Jamiyat | 18:20 / 27.09.2025
7410
6 daqiqa o‘qiladi

Bir qog‘oz bilan yo‘q qilingan taqdirlar - “Qatlnoma”

Tariximizning eng qora kunlari - 1937-1938 yillar, ya’ni qatag‘on davri ekani shubhasiz. Bu yillarda millatning eng ziyoli farzandlari yo‘q qilindi. O‘zlikni yo‘qotish uchun qanday tubanliklar bo‘lsa, barchasi amalga oshirildi. Xalqning eng sof insonlari «xalq dushmani» deb e’lon qilindi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Ulug‘larimiz orasida o‘zbek adabiyotining yulduzi, jadidchilik harakatining yirik vakili Abdulla Qodiriy ham bor edi.

Bugun «5 daqiqa»da Nabijon Boqiyning hujjatli qissasi - «Qatlnoma» haqida so‘z boradi.

Qatag‘onning qora soyasi

«Qatlnoma» - oddiy hujjatli qissa emas. Unda bir paytlar barchani qo‘rqitgan Davlat xavfsizligi qo‘mitasi seyflarida «maxfiy» deb saqlangan jinoyat ishlari, shikoyat xatlari va guvohlik ko‘rsatmalari asosida voqealar qayta tiklanadi.

Abdulla Qodiriyning o‘g‘illari - Mas’ud va Habibullaning arizalari, ularning ko‘rsatmalari va zamondosh yozuvchilarning guvohliklari orqali Qodiriy qismati ochiladi.

Har bir hujjat orqali katta haqiqat yuzaga chiqadi: Qodiriyga qo‘yilgan «millatchi», «aksilinqilobchi» degan ayblovlar mutlaqo asossiz bo‘lgani isbotlanadi.

«Qatlnoma»ning asosiy g‘oyasi - adolat va haqiqat uchun kurash. Muallif hujjatlar orqali ko‘rsatadiki, totalitar tuzum inson taqdirini bir qog‘oz bilan hal qilgan, asossiz ayblovlar bilan minglab ziyolilarni yo‘q qilgan.

Qodiriyning «aybi» esa bitta edi: u haqiqatni yozdi, xalqni uyg‘otdi, millat g‘ururini asarlarida jonlantirdi. Shuning uchun ham uni «millatchi» deb ayblab, qamadilar va oxir-oqibat otdilar.

Siz oqlovchisiz yoki... qoralovchi

Nabijon Boqiyning maqsadi - faqat Qodiriy taqdirini ochish emas, balki butun bir avlod - o‘zbek ziyolilarining yo‘qotilishiga guvoh qilishdir.

Muallif o‘quvchiga murojaat qiladi: “Kamina hujjatlarga tilmoch bo‘ldim; haqiqiy oqlovchi esa - sizsiz, aziz o‘quvchi. Lekin, qilichini yalang‘ochlab turgan hakam misoli hukm chiqarishga shoshilmang: avval yetti marta o‘lchang, birni ko‘rib fikr qiling, birni ko‘rib - zikr…”

Bu murojaat o‘quvchini tomoshabin emas, balki tarixiy jarayonning ishtirokchisiga aylantiradi.

Qo‘rquv va yolg‘on

Asarda lagerlar hayoti, odamlarning bedarak yo‘qolishi va «xalq dushmanlari» haqida tarqatilgan yolg‘on xabarlar orqali xalqning qanday aldangani haqida hikoya qilinadi.

Bir o‘rinda odamlar kechalari ham bir-birining qo‘lidan mahkam ushlab uxlardi - chunki ertalab ulardan biri bedarak yo‘qolib qolishi mumkin edi. Tasavvur qiling, xalq qo‘shtirnoq ichidagi «xalq dushmanlari»dan qo‘rqardi!

Yoki minglab odamlar mitinglarda «xalq dushmanlari»ni la’natlab imzo qo‘yib, Kremlga yuborishardi. Shu tarzda butun jamiyat yolg‘onga ishondi va haqiqiy qotillikka sherik bo‘lib qoldi.

Tarixni ko‘mib yubormoqchi bo‘lishdi

Asarda Qodiriyning hibsdan to qatlgacha bo‘lgan yo‘li ham hujjatlar asosida yoritilgan.

1937 yil 31 dekabr. Abdulla Qodiriy hibsga olinadi. Unga «millatchi», «aksilinqilobchi» degan asossiz ayblovlar qo‘yiladi.

So‘roqlarda uning har bir asari ayb sifatida qo‘yiladi. «O‘tkan kunlar»dagi milliy g‘urur, «Mehrobdan chayon»dagi adolat uchun kurash - “sho‘ro hokimiyatiga qarshi g‘oyalar” deb baholanadi.

Sud jarayoni qisqa va rasmiy o‘tadi. Qodiriy himoya imkoniyatisiz qoladi va «otuvga hukm qilinganlar» ro‘yxatiga kiritiladi.

1938 yil bahorida u Toshkent yaqinidagi maxfiy qatl maydonida otib o‘ldiriladi. Hujjatlarda aniq sana va joy ko‘rsatilmaydi. Go‘yo tarixning o‘zi barcha izlarni yo‘qotishga harakat qilgandek…

Haqiqat abadiydir

«Qatlnoma» - tarixning qora va qonli qiyofasi haqida guvohlik beradi. Haqiqatning ustini ma’lum muddat yopib qo‘yish mumkin, ammo uni butunlay yo‘qotib bo‘lmaydi.

Abdulla Qodiriyning nomi, asarlari va ruhi tirik. «O‘tkan kunlar», «Mehrobdan chayon» kabi asarlari o‘zbek xalqining ma’naviy merosi sifatida yashaydi.

«Qatlnoma» nafaqat Qodiriyning fojiali taqdiri, balki xalqning ham boshidan kechgan og‘ir kunlar haqida. U bizga doimo shuni eslatadi: jamiyat qachonki haqiqatdan yuz o‘girsa, o‘sha payt zulm va jinoyat avj oladi.

Ushbu kitobni quyidagi havola orqali yuklab olib, to‘liq audio shaklda eshitishingiz mumkin.

Isomiddin Po‘latov.