Jahon | 20:41 / 15.10.2025
17523
3 daqiqa o‘qiladi

Pokiston Kobulga raketa bilan zarba berdi

Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasida keskinlik saqlanib turibdi. So‘nggi paytlarda bu harbiy to‘qnashuvlarga aylanib ketgan edi.

Foto: Videodan kadr

Pokiston Afg‘oniston poytaxti Kobulga raketa hujumi uyushtirdi. Amaj News manbalariga ko‘ra, poytaxtning Taymani tumanidagi nishonlarga harbiy samolyotlar yordamida kamida to‘rtta raketa bilan zarba berilgan.

Samaa TV xabariga ko‘ra, «Tolibon» harakatining Spin-Boldak hududidagi pozitsiyalari ham hujumga uchragan. Bundan tashqari, Pokiston armiyasi Qandahor viloyatidagi toliblarning asosiy boshpanalariga aniq zarbalar berdi, oqibatda 4-batalon va 6-chegara brigadasi «muvaffaqiyatli yo‘q qilindi». Kanal manbalariga ko‘ra, toliblarning yo‘qotishlari 200 kishigacha bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, 15 oktyabr kuni ertalab ikki davlat chegarasida yuz bergan to‘qnashuvdan keyin vaziyat keskinlashgan edi. Reuters agentligining «Tolibon» vakiliga tayanib xabar berishicha, jangda kamida 12 nafar tinch aholi halok bo‘lgan, 100 ga yaqin kishi jarohatlangan.

«Tolibon» harakatining ta’kidlashicha, hujumni Pokiston kuchlari boshlagan, afg‘on kuchlari esa bunga javoban «ko‘plab pokistonlik askarlarni» o‘ldirgan, ularning postlari va harbiy texnikasini egallab olgan. Pokiston hukumati, o‘z navbatida, hodisa uchun javobgarlikni toliblarga yukladi va o‘z hududida to‘rt nafar tinch aholi yaralanganini ma’lum qildi.

Mamlakatlar o‘rtasidagi keskinlikning navbatdagi davri 9 oktyabr kuni «Tolibon»ga aloqador Pokistonning «Tahriki Tolibon Pokiston» harakati Qurram chegara okrugidagi harbiy konvoyga hujum qilganidan keyin boshlandi. 10 oktyabr kuni Pokiston Kobulda ushbu guruh yetakchilaridan birining avtomobiliga raketa bilan zarba berdi, bir kun o‘tib toliblar Pokiston chegara postlariga hujum qildi.

Mavzuga oid