O‘zbekiston | 10:22 / 28.10.2025
4300
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkent aeroportida yangilangan uchib kelish zali ochildi

Foto: Uzbekistan Airports

Toshkent xalqaro aeroportida rekonstruksiya ishlarining yana bir bosqichi yakunlandi: yangilangan uchib kelish zali, ochiq terassa va jo‘nash terminalidagi yangi VIP zali ta’mirlab bitkazildi. Tez kunlarda mazkur hududda bir nechta oziq-ovqat va ichimliklar do‘konlari, jumladan, qahvaxonalar, alkogolsiz ichimliklar barlari, muzqaymoq va gul do‘konlari ochilishi rejalashtirilgan. Barchamizga ma’lumki, avvallari uchib kelish zaliga kutib oluvchilar deyarli kiritilmasdi.

Agarki uchib kelayotgan yo‘lovchimiz qariya bo‘lsa yoki yosh bola bo‘lsa, ularni kutib olish uchun istisno tariqasida, barcha hujjatlarini taqdim etgan holda bir shaxs kiritilgan bo‘lgan. O‘z o‘rnida oldingi kutib oluvchilarimiz tashqarida, turli xil yog‘ingarchilik asoratida qolib ketishganini inobatga olgan holda, hozirda mana, zalning ichida, sovuq kunlarda issiqqina, issiq kunlarda muzdekkina, bemalol xotirjam kutib olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi”, deydi Toshkent xalqaro aeroporti direktori Jasur Po‘latov.

Jasur Po‘latovga ko‘ra avvallari eski aerovokzal hududidan chiqib kelish juda ham tor va zinapoyalardan iborat edi, shu sababli ham yo‘lovchilarga biroz noqulaylik tug‘dirgan bo‘lishi mumkin.

Hozirgi kunda mana, ko‘rib turibsizlar, arava uchun alohida estakada yaratdik, mana bu estakadadan bemalol tushib kelishadi. Yengil yuk bilan bo‘lgan yo‘lovchilar esa zinapoyadan va xuddi shunday imkoniyati chegaralangan yo‘lovchilarga ham alohida e’tibor qaratib, biz eskalatorni ham o‘rnatib qo‘ydik. Bu orqali imkoniyati chegaralangan yo‘lovchilarga imkoniyat yaratildi”.

Toshkent xalqaro aeroportining uchib kelish zali binosi oldi 2200 kvadrat metrga kengaytirildi. Buning natijasida ushbu hududda bir vaqtning o‘zida 347 ta avtomobilni joylashtirsa bo‘ladigan yangi avtoturargoh ham barpo etilgan. Qurilish va ta’mirlash ishlari natijasida 200 o‘rindiqqa ega bo‘lgan kutib oluvchilar hududi maydoni bugungi kunda deyarli 5000 kvadrat metrga kengaytirildi. Xo‘sh, aeroportda yaratilgan ushbu qulayliklarga yurtdoshlarimizning munosabati qanday? “Judayam go‘zal, kelganda bahri-diling yayraydi. Biz o‘zimiz Qozog‘istondan kelib o‘tiribmiz, hozir onamni kutib olyapmiz. Judayam chiroyli, hamma joyi toza”, deydi Umida Qodirqulova.

Avvallari uchib keluvchi yo‘lovchilar yuklarini o‘z navbatida ololmaganiga e’tirozlar qilgani ham hech kimga sir emas. Bugungi kunda ushbu muammolar ham bartaraf etilmoqda.

Bizda, albatta, infrastruktura jihatidan olib qaraydigan bo‘lsak, samolyot sahnidan tushgandan keyin yo‘lovchi uchib kelish zaliga uzog‘i bilan 12 minutda yetib keladi. Xalqaro katta aeroportlarga e’tibor beradigan bo‘lsak, yo‘lovchi havo sahnidan uchib kelish hududigacha, ya’ni yuklarini olish joyigacha eng kamida 20-25 minut ketadi. Bu vaqt orasida boshqa xalqaro aeroportlar bagajni tezda havo sahnidan olib kelib, tezda lentalarga joylashtirib, egalariga berishni yo‘lga qo‘yishgan. Bizda vaqt oralig‘i qisqa bo‘lgani sababli, biz yechimga kirishishni boshladik. Bugungi kunda umumiy zalimizda e’tibor bergan bo‘lsangiz, eski paytda bor-yo‘g‘i 4 dona lentamiz bo‘lgan. Unda umumiy olganimizda 8 tagacha reysni qabul qilish imkoniyati bo‘lgan. Hozirgi kunda zalimizning kengayishi, hududlarimiz yanada ochilishi sababli qo‘shimcha beshinchi lentani o‘rnatdik. Bu ham qo‘shimcha 2 ta parvozga xizmat ko‘rsatish qobiliyatiga ega”, deydi aeroport direktori Jasur Po‘latov.

Bundan tashqari aeroportning 2-qavatida ajoyib manzaraga ega bo‘lgan terassa ham tashkil etildi. Endilikda u yerda uchib ketuvchilar va ularning yaqinlar vaqtlari maroqli o‘tkazishlari mumkin. Ma’lumot uchun, bugungi kunda Toshkent xalqaro aeroportining uchib kelish binosi 1 sutka mobaynida 20-22 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatmoqda. Qurilish tugallangandan so‘ng terminalning umumiy maydoni16 000 kvadrat metrdan oshadi va uning o‘tkazish qobiliyati soatiga 2400 yo‘lovchiga yetadi. Ta’mirlash ishlari doirasida VIP jo‘nash zali ham kengaytirildi. Mavjud 1100 kvadrat metrlik zalga 300 kvadrat metr qo‘shildi. Bu zalning ichki qismini vizual ravishda kengaytiradi va o‘rindiqlar sonini ko‘paytiradi.

Muallif:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid