaviy iqtisodiyotlarda esa inqiroz paytida (masalan, iqtisodiy tanazzul, urush yoki pandemiya chog‘ida) pul massasini samarali boshqarish uchun moslashuvchanlik kerak bo‘ladi. Oltin standarti sharoitida esa markaziy banklar qo‘shimcha oltin bo‘lmasa, yangi pul chop eta olmaydi.

2. Iqtisodiy o‘sish oltin ta’minotidan tezroq

Jahon savdosi va YaIM oltin qazib olish hajmidan ancha tez o‘sadi. Agar pul oltin bilan qattiq bog‘lab qo‘yilsa, iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun yetarli pul muomalada bo‘lmasligi mumkin. Bu esa deflyatsiyaga olib keladi: pulning qadri oshib, narxlar tushadi, xaridlar kamayadi, qarz yuki og‘irlashadi.

3. Monetar siyosat ustidan nazoratni yo‘qotish

Markaziy banklar inflatsiya, ishsizlik va iqtisodiy o‘sishni boshqarish uchun foiz stavkalari va kvantitativ yumshatish (pul chiqarish) kabi vositalardan foydalanadi. Oltin standarti bo‘lsa, ular bu imkoniyatdan mahrum bo‘ladi. Chunki pul massasi oltin zaxiralari bilan bog‘liq bo‘lib qoladi, iqtisodiy ehtiyojlar bilan emas.

4. Tashqi zarbalar qarshisida ojizlik

Agar odamlar biror davlat iqtisodiyotiga bo‘lgan ishonchini yo‘qotsa, o‘z qog‘oz pullarini oltin bilan almashtirishni talab qilishlari mumkin. Bu oltin zaxiralarini tugatib, moliyaviy tizimni beqarorlashtiradi.

5. Amaliy muammolar

Juda katta miqdordagi oltinni saqlash, qo‘riqlash va tashish qimmatga tushadi. Xalqaro savdoda oltin hisob-kitoblari doimiy ravishda amalga oshirilishi kerak bo‘ladi, bu jarayonlarni sekinlashtiradi. Valuta kurslari qat’iy bo‘lib qoladi, bu esa ayrim mamlakatlarning raqobatbardoshligini pasaytiradi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, bugun hech bir yirik iqtisodiyot oltin bilan ta’minlangan emas – valutalar fiat bo‘lib, ularning qiymati metalga emas, balki hukumat va iqtisodiyotga bo‘lgan ishonchdan kelib chiqadi. Hukumatlar oltin standartidan qochadi, chunki bu ularning qo‘lini bog‘lab qo‘yadi. Fiat pullar esa ularga ko‘proq nazorat, moslashuvchanlik va zamonaviy iqtisodiy muammolarni yechish imkonini beradi.

Mavzuga oid