Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Polsha OAV: “Ochiq Rossiya”ning sobiq koordinatori FSB uchun ishlagan
Polshada panoh topgan rossiyalik Igor Rogov RF maxsus xizmati foydasiga josuslikda va kurer orqali bomba yuborishga uringanlikda ayblanmoqda. U va rafiqasiga sakkiz yildan to umrbod qamoqqacha jazo tahdid solmoqda.
Foto: PKB24
Ukrainaga qarshi Rossiya urushi boshlangach Polshada siyosiy boshpana olgan va o‘zini muxolifatchi deb tanishtirgan rossiyalik Igor Rogov bir necha yil davomida Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) bilan hamkorlik qilib kelganini polyak tergovchilariga tan oldi. Bu haqda 3 noyabr kuni WP Wiadomości va PKB24 internet-nashrlari Rogov va uning rafiqasi Irinaga nisbatan qo‘zg‘atilgan ish materiallariga tayangan holda xabar qildi.
Polsha tergovchilari tayyorlagan yakuniy xulosaga ko‘ra, 2024 yil yozida Polsha Ichki xavfsizlik agentligi (ABW) tomonidan qo‘lga olingan Rogov — avval “Ochiq Rossiya” harakatining koordinatori va Aleksey Navalniy shtabi (Saransk) koordinatorining o‘rinbosari bo‘lgan — u FSB xodimiga G‘arbga ko‘chgan rossiyalik muxoliflar haqidagina emas, balki rossiyalik muhojirlarga yordam berayotgan polyak tuzilmalari, Polsha TIV amaldorlari faoliyati, rossiyaliklar uchun polyak tili o‘qituvchilari haqida ham ma’lumotlar o‘tkazib turgan. Aytilishicha, ma’lumotlarni flesh-kartada rafiqasiga bergan va u o‘sha payt Rossiyaga qarindoshlarini ko‘rishga borgan.
“Menga yoqadigan ishni qilishim kerak edi: rossiyalik muxolifat doiralarida aylanish, yangi odamlar bilan tanishish va oxir-oqibat hammasini FSBga xabar qilish. Men ko‘proq yaxshilik qilyapman, deb o‘ylardim”, — deya Igor Rogov ko‘rsatmalarini keltirgan WP Wiadomości. U, shuningdek, o‘zini Ukrainadagi urushga safarbar qilish bilan otasini qo‘rqitgan FSB bosimi ostida harakat qilganini aytgan: “Men bosim ostida edim, bu odamlar men haqimda hammasini biladi, deb o‘ylardim. Qo‘rqardim”, — degan u.
Bundan tashqari, tergov 2024 yil yozida Polshadagi logistika markazida aniqlangan posilka — bomba tayyorlash komponentlari: nitroglitserin, pauerbank ko‘rinishidagi detonator va kumulyativ qismi bor metall termos qabul qiluvchisi Igor Rogov bo‘lganini ham aniqladi. Rogovning aytishicha, u faqat posilkani olib qo‘yishi kerak bo‘lgan, ichida nima borligini bilmagan, bu ishni undan Polshada yashayotgan rossiyalik muxolifatchi Emil G. so‘ragan. Rogov buni “oddiy yordam” deb atagan.
Endi unga josuslikdan tashqari odamlar hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirganlik aybi ham qo‘yilmoqda. Igor Rogov va uning rafiqasi Irina Rogovalarga sakkiz yildan umrbod qamoqqacha jazo berilishi mumkin.
Polsha OAV yozishicha, Igor Rogov 2022 yil bahorida Polshaga kelgan. U o‘zini muxolifatchi deb tanishtirib, Sileziyada Vladimir Putin hokimiyatiga qarshi mitinglar tashkil etganini aytib yurgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Varshava hukumati Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlangach uni mamlakatga taklif qilgan. Rogov “informatika” ixtisosligi bo‘yicha o‘qishni yakunlagan, oyiga 5000 zlotiy stipendiya va ijtimoiy yordam, shuningdek Sosnovets shahrida yotoqxonada turar joy olgan. Biroq Polsha Ichki xavfsizlik agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Rogov Rossiyaning o‘zidayoq FSB tomonidan yollangan va u bilan faol hamkorlikni davom ettirgan.
Tergovda hal qiluvchi nuqta Irina Rogovaning ko‘rsatmalari bo‘ldi: u eri boshqa bir rossiyalik muhojir ayol bilan munosabat o‘rnatganini bilib qolgach, xususiy suhbatlarda Igor yillar davomida Yevgeniy ismli FSB xodimi bilan ishlashini ayta boshlagan. Rog‘ov u bilan hamkorlik qilganini xotiniga “universitetning birinchi yoki ikkinchi kursidayoq” ochiq aytgan va o‘shanda “Ochiq Rossiya” konferensiyalaridan FSB uchun hisobotlar yozganini ta’kidlagan.
WP Wiadomości ma’lumotlariga ko‘ra, Igor Rogovni nazorat qilgan FSB ofitseri Yevgeniy ayrim hujjatlarda Yevgeniy Litko sifatida qayd etilgan, u go‘yoki Germaniyada yashaydi va u yerdan Rossiya agenturasini boshqaradi. Polsha xizmatlari uning turgan joyini aniqlashga uringani-urinmagani noma’lum.
Igor Rogov ishi — 2022 yilda mamlakatga kirib kelayotgan rossiyalik fuqarolar soni ortishi bilan bog‘liq xavflar haqida og‘ohlantirgan polyak maxsus xizmatlari xavotirlarining yana bir tasdig‘i, deb yozadi Polsha OAV.
Mavzuga oid
23:00 / 04.12.2025
Amerika delegatsiyasi Zelenskiy bilan uchrashuvni bekor qilgan - OAV
15:46 / 04.12.2025
Rossiyada Roblox o‘yin platformasi bloklandi
14:59 / 04.12.2025
Ryutte: Ukraina hamkorlari Rossiyaga bosimni davom ettirishi kerak
13:47 / 04.12.2025