Jahon | 07:20 / 24.10.2025
5790
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoy Black Hawk'ga raqobatchi - Z-20T hujumkor vertolyotini namoyish etdi

Tyanszin shahrida bo‘lib o‘tgan yettinchi Xitoy vertolyot ko‘rgazmasining eng muhim voqealaridan biri - Z-20T hujumkor vertolyotining namoyishi bo‘ldi. Mashina Xitoy aviatsiya sanoati korporatsiyasi (AVIC) tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, u aniq va dinamik manyovrlari bilan tomoshabinlarni hayratga soldi hamda Xitoy aviatsiyasining yuqori texnologiyali darajasini namoyon etdi.

Foto: Longshi

Ko‘rgazma parvozi davomida bu har qanday ob-havoda parvoz qila oladigan vertolyot bir qator murakkab figuralarni bajardi: havoda turib qarshi olish, orqaga harakatlanib balandlikka ko‘tarilish, vertikal parvoz va so‘nggi qismida — jang sharoitida qo‘llanadigan issiqlik qopqonlarini otish bilan namoyishni yakunladi.

Z-20T’ning omma oldidagi bu ko‘rinishi so‘nggi yillardagi kamdan-kam holatlardan biri bo‘ldi. Ilgari bu vertolyot oxirgi marta 3 sentabr kuni Pekindagi G‘alaba paradida, Tyananmen maydoni ustidan parvoz qilganida ko‘rilgan edi.

Z-20T — bu bazaviy Z-20 vertolyotining harbiy-shturm operatsiyalari, o‘t ochishga yordam berish va maxsus vazifalar uchun mo‘ljallangan modifikatsiyasi. AVIC muhandislarining ma’lumoticha, yangi model yuqori yuk ko‘tarish qobiliyatiga ega bo‘lib, u desant va texnika tashishni ham ta’minlay oladi — hatto og‘ir jang sharoitida ham.

Ko‘rgazma Xitoy Xalq-ozodlik armiyasi hamkorligida o‘tkazildi va u zamonaviy havo hujum vositalari — vertolyotlar, dronlar hamda ilg‘or aviatsiya qurol-yarog‘ tizimlariga bag‘ishlandi.

Shular orasida yangilangan Z-20T ayniqsa ajralib turdi: u bazaviy versiyadan farqli ravishda qisqartirilgan qanotlarga ega bo‘lib, ularga yondosh yonilg‘i baklari va qurol tizimlari o‘rnatish mumkin. Bu yechim vertolyotning parvoz masofasini va og‘ir zarba berish salohiyatini ancha oshiradi.

Ishlab chiqaruvchilar ta’kidlashicha, Z-20T’ning asosiy afzalliklaridan biri — uning adaptivligi. Agar qurol-yarog‘ tizimlari olib tashlansa, vertolyotni osonlikcha transport yoki qutqaruv vazifalari uchun qayta moslashtirish mumkin. Modulli tutashuv tizimi esa uni turli vazifalar — yuk tashishdan tortib qidiruv-qutqaruv amaliyotlarigacha — tez moslashtirish imkonini beradi.

Bazaviy Z-20 modeli 2018 yilda foydalanishga taqdim etilgan bo‘lib, Xitoy tomonidan mustaqil ravishda ishlab chiqilgan ilk 10 tonnali ko‘p maqsadli vertolyot hisoblanadi. U ko‘pincha Amerikaning Sikorsky UH-60 Black Hawk'i bilan taqqoslanadi. Biroq Z-20 hozirda turli harbiy bo‘linmalar uchun mo‘ljallangan boshqa turdagi modifikatsiyalarga ega butun bir vertolyot oilasiga aylanib ulgurgan.

Mavzuga oid