Jahon | 08:40 / 25.10.2025
3547
4 daqiqa o‘qiladi

Qozonda konvoyga hujum qilindi, chaqiruvdan bo‘yin tovlagan shaxs qochib ketdi

Qozonda noma’lum shaxslar harbiy komendatura avtomashinasidan chaqiruvdan bo‘yin tovlagan shaxsni tushirib olib, izsiz g‘oyib bo‘ldi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, qochgan shaxs ilgari Ukrainadagi urushda qatnashgani uchun medal bilan taqdirlangan.

Foto: Alexey Malgavko/REUTERS

Juma kuni, 24 oktyabr kechqurun Qozonda chaqiruvdan bo‘yin tovlaguvchilarni tashish uchun mo‘ljallangan harbiy komendatura avtomobiliga noma’lum shaxslar hujum qildi. Bu haqda bir qator OAV, jumladan “’ Volga-Ural” va “Vechernyaya Kazan”, shuningdek Telegram-kanallar xabar berdi.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, shu kunning o‘zida harbiy komendatura xodimlari chaqiruvdan qochganlarni va dezertirlarni qidirish tadbirlari doirasida Qozonda tug‘ilgan, RF Qurolli kuchlarida xizmat qilgan va, ehtimol, harbiy qismni o‘zboshimchalik bilan tark etgan shaxsni qo‘lga olgan. U Dzerjinskiy ko‘chasidagi komendatura binosiga “yangi taqsimot” uchun olib ketilayotgan edi.

Yo‘l chorrahasida konvoyga davlat raqamlari yo‘q qora Kia Rio avtomashinasi yaqinlashgan. Mashinadan ikki kishi tushib, konvoy avtomobilining orqa eshigini ochgan, ushlangan shaxsni tushirib olib, o‘sha mashinaning o‘zida qochib ketgan, deb yozadi “’ Volga-Ural”. “Vechernyaya Kazan”ning qayd etishicha, hujum qilganlar qurollanmagan bo‘lgan. Shaharda ma’lum vaqtga “Perexvat” rejasi joriy etilgan, ammo bu natija bermaganini “’ Volga-Ural” manbasi ma’lum qilgan.

“Ostorojno, novosti” Telegram-kanali noma’lum manbaga tayanib, qochgan shaxs 32 yoshli Fadis G. ekanini yozadi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, u 2022 yilda RFdagi “qisman safarbarlik” doirasida Ukrainaga urusha jo‘natilgan. 2025 yil avgust oyida esa u “jangovar burchni bajarishda ko‘rsatgan jasorati” uchun “Jasorat uchun” medali bilan taqdirlangan, deb yozadi “Ostorojno, novosti”.

Matn chop etilgan paytga kelib hodisa va ushlangan shaxs haqida rasmiy ma’lumot yo‘q. OAV hatto Tatariston IIV vakillari bilan bog‘lana olmaganini qayd etdi. Shu bilan birga, Telegram-kanallarning ta’kidlashicha, Fadis G. avvalroq ham qismni tark etgani uchun ushlangan.

Rossiya armiyasidan Ukrainaga qarshi to‘laqonli bosqin boshidan beri kamida 49 ming askar va ofitser dezertirlik qilgan bo‘lishi mumkin, deb yozgan edi “Vajnyye istorii” nashri 2025 yil may oyida.

Jurnalistlar hisob-kitoblarda ikki ma’lumot bazasiga tayangan: 2022–2024 yillarda Janubiy harbiy okrugda qismni o‘zboshimchalik bilan tark etganlar ro‘yxati va 2025 yil mart oyida Ukraina GURning “Xochu jit” loyihasi e’lon qilgan, RFda dezertirlik va qismni tark etish uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atilganlar ro‘yxati.

Bu ro‘yxatlar birlashtirilganda 49 001 nafardan iborat yagona ro‘yxat hosil bo‘lgan. Bu ukrain Frontelligence Insight OSINT loyihasining 2024 yil dekabr holatidagi bahosi — 50 554 dezertir — bilan deyarli mos keladi. Biroq ommaviy axborot vositalari ta’kidlashicha, RFdagi dezertir va chaqiruvdan bo‘yin tovlaguvchilarning haqiqiy soni bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid