Jahon | 14:12
594
3 daqiqa o‘qiladi

Hind-Tinch okeanida yangi yaqinlashuv: Berlin Tokio bilan aloqani mustahkamlamoqda

Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius va uning yaponiyalik hamkasbi Sindziro Koidzumi ikki mamlakat o‘rtasidagi sheriklikni kengaytirish masalasini muhokama qildi. Berlin Tokioga yangi bitimni taklif qildi.

Foto: David Mareuil via AFP/Getty Images

Germaniya Yaponiya bilan mudofaa sohasidagi aloqalarni mustahkamlashga intilmoqda. Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistoriusning aytishicha, Berlin Tokioga shunday deb ataluvchi O‘zaro kirish to‘g‘risidagi bitimni (Reciprocal Access Agreement) taklif qildi. Politico nashri 22 mart, yakshanba kuni xabar qilishicha, mazkur hujjat mamlakatlar o‘rtasida harbiy xizmatchilar almashinuvini yengillashtirish va “byurokratik to‘siqlarni sezilarli darajada qisqartirish”ga qaratilgan asosiy kelishuv mexanizmi hisoblanadi.

Bunday kelishuvlar sherik davlatlarga qo‘shma manyovrlar, o‘quv mashg‘ulotlari yoki operatsiyalarda qatnashish uchun harbiy xizmatchilarni yuborish jarayonini soddalashtirish imkonini beradi. Yaponiyada Buyuk Britaniya va Avstraliya bilan ham shunga o‘xshash bitimlar mavjud bo‘lib, ular Osiyo-Tinch okeani mintaqasida kuchayib borayotgan keskinlik sharoitida imzolangan.

Boris Pistorius va uning yaponiyalik hamkasbi Sindziro Koidzumi Tokio yaqinidagi Yokosuka harbiy-dengiz bazasida uchrashdi. Dpa agentligi xabar berishicha, vazirlar qurollanish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, inqiroz holatlarida o‘zaro maslahatlashuv mexanizmlarini muhokama qildi.

Pistoriusning ta’kidlashicha, Germaniya va Yaponiya o‘rta hajmdagi davlatlar sifatida qoidalarga asoslangan xalqaro tartibga sodiq va shu bois “yanada yaqinroq birlashishi, nimani himoya qilishi va buni qanday ta’minlashini aniq ko‘rsatishi” kerak.

Germaniya mudofaa idorasi rahbari 20 martdan 28 martgacha Hind-Tinch okeani mintaqasiga tashrif buyurmoqda. Safarning maqsadi — do‘st davlatlar bilan xavfsizlik sohasidagi munosabatlarni mustahkamlash. Germaniya mudofaa vazirligi ma’lum qilishicha, tur dasturiga Tokio, Singapur, Brisben va Kanberraga tashriflar kiritilgan. Vazirlikka ko‘ra, Yevropa xavfsizligi ushbu mintaqa xavfsizligi bilan uzviy bog‘liq.

Dpa aniqlashtirishicha, Pistoriusning xizmat safari xalqaro tartib, dengiz yo‘llari xavfsizligini ta’minlash, xalqaro huquqqa rioya qilish va mintaqaning jahon ta’minot zanjirlari uchun ahamiyatiga bag‘ishlangan.

Germaniya delegatsiyasi tarkibiga yirik nemis mudofaa kompaniyalari rahbarlari ham kirgan. Ular orasida Airbus Defence, Diehl, MBDA, Rohde & Schwarz, Quantum Systems va TKMS bor.

Bir kun avval Yaponiya, shuningdek Yevropa davlatlari, Kanada, Janubiy Koreya, Yangi Zelandiya, Avstraliya, Bahrayn va Birlashgan Arab Amirliklari Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalarning xavfsiz o‘tishi ta’minlanishida ishtirok etishga tayyor ekanini bildirgan edi.

Qo‘shma bayonotda shunday deyilgan: “Biz Eronning Fors ko‘rfazida qurolsiz savdo kemalariga qarshi so‘nggi hujumlarini, neft-gaz obektlarini o‘z ichiga olgan fuqaroviy infratuzilmaga qarshi hujumlarini va Eron kuchlari tomonidan Ho‘rmuz bo‘g‘ozining amalda yopib qo‘yilishini qat’iy qoralaymiz”.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid