Moliya | 18:59 / 29.10.2025
2460
1 daqiqa o‘qiladi

Kuvayt kompaniyasi O‘zbekistonda islomiy bank tashkil etishi mumkin

Kuvaytning Noor Financial Investment kompaniyasi O‘zbekistonda yangi islomiy bank tashkil etish imkoniyatlarini o‘rganyapti. Shuningdek, Kuvayt tomoni mamlakatning investitsiyaviy tashabbuslarida faol ishtirok etishga tayyor ekanini bildirgan.

Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

24 oktyabr kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida vazir o‘rinbosari Shoxrux Gulamov hamda Kuvaytning Noor Financial Investment kompaniyasi delegatsiyasi muqobil investitsiyalar bo‘yicha katta vitse-prezident Abdulla Al-Xouli boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi vazirlik axborot xizmati.

Muzokaralar davomida moliya, sanoat, energetika va infratuzilma sohalarida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, shuningdek, Kuvayt tomonining O‘zbekiston hududida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarida ishtiroki masalalari muhokama qilingan.

Uchrashuvda islom qoidalariga asoslangan bank tizimini rivojlantirish va Noor Financial Investment ishtirokida O‘zbekistonda yangi islom bankini tashkil etish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratilgan.

Kuvayt tomoni O‘zbekistonda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar natijalarini yuqori baholab, mamlakatning investitsiyaviy tashabbuslarida faol ishtirok etishga tayyor ekanini bildirgan.