Jahon | 23:32 / 29.10.2025
3655
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp Si Jinping bilan bo‘lajak uchrashuv tafsilotlari bilan o‘rtoqlashdi

Shu bilan birga, Xitoy uchrashuv arafasida Vashington bilan hamkorlik qilishga tayyorligini ma’lum qildi.

Foto: AFP

AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoy raisi Si Jinping bilan yaqinda bo‘lib o‘tadigan uchrashuvni kutayotganini ma’lum qildi, deb xabar berdi NBC News.

Bu haqda u 29 oktabr kuni Janubiy Koreya prezidenti Li Chje Myon tomonidan Kyonjudagi Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi sammiti doirasida tashkil etilgan kechki ovqat paytida ma’lum qildi.

«Men ertaga ertalab rais Si Jinping bilan uchrashaman. Bu uch soat, uch-to‘rt soat bo‘lishi mumkin», dedi Amerika yetakchisi.

Shu bilan birga, Xitoy uchrashuv arafasida Vashington bilan hamkorlik qilishga tayyorligini ma’lum qildi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi bo‘lajak tadbirga izoh berib, Pekinning konstruktiv munosabatini ta’kidladi.

Davlat rahbarlari darajasidagi diplomatiya Xitoy-Amerika munosabatlarida «almashtirib bo‘lmaydigan strategik yo‘naltiruvchi rol» o‘ynaydi, dedi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Go Tszyakun Pekinda bo‘lib o‘tgan brifingda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp va Si Jinping «Xitoy va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar uchun muhim bo‘lgan strategik va uzoq muddatli masalalarni, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan asosiy mavzularni chuqur muhokama qiladi».

«Biz ushbu uchrashuvning ijobiy natijalariga erishish, Xitoy-Amerika munosabatlarini barqaror rivojlantirish uchun yangi yo‘nalishlarni belgilash va ularga yangi turtki berish uchun Amerika tomoni bilan birgalikda ishlashga tayyormiz», deb qo‘shimcha qildi u.

Eslatib o‘tamiz, Xitoy va AQSh Si Jinping va Tramp uchrashuvidan oldin savdo kelishuvining «ramkalari» haqida kelishib olgan edi. Bu haqda avvalroq har ikki tomon rasmiylari ma’lum qilgandi.

Dunyoning ikki yirik iqtisodiyoti o‘rtasida yuqori keskinlik hamon saqlanib qolmoqda. Yaqinda Pekin ilg‘or texnologiyalar uchun zarur bo‘lgan nodir metallar eksportiga qat’iyroq cheklovlar joriy etishga qaror qildi. Bunga javoban Tramp Xitoy importiga qo‘shimcha bojlar joriy etish bilan tahdid qildi.

Mavzuga oid