Avto | 13:47 / 04.12.2025
1902
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada yangi mashinalar sotuvi bir yilda 17,8 foizga tushib ketdi

2025 yil yanvar–noyabr oylari oralig‘ida Rossiyada 1,19 mln dona yangi yengil avtomobil sotilgan, bir yil oldin esa bu ko‘rsatkich 1,45 mlnni tashkil etgan. Bu haqda «Avtostat» tahlil agentligi avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish ma’lumotlari asosida xabar berdi.

Foto: Ilya Naymushin/RIA Novosti

2025 yilning 11 oyida Rossiyada 1,19 mln dona yangi yengil avtomobil sotilgan. Bu o‘tgan yilning shu davridagi ko‘rsatkichga nisbatan 17,8 foizga kam (o‘shanda 1,45 mln dona avtomobil sotilgan edi), deb xabar berdi chorshanba kuni, 3 dekabrda, «Avtostat» tahlil agentligi avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish ma’lumotlariga tayanib.

Shu bilan birga, noyabr oyida Rossiyada yangi yengil avtomobillar savdosi o‘tgan yilning shu oyiga nisbatan 5,0 foizga oshgani qayd etilgan — ushbu oyda 127,9 ming dona mashina sotilgan. Bir yil oldin bu ko‘rsatkich 121,8 mingni tashkil etgan.

Rossiya bozorida sotuvlar bo‘yicha yetakchi brend sifatida hanuzgacha mahalliy ishlab chiqaruvchi «AvtoVAZ»ning LADA markasi qolmoqda. Noyabr oyida yangi avtomobillar savdosining 21,4 foizi aynan shu brend hissasiga to‘g‘ri keldi. Biroq bir yil oldin bu ulush barcha yangi yengil avtomobillar sotuvining qariyb uchdan bir qismiga, ya’ni 31,1 foizga teng edi.

Ikkinchi o‘rinda ommaboplik bo‘yicha Xitoyning Haval brendi qolmoqda, reytingdagi uchinchi pog‘onani esa ilk bor faqat avgust oyida sotuvga chiqarila boshlangan yangi Rossiya brendi TENET egalladi. Rossiyada eng ko‘p sotilayotgan avtomobillar top-10 ro‘yxatiga, shuningdek, Xitoyning Geely, Changan, Chery va Jetour markalari, Belarus brendi Belgee, Rossiyada chiqariladigan Solaris hamda Yaponiyaning Toyota’si (3 970 dona) kirgan.

The Moscow Times nashri ta’kidlashicha, Rossiya avtomobil bozorida talab dinamikasi utilizatsiya to‘lovi oshirilishi jadvaliga katta darajada bog‘liq: ushbu to‘lov oshirilishidan oldin savdo keskin o‘sadi, so‘ngra jiddiy ravishda pasayadi. 2025 yilda utilizatsiya to‘lovini hisoblashning yangi tartibini 1 noyabrdan joriy etish rejalashtirilgan edi, ammo keyinchalik bu muddatni bir oyga kechiktirishga qaror qilindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid