Jahon | 11:06 / 10.10.2025
5466
6 daqiqa o‘qiladi

Rejaning ikkinchi bosqichi: HAMAS qurollarni tashlaydimi?

G‘azo bo‘yicha Tramp rejasining 2-bosqichida Hamasni qurolsizlantirishni talab qiladi. Bu bosqich eng muhim va ayni paytda eng murakkab hisoblanadi. Muzokaralar avvalida guruh qurollarni topshirib bo‘lgadan chiqib ketishi so‘ralgan edi.

Kun.uzʼning “Geosiyosat“ dasturida G‘azodagi tinchlik rejasining navbatdagi bosqichi xususida Progressiv islohotlar markazi ekspertlari so‘z yuritdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Hamasni qurolsizlantirish qanday amalga oshiriladi, guruh qanaqa shartlarda bunga rozi bo‘ladi?

Umrbek Yusupov: Ikkinchi bosqichning taqdiri birinchi bosqichga bog‘liq bo‘ladi. Hozirga kelib Isroil va unga yaqin ommaviy axborot vositalari 20 nafar tirik mahbusning ism‑familiyalarini e’lon qilmoqda. Agar ularning hech biri tirik chiqmasa yoki muammo yuzaga kelsa, bu Isroil uchun bahona bo‘lishi mumkin. Oldingi kelishuvlardan xulosa qilsak, Isroil doim qandaydir bahonalar topgan. Shuning uchun men aytgan bo‘lardimki, ikkinchi bosqich amalga oshishi birinchi bosqich qanday o‘tishiga bog‘liq bo‘ladi. Ikkinchi bosqichda Hamasni qurolsizlantirish muvaffaqiyatli amalga oshishi mumkin. Ammo bu Hamasning roziligi va ular tomonidan qo‘yiladigan shartlarga ham bog‘liq, masalan, Hamas hukumatida qolishni ham talab qilishi mumkin. Ular Mahmud Abbos yetakchiligidagi jamoani legitim deb hisoblamaydi. G‘azo sektorining boshqaruvi masalasida ham Hamas biz ham ishtirok etamiz, deb da’vo qilsa, Isroil hukumati bunga qat’iy qarshilik qilishi tabiiy. Shu sababli Hamasni to‘liq qurolsizlantirish juda murakkab jarayon bo‘ladi. Shuningdek, vaziyat tinchlik kafolatchilariga ham bog‘liq bo‘ladi, agar Hamas liderlari Qatarda yoki xavfsiz hududda bo‘lsa, ular masofadan muzokaralarda ishtirok etishi ham mumkin, ammo qurollardan butkul voz kechishi haqida to‘liq kafolat talab etiladi. Tartib‑qoidalar quyidagicha bo‘lishi mumkin: avval og‘ir artilleriya va raketa tizimlari to‘xtatiladi, so‘ngra bosqichma‑bosqich yengil qurollar yig‘iladi. Hozirda faqatgina G‘azo hududida urushni to‘xtatishga rozilik bildirilgan xolos, qolgan masalalar ochiq.

Gumanitar yordam bo‘yicha masala ham muhim: BMTning Falastin qochqinlariga xizmat ko‘rsatish agentligi hozirgi holatni gumanitar fojia deb atamoqda va yordam hajmini bir necha barobar oshirish zarurligini bildirgan. Hozirgi vaziyat og‘ir, taxminan 600 kishi ochlik sabab o‘lgan, ko‘plab yaradorlar esa dori‑darmon va oziq‑ovqat yetishmovchiligi bilan yuzlashyapti. Shuning uchun birinchi e’tibor gumanitar yordam yetkazilishiga qaratiladi, yuklar va yordamni o‘tkazish nazorati Rafah va shimoliy o‘tish punktlari orqali amalga oshirilishi mumkin. Isroil G‘azoning taxminan 58 foiz hududini “P” shaklida o‘rab olgan, ba’zi joylarda ichkarilik 6,5 kilometrga yetadi. Oziq-ovqatning hududga kirishi Isroil tomonidan yo‘llarning ochib berilishiga bog‘liq. Shunday ekan, gumanitar yordam va uning istiqboli Isroilning sulhga qanchalik vijdonan tayyorligiga bog‘liq bo‘ladi.

Alouddin Komilov: Hozirgi vaziyatda katta noaniqliklari mavjud. Ulardan biri Donald Tramp taklif qilgan “Vasiylik kengashi” g‘oyasi. Ushbu kengashga Tramp boshchilik qilishi va Tony Blair instituti ham ishtirok etishi kerakligi aytilgan, biroq Hamas vakillari bunday taklifga qat’iyan qarshi ekanini e’lon qildi. Ijobiy jihatlar ham mavjud. Parijda BMT vasiyligi ostida barqarorlashtirish kengashi faoliyat ko‘rsatmoqda va hozirda qurolsizlantirish hamda o‘t ochishni to‘xtatish masalalari muhokama qilinmoqda. Xalqaro hamjamiyat avvalgi tajribalarga tayanib harakat qilishi mumkin va bu tajriba quyidagilarni amalga oshirishga intiladi.

Birinchi bosqich qurolsizlantirish va humanitar yordam masalasi:

Hamas vakillari raketa, dron va boshqalarni topshirishi mumkin. Buning evaziga erkinlik, humanitar yordam va G‘azoning rekonstruksiyasi bo‘yicha imtiyozlar berilishi mumkin. Misr, Qatar va Turkiya kabi davlatlar asosiy kafolatchi rolini o‘ynashi kutiladi, BMT esa texnik yordam va monitoring bilan shug‘ullanadi.

Xavfsizlikni ta’minlash:

Xavfsizlik masalalarida arab davlatlari yetakchi rolni amalga oshirishi mumkin. Tanlangan va tan olingan falastinliklardan iborat maxsus xavfsizlik kuchlari tashkil etilib, vaqtinchalik Falastin ma’muriyati bilan hamohanglikda hudud xavfsizligini ta’minlashi mumkin.

Hamas a’zolariga afv masalasi:

Guruh harakatlarida qaror qabul qilmaydigan oddiy harbiylar uchun amnistiya masalasi ko‘rib chiqilishi mumkin. Yuqori darajadagi Hamas harbiylari uchun esa uchinchi davlatga ehtimol Turkiya yoki Qatar orqali ularni hududdan chiqarish va o‘sha davlatlarda yashash bo‘yicha kafolatlar muhokama qilinadi.

Umuman olganda, bu variantlar hozircha tahlil bosqichida; kelishuv va ijro jarayoni murakkab va ko‘p tomonlama kafolatlar talab etadi. Bu qarorlarning barchasi xalqaro kafolatchilar, hududiy davlatlar va mahalliy tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar natijasida shakllanadi.

Suhbatni to‘liq YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid