Jahon | 10:02 / 25.10.2025
5746
5 daqiqa o‘qiladi

Falastinliklar G‘azoda hokimiyatni texnokratlarga topshirishga rozi bo‘ldi

Asosiy siyosiy kuchlar, jumladan HAMAS ham, Qohirada o‘tgan uchrashuvda G‘azo sektoridagi hokimiyatni «mustaqil texnokratlardan iborat vaqtinchalik qo‘mita»ga topshirishga rozilik bildirdi.

Foto: Abdel Kareem Hana/AP Photo/dpa/picture alliance

Falastindagi asosiy siyosiy kuchlar, jumladan HAMAS, juma kuni, 24 oktyabrda, G‘azo sektorida hokimiyatni texnokratlar qo‘mitasiga topshirishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Turli Falastin kuchlari o‘rtasida mos kelishuv Qohiradagi uchrashuvda erishilgani haqida AFP xabar berdi.

Muzokaralar yakunidagi bayonotda «mustaqil texnokratlardan iborat vaqtinchalik Falastin qo‘mita»si «dunyoviy ta’minot masalalari va asosiy xizmatlarni arab birodarlar hamda xalqaro institutlar bilan hamkorlikda» amalga oshirishi aytilgan. Shuningdek, fraksiyalar «chaqiriqlarga qarshi umumiy pozitsiya ishlab chiqish ustida ishlash»ga kelishib olgani qayd etilgan. Ularning vakillari bilan Misr razvedka xizmati rahbari Hasan Rashad ham uchrashgan.

Bundan tashqari, HAMAS Qohirada Falastinning Milliy ozodlik harakati — FATH rahbariyati bilan ham uchrashuv o‘tkazgani haqida AFP manbasi ma’lum qildi. Uzoq yillar davomida ushbu tashkilotlar o‘rtasida nizo mavjud edi, hozir esa G‘azo urushiga barham berish rejasining ikkinchi bosqichini (hududda hokimiyat almashishini nazarda tutadi — tahr.) muhokama qilgan va «yaqin vaqtlarda uchrashuvlarni davom ettirish, Isroil hukumati chaqiriqlari oldida Falastin ichki frontini tashkil etish ustida ishlash»ga kelishgan.

Oktyabr boshida harakat AQSh prezidenti Donald Tramp taklif etgan rejaga muvofiq G‘azo sektori boshqaruvini falastinlik texnokratlardan shakllantirilgan mustaqil organga topshirishga rozi ekanini tasdiqlagan edi.

O‘shanda HAMAS barcha tirik isroillik garovdagilarni ozod qilish va halok bo‘lganlarning jasadlarini topshirishga ham tayyorligini aytgan. Otishma to‘xtatilgandan so‘ng tirik qolgan 20 nafar garovdagi shaxs birdaniga Isroilga qaytarildi. Biroq 22 oktyabrga qadar HAMAS halok bo‘lgan 28 kishidan faqat 15 nafarining jasadini topshirdi — rejaga ko‘ra barcha qoldiqlar uch kun ichida Isroilga yetkazilishi kerak edi.

13 oktyabr kuni Misrning Sharm ash-Shayx shahrida 20 dan ortiq jahon yetakchilari ishtirokida xalqaro «tinchlik sammiti» o‘tkazildi. Unda G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha deklaratsiya imzolandi. Vositachi davlatlar — Misr, Qatar, Turkiya va AQSh — kelishuvlarga rioya etilishini kafolatlashga tayyor ekanini bildirdi, mazkur kelishuvlar G‘azodagi urushga chek qo‘yishni ko‘zlaydi.

Biroq oradan bir necha kun o‘tgach, kelishuv bajarilishi xavf ostida qoldi. 19 oktyabr tongida Isroil armiyasi HAMASni isroillik askarlarga qilingan hujumda ayblab, ikki harbiy halok bo‘lganini bildirdi. Isroil G‘azo bo‘ylab HAMASning o‘nlab nishonlariga zarbalar berdi va 20 oktyabr tongigacha gumanitar yordam yetkazib berishni to‘xtatib qo‘ydi.

Binyamin Netanyahu «G‘azo sektorida terrorchi nishonlarga nisbatan eng qat’iy choralar ko‘rish»ni buyurdi. Mamlakat mudofaa vaziri Israel Kats esa HAMAS «isroillik askarlarga har bir o‘q otgani» va «o‘t ochishni to‘xtatish rejimi har bir buzilgani» uchun «qimmat narx to‘lashidan» ogohlantirdi.

2023 yil 7 oktyabr kuni HAMASning Isroilga hujumi Yaqin Sharqdagi ziddiyatning navbatdagi keskinlashuvini boshlab berdi. O‘shanda jangchilar Isroilga raketalar yo‘llab, uning hududiga bostirib kirgan va taxminan 1200 kishini o‘ldirgan. Shuningdek, taxminan 250 kishi garovga olinib, G‘azo sektoriga olib ketilgan. Keyin ularning bir qismi almashilgan yoki ozod qilingan, bir qismi halok bo‘lgan.

Javob tariqasida Isroil HAMASga urush e’lon qildi. Qurolli operatsiya va bombardimonlar davomida G‘azo sektorida 68 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgani, yana 170 mingdan ziyod kishi yaralangani haqida HAMASga bo‘ysunuvchi sog‘liqni saqlash vazirligi xabar bergan. 

Mavzuga oid