Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Berlindagi Rossiya elchixonasi yonida pichoq bilan qurollangan ayol ushlandi
Ayol Rossiya elchixonasini qo‘riqlayotgan Berlin politsiyachisini pichoq bilan qo‘rqitib, haqorat qilgan. Gumonlanuvchi qo‘lga olinib, shifoxonaga yetkazilgan. Tergovni Berlin politsiyasining Davlat xavfsizlik boshqarmasi olib bormoqda.
Foto: Vyacheslav Filippov/TASS/imago images
Berlin markazidagi Rossiya elchixonasi yaqinida elchixonani qo‘riqlayotgan politsiyachiga pichoq bilan tahdid qilgan 31 yoshli ayol qo‘lga olindi. Berlin politsiyasi 12 oktyabr, yakshanba kuni ma’lum qilishicha, ayol ksenofobik haqoratlarni ham baqirgan.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, 11 oktyabr, shanba kuni tushda gumonlanuvchi qo‘riqchiga yaqinlashib, uning yuziga pichoq tutgan va haqoratlay boshlagan. Qo‘riqchi xizmat qurolini chiqarganidan so‘ng, ayol voqea joyidan qochib ketgan, ammo tez orada politsiya tomonidan qo‘lga olingan.
«G‘ayritabiiy xatti-harakatlar» tufayli u kasalxonaga yotqizilgan va u yerda turli moddalar bo‘yicha qon tekshiruvi o‘tkazilgan. Hodisa Berlin jinoyat politsiyasi boshqarmasining Davlat xavfsizlik boshqarmasi tomonidan tergov qilinmoqda.
Haqoratlarning mohiyati shundan iborat ediki, qo‘riqchi, gumonlanuvchining fikricha, Rossiya fuqarosi bo‘lgan, deb xabar berdi n-tv politsiyaga tayanib. Politsiyaning aniqlik kiritishicha, tahdidlar Berlin politsiyasining diplomatik vakolatxonalar va boshqa muhim binolarni qo‘riqlash bo‘limi – Obektlarni muhofaza qilish boshqarmasi (Objekschutz) xodimiga qaratilgan.