Jahon | 11:48 / 04.11.2025
3445
2 daqiqa o‘qiladi

Boshqirdistondagi neft-kimyo zavodida portlash sodir bo‘ldi

Rasmiylar ma’lumotiga ko‘ra, Sterlitamak sanoat majmuasi dronlar hujumiga uchragan. Portlashlar haqida Nijniy Novgorod viloyati aholisi ham xabar berdi.

Foto: Rossiya FVV (arxiv)

Sterlitamak neft-kimyo zavodida 4 noyabrga o‘tar kechasi portlash yuz berdi. Bu haqda Sterlitamak shahar ma’muriyati raisi Emil Shaymardanov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, portlash suv tozalash sexida ro‘y bergan. «Tsexda 5 kishi ishlayotgan edi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hech kim jabrlanmagan», — deb yozdi Shaymardanov va portlash sabablari o‘rganilayotganini qo‘shimcha qildi.

Keyinroq respublika rahbari Radiy Xabirov Sterlitamak sanoat majmuasi ikkita dron hujumiga uchraganini, dronlar urib tushirilganini bildirdi. «Dron parchalari yordamchi sex hududiga tushgan. Halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar yo‘q, korxona odatiy tartibda ishlayapti», — deb yozdi Xabirov 4 noyabr kuni tongda.

Xuddi shu kechasi Nijniy Novgorod viloyatining Kstovo shahrida ukrain dronlari hujumini qaytarish chog‘ida 9 tadan 12 tagacha portlash ovozi eshitilgani haqida mahalliy aholiga tayangan SHOT Telegram-kanali xabar berdi.

Bundan tashqari, ukrain OAVda UQK dronlari Kstovadagi «Lukoyl-Nijyegorodnefteorgsintez» NQZga zarba bergani haqida ma’lumot tarqatildi. Astra Telegram-kanali esa ehtimoliy portlashlar videosini e’lon qildi.

Kursk viloyatida Rilsk shahridagi podstansiyaga UQK zarbasi natijasida 16 mingdan ortiq iste’molchi elektr ta’minotisiz qolgani ma’lum qilindi, dedi hudud gubernatori Aleksandr Xinshteyn.

Mavzuga oid