Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mers va Erdo‘g‘an kanslerning Anqaraga tashrifi chog‘ida G‘azo bo‘yicha bahslashdi
Germaniya kansleri Fridrix Mersning Turkiyaga ilk tashrifi keskin sahna bilan yakunlandi. Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan muzokaralardan so‘ng, yetakchilar qo‘shma matbuot anjumaniga chiqdi, u kutilmaganda Isroilning HAMASga qarshi urushi, G‘azodagi vaziyat tufayli ochiq bahsga aylandi.
Foto: Getty images
Mers 30 oktabr kuni migratsiya, mudofaa va G‘azodagi vaziyat bo‘yicha Germaniya va Turkiya o‘rtasidagi strategik hamkorlikni qayta tiklash uchun Anqaraga borgan edi, deb yozdi Die Welt. Ammo G‘azo masalasida yetakchilarning fikri bir joydan chiqmadi.
Reuters xabariga ko‘ra, Erdo‘g‘an Isroilni genotsidda, G‘azoga qarshi yadroviy yoki boshqa qurollarni qo‘llash bilan tahdid qilishda ayblab, Germaniya bu harakatlarni «ko‘rmayotgani yoki e’tiborsiz qoldirayotganini» ta’kidladi.
Turkiyaning DHA nashri bahs stenogrammasini keltirdi. Erdo‘g‘an boshidanoq 2023 yil 7 oktyabrda HAMAS hujumidan keyin Isroilning G‘azodagi harakatlarini genotsid sifatida ta’rifladi.
«Mintaqaviy va global masalalar yuzasidan ham fikr almashdik. Turkiya boshidanoq G‘azodagi genotsid masalasini xalqaro kun tartibiga qo‘ydi. Biz o‘t ochishni to‘xtatish va mintaqaga gumanitar yordam yetkazish uchun katta sa’y-harakatlarni amalga oshirdik. Men bu yovuzlikning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik, mintaqada mustahkam tinchlik garovi bo‘lgan ikki davlat tuzish to‘g‘risidagi qaror haqida o‘z qarashlarimizni bayon etdim. Tiklanish jarayoniga har kim o‘z hissasini qo‘shishi, shuningdek, mintaqaga yordam uzluksiz yetib borishini ta’minlashi kerakligini ta’kidladim», dedi Erdo‘g‘an.
Germaniya kansleri Mers Isroilning G‘azoga hujumi haqidagi savolga shunday javob qaytardi: «Biz mustahkam tinchlikka intilamiz. Bunday qat’iy qarorga HAMAS ishtirokisiz erishib bo‘lmaydi. Biz Isroil tashkil topganidan beri uni qo‘llab-quvvatlab kelamiz. Bu mamlakat millionlab yahudiylar uchun boshpana. Germaniya har doim Isroilni qo‘llab-quvvatlaydi. Bu Isroilni tanqid qilmaymiz, degani emas. Avvalgi hukumatlarimiz ham Isroilni tanqid qilgan. 7 oktyabrda, bizning fikrimizcha, Isroil o‘zini himoya qilish huquqidan foydalandi. G‘azodagi bolalar taqdiri meni chuqur qayg‘uga solmoqda. Umid qilamanki, endi bunga chek qo‘yiladi».
Mersning ushbu bayonotidan so‘ng, Erdo‘g‘an unga e’tiroz bildirdi: «Afsuski, men janob kansler bilan bir narsada yakdil emasman. Avvalo, ming afsuski, bu jarayonda 60 mingdan ziyod bolalar, ayollar va keksalar halok bo‘ldi. HAMASda bomba, yadro quroli yo‘q. Ammo bu qurollarning barchasi Isroil ixtiyorida va Isroil ularni, masalan, kecha kechqurun qo‘llab, bu bombalar bilan G‘azoga maqsadli zarbalar berdi. Nahotki siz, Germaniya, buni ko‘rmayapsiz? Nahotki, siz, Germaniya, buni tushunmasangiz?».

Turkiya prezidenti Germaniya va mintaqa davlatlari bu yerda qirg‘inni to‘xtatishga o‘z hissasini qo‘shishiga umid bildirdi.
«G‘azoga hujum qilganda, Isroil har doim uni ochlik va genotsid bilan birga jazolashga harakat qilgan va bu davom etmoqda. Xavf mavjud. Masalan, G‘azoga oziq-ovqat yetkazib berishga kelsak, bizning Qizil Yarim Oy u yerda oziq-ovqat yordamini ko‘rsata olmaydi. Qizil Xoch hamisha xavf ostida. U yerga 100 ming tonnadan ortiq oziq-ovqat yordamini yetkazib berishga harakat qildik. Lekin bu yetarli emas. Bu yordamni davom ettirish juda muhim va bu borada biz Germaniya Qizil Xochini ham, Qizil Yarim Oyni ham ishga solib, bu genotsid va ocharchilikka barham berishimiz kerak. Bu bizning insoniy burchimiz va ishonamanki, Germaniya, Turkiya va mintaqa davlatlari bu yerda qirg‘inni to‘xtatishga o‘z hissasini qo‘shadi», dedi Erdo‘g‘an.
Turkiya rahbari Isroil va G‘azo o‘rtasidagi urushning to‘xtatilishini qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor ta’kidladi.
«Biz har doim HAMASga nisbatan zarur choralarni ko‘rganmiz. Tashqi ishlar vaziri, mudofaa vaziri va razvedka hamjamiyati bu yerda biror muammo kelib chiqmasligi uchun doimiy ish olib bormoqda. Biz hamkorlikda ishlashga tayyormiz va mening tegishli vazirlarim bu borada ko‘rsatmalar olgan, ushbu ko‘rsatmalar asosida o‘z hamkasblari bilan ishlashda davom etmoqda va bundan keyin ham shunday bo‘ladi. Biz Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushning to‘xtatilishini xohlaganimiz kabi, Isroil va G‘azo o‘rtasidagi urushning to‘xtatilishini ham qo‘llab-quvvatlaymiz. Turkiya va Germaniya bu borada birgalikda ishlay oladigan ikki muhim davlat ekaniga ishonaman», dedi u.
So‘ngra matbuot anjumani yo‘nalishi boshqa mavzularga burildi.
Mavzuga oid
11:47
So‘rov: nemislar hukumat va pensiya tizimidan norozi
08:40
Mers AQShga Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini berishga qarshi chiqdi
16:30 / 04.12.2025
Berlin Ukrainaga qurol-yarog‘ yordamini 200 mln dollarga oshiradi
09:26 / 04.12.2025