Jahon | 14:36 / 29.10.2025
10304
2 daqiqa o‘qiladi

Polsha Rossiyaning razvedka samolyotini tutib oldi

RFning Il-20 samolyoti Boltiq dengizi ustidan transponderi o‘chirilgan holda parvoz qildi va parvoz rejasini taqdim etmadi. Polsha HHK uni o‘z mas’uliyat zonasidan chiqarib yubordi. Polsha havo hududi buzilmadi.

Foto: X / DowOperSZ

Navbatchilikda bo‘lgan MiG-29 harbiy samolyotlari 29 oktyabr kuni Boltiq dengizi ustidan parvoz qilgan Rossiyaning Il-20 samolyotini vizual identifikatsiya qildi, tutib oldi va Polsha mas’uliyat zonasidan chiqarib yubordi. Bu haqda Polsha operativ qo‘mondonligi X mikroblogi orqali xabar berdi.

Polsha tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, RF samolyoti xalqaro havo hududida razvedka vazifasini bajargan, transponderi o‘chirilgan va parvoz rejasi taqdim etilmagan. «Samolyot Polsha havo hududini buzmagan», — deya ta’kidlanadi xabarda.

So‘nggi oylarda Polsha va boshqa NATO davlatlari havo hududida bir necha bor noaniq dronlar paydo bo‘lib, jumladan, xalqaro aeroportlar faoliyatiga ham xalal bergan.

Jumladan, 19 sentabr kuni Estoniya Mudofaa kuchlari Bosh shtabiga ko‘ra, Rossiyaning uchta MiG-31 samolyoti Fin ko‘rfazi ustidan mamlakat havo hududiga ruxsatsiz kirib, u yerda 12 daqiqa bo‘lgan. Bunga javoban Estoniya TIV RFning muvaqqat ishlar bo‘yicha vakilini chaqirib, nota topshirdi. RF Mudofaa vazirligi esa Estoniya havo hududi buzilmaganini ta’kidlamoqda. Ayrim kuzatuvchilar bunday hodisalarni Rossiya G‘arbga qarshi olib borayotgan gibrid urushi bilan bog‘laydi.

Mavzuga oid