Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQShdagi zavodda portlash: halok bo‘lganlar va bedarak yo‘qolganlar bor
Tennessi shtatidagi zavodda sodir bo‘lgan kuchli portlash oqibatida «bir necha kishi» halok bo‘ldi va kamida 18 kishi bedarak yo‘qoldi, deya xabar beradi mahalliy hukumat. Zavod portlovchi moddalar ishlab chiqargan.
Foto: AP
Tennessi shtatidagi Accurate Energetic Systems (AES) zavodida 10 oktyabr, juma kuni kuchli portlash sodir bo‘ldi. Mahalliy ma’muriyatning xabar berishicha, kamida to‘rt kishi kasalxonaga yotqizilgan, yana 18 kishi bedarak yo‘qolgan.
Xamfri okrugi sherifi Kris Devis matbuot anjumanida «bir necha kishi» halok bo‘lganini qo‘shimcha qildi, ammo qurbonlar soniga aniqlik kiritmadi. Fox News manbalarga tayanib, «ko‘plab» halok bo‘lganlar haqida xabar berdi.
AES zavodi Neshvilldan taxminan 80 km uzoqlikda joylashgan. Portlash sodir bo‘lgan joyga favqulodda xizmatlar va bomba yo‘q qilish bo‘yicha mutaxassislar yetib keldi, yana portlashlar sodir bo‘lish xavfi saqlanib qolmoqda, deya qo‘shimcha qildi sherif. «Biz bu yerda bir necha kun bo‘lishimiz mumkin», dedi u.
Portlash sabablari hozircha noma’lum.
Accurate Energetic Systems 1980 yilda tashkil etilgan. Kompaniya veb-saytida u mudofaa sanoatida ham, tijorat maqsadlarida ham qo‘llanadigan portlovchi moddalarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgani aytiladi. The Washington Post gazetasi ochiq ma’lumotlarga tayanib aniqlik kiritishicha, kompaniya AQSh harbiylariga har xil turdagi o‘q-dorilar, dinamit, piyodalarga qarshi minalar va yirik kalibrli snaryadlar uchun porox sotgan.
Bu Accurate Energetic Systems'dagi birinchi portlash emas. Avvalgisi 2014 yilda sodir bo‘lib, bir kishi halok bo‘lgan va uch kishi jarohatlangan edi.