Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Samarqand mayizi endi milliy brend hisoblanadi
Samarqandda ilk bor o‘tkazilgan “Mayiz sayli” festivali O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida yangi bosqichni boshladi. Endi “Samarqand mayizi” nafaqat mahalliy mahsulot, balki xalqaro standartga ega milliy brend sifatida ro‘yxatdan o‘tdi.
Tadbir Samarqand viloyati hokimligi, “Xalq banki” hamda “Qo‘shrabot – Agro Star” MChJ hamkorligida tashkil etildi.
Festivalning asosiy maqsadi – mamlakatimizning mayizchilik sohasidagi imkoniyatlarini keng targ‘ib etish, eksport salohiyatini oshirish va mayiz yetishtiruvchilar, qayta ishlovchilar va eksportchilar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.
Ayni paytda O‘zbekistonda 181 ming gektar tokzor mavjud bo‘lib, shundan 55 ming gektari Samarqand viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi. Viloyatdagi 44,5 ming gektar maydonda mayizbop uzum navlari parvarishlanmoqda.

Qo‘shrabot tumanida esa 7 ming gektardan ziyod maydonda mayizbop uzum yetishtiriladi.
Tadbirda fermerlar, dehqonlar, xususiy sektor va davlat idoralari vakillari, xalqaro mutaxassislar qatnashdi.
Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev viloyatda uzumchilikni rivojlantirish, yangi navlarni yaratish va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Boboyevga ko‘ra, hududlarda uzumchilik sohasi izchil rivojlanib bormoqda. Har bir tumanning iqlim va tuproq sharoitiga mos yangi tokzorlar barpo etilmoqda, zamonaviy - invitro usulida ko‘chatlar yaratilyapti. Qo‘shrabotda “Avatar”, “Gigant” (“Sirliboy”) kabi navlar kengaytirilmoqda. Hosildorlik va sifat darajasini oshirish uchun uzumzorlar shpalerga ko‘tarilmoqda, suvni tejash maqsadida tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilmoqda. Asosiy maqsad – mayizbop uzum yetishtirish, ularni sifatli quritish, saqlash, qayta ishlash va eksport orqali yuqori daromadga erishish. Buning uchun ilm, tajriba va innovatsiya muhim ahamiyat kasb etadi.

“Xalq banki” Investitsiya faoliyati va davlat dasturlarini muvofiqlashtirish departamenti direktori o‘rinbosari Sherzod Suvonqulovning aytishicha, 2025 yil 14 fevraldagi “Uzagrostar xolding” kompaniyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi Prezident qarori mayizchilik sohasi rivojini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur qarorda qo‘yilgan vazifalardan kelib chiqib xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribasi asosida mayiz yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va yetkazib berish zanjirini tashkil etuvchi mutlaqo yangi mexanizm joriy etish ishlari boshlangan. “Qo‘shrabot – Agro Star” MChJ orqali dehqondan to eksportgacha bo‘lgan barcha bo‘g‘inlar yagona tizim asosida ishlaydi. Bu mahsulot sifatini oshirish, barqaror bozorlar yaratish va eng muhimi mayiz yetishtiruvchi dehqonlarning daromadini ko‘paytirishga xizmat qiladi.
Ushbu tizimni tashkil etishda “Qo‘shrabot – Agro Star” MChJni Xalq banki yaqindan qo‘llab-quvvatlamoqda. Shuningdek, bank tomonidan mayizbop uzum yetishtiruvchi fermer, dehqon va tomorqa xo‘jaliklarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida tomonidan qulay shartlarda bir qator kredit mahsulotlari amaliyotgan tadbiq yetilgan. Hozirda qamrovdagi Qo‘shrabot, Ishtixon, Urgut tumanlaridagi qator fermer, dehqon va tomorqa xo‘jaliklari, qayta ishlovchi va eksport qiluvchi korxonalarga yangi uzumzorlarni tashkil qilish, quritish ayvonlari qurish, qayta ishlash uskunalarini xarid qilish uchun kreditlar ajratib kelinmoqda. Xalq banki nafaqat moliyaviy yordamchi, balki loyihalarni amalga oshirishda hamkor sifatida ishtirok etmoqda”, - dedi Sherzod Suvankulov.

Ushbu tadbir nafaqat mahalliy mutaxassislarni, balki xorijiy ekspertlarni ham birlashtirdi.
Turkiyaning Chukurova universiteti professori, uzumchilik bo‘yicha 35 yillik tajribaga ega mutaxassis Serpil Tangolarning ta’kidlashicha, O‘zbekiston, xususan Samarqand viloyatida mayizbop uzum navlarining potensiali yuqori.
Professorning fikricha, mahalliy iqlim va geografik sharoit mayiz yetishtirish uchun juda qulay - bu jihatdan mamlakat Turkiya va Eron kabi yetakchi mayiz ishlab chiqaruvchi davlatlar bilan teng imkoniyatlarga ega.
U Turkiya tajribasi asosida O‘zbekiston mutaxassislari bilan hamkorlikda tokzorlarni barpo etish, ko‘chat tanlash va hosilni eksportga tayyorlash borasida bilim va amaliy ko‘nikmalar almashishga tayyorligini bildirdi.
“Natur Sert” kompaniyasi direktori Anil Sadichga ko‘ra, O‘zbekistonda mayiz navlari va mahsulotlari juda ko‘p va sifatli, ammo hozircha xalqaro sertifikatlash standartlari to‘liq joriy etilmagan.

Anil Sadich boshqaruvidagi “Natur Sert” kompaniyasi aynan shu standartlarni joriy qilish bilan shug‘ullanadi va dunyoning ko‘plab mamlakatlari bilan hamkorlik qiladi. Endi bunday tajriba O‘zbekistonda ham amalga oshiriladi.
Qishloq xo‘jaligi sohasida ilg‘or tajribalarni amaliyotga joriy etishda mahalliy korxonalarning ham ahamiyati katta.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Akbar Toshqulov “Samarqand mayizi” geografik ko‘rsatkichi va “Qo‘shrabot mayizi” tovar belgisi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganini ma’lum qildi. Bu - mahalliy brendni xalqaro bozorda tanitish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Qo‘shrabotda o‘tkazilgan ilk “Mayiz sayli” yurtimizda mehnat va mehr bilan yetishtirilgan uzumning haqiqiy qiymatini, bog‘bonning zahmatini aks ettirgan bayram bo‘ldi.
Reklama huquqi asosida