Jahon | 11:09 / 02.10.2025
19125
6 daqiqa o‘qiladi

AQSh urushga tayyorlanmoqchi. Qaysi urushga?

AQSh prezidenti va urush vaziri g‘alati yig‘ilish o‘tkazdi. Ular butun dunyodan amerikalik generallarni to‘plab, Pentagonning bundan keyingi yagona missiyasi – urushga tayyorlanish ekanini e’lon qilishdi. Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosiy sharhlovchilar Kamoliddin Rabbimov va Shuhrat Rasul Vashington nazdidagi raqiblar haqida so‘z yuritdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

AQShning bugungi e’tibori qaysi nuqtalarda: Vashingtonga qaysi davlat xavf tug‘dirishi mumkin?

Kamoliddin Rabbimov: Bugungi kunda Amerika Qo‘shma Shtatlariga bevosita harbiy tahdid qilayotgan davlat yo‘q. Potensial jihatdan tahdid qilishi mumkin bo‘lgan davlatlarning imkoniyati esa taqqoslaganda ancha zaif. Shunga qaramay, AQSh geostrateglari uzoq yillardan beri Xitoyni dunyodagi asosiy iqtisodiy, siyosiy va geosiyosiy raqib sifatida ko‘rib keladi.

10-20 yil avval Xitoyning harbiy qudrati AQShga jiddiy xavf tug‘dirmaydi, degan qarash kuchli edi. Ammo so‘nggi yillarda Xitoy jadal sur’atlarda qurollanmoqda, chunki kuch faqat iqtisodiyot yoki texnologiyadan iborat emas, demografiya va armiya salohiyati ham muhim omillardir. Hozirda Hindiston dunyodagi eng katta aholiga ega davlat bo‘lsa, undan keyin Xitoy va uchinchi o‘rinda AQSh turadi. G‘arbiy Yevropa, Yaponiya va Janubiy Koreya kabi mamlakatlarda demografik o‘sish sust yoki pasayib borayotgan bir paytda, AQSh aholisi muntazam oshib bormoqda. Bunga tug‘ilish darajasining nisbatan yuqoriligi hamda har yili Green Card dasturi orqali millionlab muhojirlarni qabul qilishi sabab bo‘lmoqda. Shu yo‘l bilan AQSh aholisi XXI asr o‘rtalariga borib 400-500 millionga yetishini rejalashtirgan. Eng muhimi, mamlakat muhojirlarni bir millat yoki konfessiyaga cheklab qo‘ymay, turli xalqlardan kelgan odamlarni o‘z jamiyatiga assimilyatsiya qiladi.

AQSh strategiyasida Xitoy masalasiga yondashuv keskin o‘zgargan. Avval Xitoyni global tizimga jalb qilish orqali hamkor sifatida ko‘rish g‘oyasi ustun edi. Ammo Xitoy demokratiyaga o‘tmay, mustaqil kuch sifatida shakllanayotgani sababli endi unga qarshi turish siyosati olib borilmoqda. Bu jarayon Obama davrida boshlangan bo‘lib, keyinchalik Tramp, Bayden va yana Trampning ikkinchi muddatida davom etyapti. Har ikki partiyadan saylangan prezidentlarning hammasi Xitoyni tizimli raqib sifatida ko‘rib, iqtisodiy va siyosiy choralar qo‘llamoqda.

Bunday sharoitda Xitoy tabiiy ravishda harbiy qudratini oshirmoqda, chunki manfaatlarini himoya qilish va global raqobatda o‘z o‘rnini mustahkamlash uchun kuchli armiyaga ega bo‘lish zarur. Shu bois AQShning keyingi strategiyasi Xitoyni yanada qat’iyroq tiyib turishga qaratilishi mumkin.

Rossiya esa alohida mavzu. 2022 yildan keyin, ya’ni Ukrainaga bostirib kirgach, AQSh uni ochiqchasiga “dushman” deb atamoqda. Ammo strategik jihatdan Rossiya resurslari Xitoynikiga nisbatan o‘n barobar zaif deb baholanadi. Shu sababdan Rossiyaning agressiv siyosati zaiflik natijasi sifatida izohlanmoqda. Xitoy esa uzoq muddatli strategiyaga ega, iqtisodiyoti va demografiyasi kuchli, resurslarga boy. Shu sababli AQSh uchun u Rossiyaga qaraganda xavfliroq strategik raqib sifatida ko‘rilmoqda.

Shuhrat Rasul: Amerikada har besh yilda xavfsizlik va harbiy doktrina qayta ko‘rib chiqiladi. Bu hujjat hokimiyatda kim bo‘lishiga qarab ham o‘zgaradi. Masalan, Trampning birinchi prezidentlik davrida doktrinaga o‘zgartirish kiritilib, asosiy dushman sifatida Rossiya emas, balki Xitoy tilga olingan edi. Avvalgi hujjatlarda esa doimiy xavf manbayi sifatida Rossiya ko‘rsatilardi. Keyinchalik Rossiya–Ukraina urushi boshlangach, Bayden davrida doktrina yangilandi va “birinchi dushman” sifatida Rossiya qayd etildi. Xitoy esa iqtisodiy va geosiyosiy jihatdaye asrsiy raqib maqomida ko‘rsatildi.

Xitoy 2035 yilgacha armiyasini qayta qurollantirish dasturini amalga oshirmoqda. Ushbu strategik maqsadga ko‘ra, Xitoy armiyasi dunyoda hech bir davlat tomonidan yengilmaydigan darajaga yetishi, hattoki AQSh bilan teng sharoitda urush olib borishi kerak. Bu, tabiiyki, AQShni jiddiy tashvishga solmoqda.

So‘nggi yillarda Xitoyning texnologik, fuqaroviy va iqtisodiy yuksalishi, ayniqsa, yuqori texnologiyalar va elektronika sohasidagi taraqqiyoti uni AQShga tobora yaqinlashtirmoqda. Tramp ham nutqida Xitoy armiyasi yaqin yillarda ikkinchigi qudratli armiyaga aylanishi mumkinligini ta’kidladi.

Boshqa kuch markazlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, Hindiston iqtisodiy jihatdan tez o‘sayotgan bo‘lsa-da, Xitoy singari uzoq muddatli qurollanish dasturiga ega emas. Shunga qaramay, u ham poygada qatnashib, beshinchi avlod samolyotlarini ishlab chiqishga yaqinlashdi, flotini kuchaytirmoqda va yangi aviatashuvchilar qurmoqda.

Yevropa Ittifoqi hozirgi harbiy budjetini oshirish orqali yaqin yillarda qudrati jihatidan AQShdan keyingi yetakchi kuchga aylanishi mumkin. Shunday qilib, kelajakda eng yirik harbiy kuchlar qatoriga AQSh, Xitoy, Yevropa Ittifoqi va Hindiston kirishi kutilmoqda. AQSh o‘z doktrinalarida hech qachon Hindistonni raqib sifatida ko‘rmagan, Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlar esa fundamental darajada savol ostiga olinmaydi. Shu tariqa, global miqyosda asosiy raqobatbardosh kuchlar baribir ikki davlat, ya’ni Rossiya va Xitoy bo‘lib qolmoqda.

Suhbatni to‘liq shaklda YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid