Sport | 22:25 / 30.09.2025
9400
5 daqiqa o‘qiladi

To‘daboshisi noaniq «oq bo‘rilar». Mundialga kim bilan boramiz?

O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi masalasi hamon mujmal. O‘FA hamon xorijlik (!) murabbiy izlab charchamayapti, Temur Kapadze Angliya klublarida mehmon bo‘ldi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Qolaymi ayting, ketaymi men?

Esingizda bo‘lsa, avvalroq O‘FA milliy jamoa bosh murabbiyligini Paulu Bentu va Yoaxim Lyovga taklif qilib, ulardan rad javobini olgani haqida xabarlar chiqqandi. Bentu Toshkentga keldi ham. Lekin portugaliyalik mutaxassis aftidan shunchaki poytaxtni aylangani kelgan ko‘rinadi, bo‘lmasa u bilan shartnoma imzolangani e’lon qilinardi.

Shu kunlarda O‘FA bosh murabbiylik taklifi bilan 2006 yilgi jahon chempioni, o‘sha yilgi «Oltin to‘p» sohibi Fabiu Kannavaroga ham aloqaga chiqib, rad javobi olgani haqida xabar tarqaldi. Bu haqda Romano ham yozdi. Bu ketishda O‘FAdagilar Kloppdan boshqa hamma bekor yurgan murabbiylarga aloqaga chiqib ko‘rishadi chog‘i.

Bu orada milliy jamoani jahon chempionatiga olib chiqqan murabbiy Temur Kapadze Angliyada o‘ziga xos turne o‘tkazmoqda. Uning «Manchester Siti» mashg‘ulotiga borgani, «Enfild»da yurgani aks etgan rasmlar tarqaldi. Kapadze bu klublarga shunchaki aylangani borganmi yoki ularning murabbiylaridan biror narsa o‘rganishgami, bilmadim. Lekin Urugvayga qarshi o‘rtoqlik o‘yiniga milliy jamoani Kapadze olib borishi aniq.

Aytgancha, 13 oktyabr Urugvayga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushamiz. Ya’ni milliy jamoa jahon chempionatiga tayyorgarlikning asosiy qismini boshlamoqda. Lekin hamon bizni tarixdagi ilk mundialga kim olib borishi aniq emas. Vaholanki oldida rasmiy o‘yini bo‘lmagan biz kabi jamoalar uzoq tanaffusdan foydalanib aniq reja asosida musobaqaga tayyorlanishi kerak. Tarkib shakllangan, chempionatda o‘zini ko‘rsatayotgan futbolchilar o‘rtoqlik o‘yinlarida sinovdan o‘tkazilaverishi kerak.

Aytaylik, hozir Kapadze kimlarni o‘ynatishini biladi, lekin O‘FAdagilar istayotgan xorijlik (!) kelsa, bu tarkib unga yoqmasligi mumkin. Keyin qaytadan o‘yinni shakllantirish uchun vaqt yetadimi yoki «o‘zbekchasiga» taxmin, tavakkal o‘yin o‘ynab qaytamizmi?

Futbolchilar nega jim?

O‘FA rahbariyati negadir Kapadze bilan jahon chempionatiga borishni istamay, xorijlik murabbiy izlashga tushgan deylik. Ammo yetakchi futbolchilar nega bu borada fikrini bildirmayapti? Jurnalistlar bu haqda so‘rasa, hammasi «Biz hal qilmaymiz, rahbariyat biladi», deb javob bermoqda.

Yigitlar, maydonda siz futbol o‘ynaysiz, rahbariyatning vazifasi siz va murabbiyga qulay sharoit yaratish, erta-indin jahon chempionatiga boradigan jamoaga kim murabbiylik qilishi masalasini mujmallashtirish kerak emas. Siz bu borada dangal fikringizni aytishingiz kerak, bir-biringizga emas, muxlislarga. Milliy jamoa o‘z nomi bilan millatning jamoasi, unga butun xalq muxlislik qiladi. Va mana shu xalqning aksari hozir Kapadzeni qo‘llamoqda. Ular bu borada futbolchilarning fikrini bilishni istaydi, rahbariyatnikini emas. Shaxsan men yetakchi futbolchilar Kapadzeni qo‘llab chiqishini kutgandim, lekin aftidan orada biz bilmaydigan nimadir borga o‘xshaydi.

Men doim bir savolga javob izlayman: nega milliy jamoa bosh murabbiyi kim bo‘lishini bir tashkilot hal qilishi kerak o‘zi? Bu tashkilot muxlislar fikrini, futbolchilar qarashlarini inobatga olmaydimi? Axir futboldagi hamma masala kabinetlarda hal qilinadigan davrlar o‘tdi, futbol O‘zbekistondagi eng demokratik soha, azaldan shunaqa bo‘lgan.

Mayli, murabbiyni tanlash O‘FAning istagiga bog‘liq ekan, bunga ham rozimiz deylik. Agar shunday bo‘lsa, bu tashkilot muxlislarga ichkaridagi vaziyat haqida hisobot berishi shart. Agar Kapadze qoladigan bo‘lsa, «O‘rtoqlar, siz eshitgan hamma gaplar mish-mish, mundialga Kapadze bilan boramiz», deyishsin. Yoki ularning istagi xorijlik murabbiy bo‘lsa, buni ham ochiq aytishsin: «Kapadzega qilgan xizmatlari uchun rahmat, lekin mundialga boshqa murabbiy tayinlaymiz», deyishsin. Shunda Kapadze ham boshqa ishni ko‘raveradi, klublar uni jon deb ishga chaqirishadi.

O‘FAdagilar balki O‘mon saralashni yakunlagach Keyrushni olib kelishni kutayotgandir, balki yana boshqa variant bordir. Bu haqda muxlislar bilishga haqli. Xullas, millat jamoasi taqdiriga jiddiyroq qarash kerak. Unutmang, mujmallik shubha-gumonga, mish-mishlarga yo‘l ochadi.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi — Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid