O‘zbekiston | 18:04 / 05.11.2025
2600
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi belgilandi

Bunday yordamni olish uchun bemorlar o‘zi biriktirilgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasasiga murojaat qiladi.

Hukumat qarori bilan “Davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlarida O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida”gi nizom 4 noyabr kuni tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, tibbiyot tashkilotlarida yo‘llanma asosida Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan tibbiy yordam quyidagilarga ko‘rsatiladi:

- tuman (shahar) va hududiy darajalarda – aholining barcha toifalariga;

- respublika darajasida – imtiyozli bemorlarga.

Davlat budjeti hisobidan tibbiy yordam olish uchun bemorlar o‘zi biriktirilgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasasiga murojaat qiladi.

Biriktirilgan oilaviy shifokor tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi hamda tor soha mutaxassisi ko‘rigiga yo‘naltiriladi.

Tor soha mutaxassisi tomonidan bemorlar 1 ish kunida amaldagi klinik protokollar hamda tashxislash va davolash standartlariga muvofiq tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Bemorlarga statsionar sharoitda tibbiy yordam olishga ko‘rsatma bo‘lganda, tor soha mutaxassisi yoki oilaviy shifokor tomonidan tuman (shahar) darajasidagi tibbiyot muassasasida rejali statsionar tibbiy yordam olish uchun axborot tizimi orqali yo‘llanma beriladi.

Bemor ma’lumotlari respublika darajasidagi yo‘nalish bo‘yicha tibbiy-tanlov komissiyalari tomonidan o‘rganiladi va natijasi bo‘yicha 2 ish kunida elektron axborot tizimi orqali xulosa beriladi.

Mavzuga oid