Iqtisodiyot | 14:55 / 04.10.2025
8306
4 daqiqa o‘qiladi

Nasiya savdo bozorini tartibga solish bo‘yicha loyiha ishlab chiqildi

Yangi talablarga ko‘ra mijoz bilan shartnoma tuzilishidan oldin quyidagilar taqdim etilishi kerak: tovar yoki xizmatning biryo‘la to‘lash uchun belgilangan to‘liq narxi, barcha ustama va komissiyalarni hisobga olgan holda to‘lanadigan umumiy summa, to‘lov jadvali, barcha turdagi yig‘imlar, jarimalar. Bundan tashqari, reklama materiallarida «0 foiz», «bepul», «barchaga mos» kabi chalg‘ituvchi iboralardan foydalanish taqiqlanadi.

Sun’iy intellekt yaratgan surat

Markaziy bank nasiya savdo bozori ishtirokchilarining axloq qoidalari loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi.

Loyihaga ko‘ra, FinTex Assotsiatsiyasi orqali bozor ishtirokchilari uchun «Ishonch belgisi» tizimi joriy etiladi. Ushbu belgi nasiya xizmatlari shaffof va qonunga muvofiq yo‘lga qo‘yilganini anglatadi. Belgini oluvchi tadbirkorlik sub’yekti Assotsiatsiyaga a’zo bo‘lishi kerak.

Shuningdek, har bir nasiya tashkiloti o‘z rasmiy veb-saytida barcha mahsulotlar, to‘lov tartibi, komissiya va jarimalar haqida ochiq ma’lumot berishi lozimligi belgilanyapti.

Mijoz bilan shartnoma tuzilishidan oldin quyidagilar taqdim etilishi kerak:

·       tovar yoki xizmatning biryo‘la to‘lash uchun belgilangan to‘liq narxi;

·       barcha ustama va komissiyalarni hisobga olgan holda to‘lanadigan umumiy summa;

·       to‘lov jadvali;

·       barcha turdagi yig‘imlar, jarimalar;

·       nasiya savdo xizmatining to‘liq qiymatini yillik foizlardagi ekvivalenti;

·       shartnomani muddatidan oldin bekor qilish shartlari;

·       to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmaslikning oqibatlari haqida ma’lumot;

·       nasiya savdo tashkilotining «Ishonch belgisi» raqami;

·       murojaat uchun kontakt ma’lumotlari.

Bundan tashqari, reklama materiallarida «0 foiz», «bepul», «barchaga mos» kabi chalg‘ituvchi iboralardan foydalanish taqiqlanadi.

Yangi talablarga ko‘ra, nasiya xizmatlari faqat 18 yoshdan katta fuqarolarga ko‘rsatiladi, ilk limit 2 mln so‘m etib belgilangan. Agar mijoz limitni oshirishni xohlasa, uning qarz yuki 50 foizdan oshmasligi kerak. Qarzdorlikni undirish jarayonida tahdid yoki bosim o‘tkazish kabi noqonuniy usullardan foydalanish qat’iyan man etiladi. Barcha foiz va yig‘imlar yiliga asosiy qarzning yarmidan ko‘p bo‘lmasligi lozim.

Mijozning ilgari olgan qarzlari bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorligi mavjud bo‘lgan taqdirda unga yangi nasiya savdo xizmati ko‘rsatilmaydi. Nasiya savdo tashkilotlari tomonidan muddati o‘tgan qarzdorliklar bilan ishlash mexanizmlari (Soft-Collection, Hard-Collection, Legal-Collection) ishlab chiqiladi.

Shu bilan birga, firibgarlikning oldini olish maqsadida yangi mijozlar biometrik usulda ro‘yxatdan o‘tkaziladi, tashkilotlarda axborot va kiberxavfsizlik bo‘limlari faoliyat yuritadi. Kredit byurolari bilan axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi.

Mavzuga oid