Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
YeIda RF aktivlari bo‘yicha qaror yil oxirigacha qabul qilinishi mumkin
Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen va Shimoliy Yevropaning davlat va hukumat rahbarlari YeI dekabr oyidagi sammitida Ukrainaga yordam uchun RF aktivlaridan foydalanish bo‘yicha yechim topilishiga ishonch bildirdi.
Foto: AP / Jean-Francois Badias
Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen va Shimoliy Yevropa mamlakatlari rahbarlari Ukrainaga yordamni moliyalashtirish maqsadida muzlatilgan Rossiya aktivlaridan foydalanish masalasi yuzasidan 2025 yil dekabridagi YeI sammitida yechim topilishini kutmoqda. «Men reparatsion kredit g‘oyasini qat’iy qo‘llab-quvvatlayman», — dedi Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen seyshanba, 28 oktyabr kuni, Shvetsiya poytaxti Stokholmda o‘tgan Shimoliy kengash doirasidagi yillik majlisda.
Daniya hukumati rahbarining ta’kidlashicha, bunday chora unga «yagona yo‘l»dek ko‘rinyapti: «Rossiya Ukrainaga keltirgan zarari uchun to‘lov qilishi g‘oyasi menga ma’qul. Men uchun reparatsiya ko‘rinishidagi kreditga muqobil variant yo‘q». U dekabr oyidagi uchrashuvda Yevropa mamlakatlari «qandaydir qarorga kelishi shart»ligini ishonch bilan aytib o‘tdi. Shvetsiya bosh vaziri Ulf Kristersson ham shunday dedi: «Biz dekabr oyidagi Yevropa kengashi yig‘ilishida bu qarorni qabul qilishga qat’iy bel bog‘laganmiz».
Yevropa Ittifoqining 23 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan sammitida, boshqalar qatorida, Rossiyaning muzlatilgan aktivlari hisobidan Ukrainaga ko‘p milliardli reparatsion kredit berish imkoniyati muhokama qilingan, ammo o‘shanda konsensusga kelinmagan edi. Aktivlarning asosiy qismi muzlatilgan Belgiya bosh vaziri Bart De Vever masalani dekabr oyidagi navbatdagi Yevrokengash majlisigacha qoldirishni nazarda tutuvchi formulirovkani qabul qilgan.
Shundan so‘ng Yevropa komissiyasi mavzuni yanada ishlab chiqish mandatiga ega bo‘ldi va Ursula fon der Lyayyen qabul qilingan qarorni shunday talqin qildi: «Hammamiz reparatsion kredit bo‘lishiga rozi bo‘ldik, endi uni qanday amalga oshirish va qaysi variant eng ma’qul ekani yuzasidan kelishishimiz kerak». U Kiyevga bunday kredit berish taklifini «huquqiy jihatdan asoslangan» deb atadi.
YeI rahbariyati rejasiga ko‘ra, Yevropada muzlatilgan Rossiya Markaziy banki aktivlari hisobidan Ukrainaga jami 140 mlrd yevro miqdorida foizsiz kredit berilishi mumkin. Bu mablag‘lar faqat harbiy xaridlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Yevropa Ittifoqi pozitsiyasiga binoan, Ukraina bu kreditlarni Rossiya unga barcha reparatsiyalarni to‘lab bo‘lganidan keyingina qaytarishi kerak bo‘ladi. Yevropa komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, YeI hududida Rossiya Markaziy bankining taxminan 200 mlrd yevro aktivlari muzlatilgan, ularning katta qismi Bryusseldagi Euroclear qimmatli qog‘ozlar depozitariyida saqlanadi.
Bunday g‘oyaga Belgiya hokimiyati ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda — Bryussel aktivlardan foydalanishning huquqiy oqibatlaridan va yevro uchun ehtimoliy zarardan xavotirda. Kreml esa bu sxemani aktivlarni «musodara qilish» va «o‘g‘rilik» deb atadi.
Mavzuga oid
16:40
«Yevropalik cho‘chqachalar qulashimizdan umid qilgan» - Putin Bayden ma’muriyati va yevropaliklarni urushni boshlashda aybladi
16:35
Rossiya Mudofaa vazirligi: 2025 yilda Ukrainadagi urushga 11 trln rubl sarflanadi
16:08
Yevroparlament Rossiya gazidan voz kechish rejasini tasdiqladi
13:39