Jahon | 20:14 / 04.10.2025
14296
5 daqiqa o‘qiladi

“Afg‘onistonda asosiy harbiy qudrat amir Oxundzoda nazoratida” - siyosatshunos

Haqqoniy oilasi Afg‘onistonda eng qudratli harbiy-siyosiy kuchlardan biri sifatida ko‘riladi. So‘nggi paytlarda bu oila yetakchisi – ichki ishlar vaziri Sirojiddin Haqqoniy va amir Haybatulloh Oxundzoda o‘rtasida ziddiyat borligi haqida ko‘p ma’lumotlar tarqalmoqda. Kun.uz studiyasida vaziyatga Progressiv islohotlar markazi eksperti Islomxon Gaffarov baho berdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

— Ichki ishlar vaziri Sirojiddin Haqqoniy lavozimidan ozod etilib, bir viloyatga hokim qilib yuborilgani haqida tasdiqlanmagan xabarlar tarqaldi. Bu haqda nima deya olasiz?

— Haqqoniy oilasining Afg‘onistondagi o‘rni va ta’siri juda katta. 1980 yillarda Sirojiddin Haqqoniyning otasi Jaloliddin Haqqoniy mujohidlarga qo‘shilib, «Tolibon» bilan yelkama-yelka jang qilgan. Keyinchalik Amerika–Afg‘on urushi davrida ham Haqqoniy oilasi «Tolibon»ni qo‘llab-quvvatlagan, Pokiston hududida turib Qo‘shma Shtatlarga qarshi kurash olib borgan. Shu sababli oilaning nufuzi keskin ortib, «Tolibon» hukumatida eng muhim lavozimlardan biri – ichki ishlar vazirligi aynan Sirojiddin Haqqoniyga topshirildi. Hatto Haqqoniylar “Tolibon”ning o‘ng qanoti” sifatida ham tilga olinadi.

So‘nggi yillarda esa OAVda Sirojiddin Haqqoniy va «Tolibon» yetakchisi Haybatulloh Oxundzoda o‘rtasida mafkuraviy va siyosiy qarama-qarshilik borligi haqida xabarlar ko‘paydi. Ko‘pchilik Haqqoniyni pragmatik, Oxundzodani esa mafkuraviy jihatdan qat’iy inson sifatida ko‘radi. Ayni paytda, Haqqoniyning xalqaro nufuzi ham ortib bormoqda: u Saudiya Arabistoni va BAAga rasmiy tashrif buyurib, arab dunyosida obro‘yini oshirdi. AQSh esa uni ilgari terrorchi sifatida qidirayotgan va u haqdagi ma’lumot uchun 10 mln dollar mukofot e’lon qilgan bo‘lsa-da, yaqinda Federal tergov byurosi bu qarorni bekor qildi. Ya’ni endi Qo‘shma Shtatlar unga terrorchi deb qaramayapti. Uning New York Times'da ham intervyusi chiqdi. Natijada Haqqoniyning obro‘yi G‘arbda ham ortdi.

Bu esa tabiiy ravishda «Tolibon» rahbarining g‘azabini keltirishi mumkin, ular o‘zaro kelishmaydi degan ma’lumotlar juda ko‘p tarqaldi. Haqqoniy lavozimidan ozod etilgani haqida shu yil boshida ham xabarlar tarqalgandi, lekin ikki haftadan keyin u vazirlikdagi o‘rnida qolgani ma’lum bo‘ldi. Yaqinda yana shunga o‘xshash xabarlar chiqdi: go‘yoki u ichki ishlar vazirligidan olinib, Pokistonga chegaradosh Xost viloyatiga gubernator etib yuborilgan.

Nega aynan Xost viloyati, chunki Pokiston maxsus xizmatlari va hukumati bilan hamkorlik qiladigan bu oila Afg‘oniston–Pokiston o‘rtasida vositachi sifatida ko‘riladi. Oxundzoda Pokiston bilan ziddiyatda, Haqqoniy oilasi esa avvaldan Pokiston bilan yaqin munosabatda bo‘lib kelgan.

Kuni kecha afg‘on do‘stlarim bilan bu borada suhbatlashgan edim. Ularning aksariyati Haqqoniy lavozimdan ketgani haqidagi ma’lumotni rad etishdi. Ularning fikricha, Sirojiddin Haqqoniy hali ham ichki ishlar vaziri lavozimida ishlamoqda.

Bugungi kunda Afg‘onistondagi asosiy kuch markazi Qandahorda joylashgan. Sirojiddin Haqqoniy Kobulda vazir bo‘lsa ham, uning qo‘l ostida faqat avtomat kabi yengil qurollar mavjud. Asosiy qurollar – samolyot, vertolyot, tank va zirhli mashinalar esa Qandahorda, Oxundzoda qo‘lida. Shuning uchun Haqqoniy amirga qarshi bormaydi, qo‘lida yetarlicha qurol mavjud emas.

Qolaversa, hozir Afg‘oniston ichki siyosiy vaziyat keskin: Bagrom masalasi, Pokiston bilan chegaradagi to‘qnashuvlar, Eronning ko‘plab afg‘onlarni deportatsiya qilishi... Shu sharoitda «Tolibon» hukumati keskin o‘zgarishlarga bormaydi.

Sirojiddin Haqqoniyning lavozimidan ozod etilishi – yirik oilaning hokimiyatdan ketishini anglatadi, bu esa katta noroziliklarga, hatto tartibsizliklarga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois amirning bunday qadam tashlash ehtimoli past deb baholanmoqda.

Shunga qaramay, bu kabi xabarlarning paydo bo‘lishi bejiz emas. Ayrim kuchlar Afg‘onistonda ichki ziddiyatlarni qo‘zg‘atishni, «Tolibon» ichida bo‘linish yuzaga kelishini xohlamoqda. Markaziy Osiyo uchun esa Afg‘onistonda barqarorlik bo‘lishi juda muhim.

Suhbatni to‘liq YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid