Jahon | 20:37 / 06.11.2025
5862
3 daqiqa o‘qiladi

“Oq uy bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa o‘rnatildi” – Trampning maxsus vakili 

Vashingtonda Markaziy Osiyo – AQSh S5+1 sammitidan oldin Davlat departamenti tashqi ishlar vazirlari uchun qabul uyushtirdi. Unda nutq so‘zlagan AQSh prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gorning aytishicha, endi bu davlatlar munosib e’tiborga sazovor bo‘ladi.

Serjio Gor uzoq yillar mobaynida AQSh rahbariyati bu mintaqaga keraklicha e’tibor qaratmaganini qo‘shimcha qildi.

Prezident meni Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakil etib tayinlaganida, u menga avvalgi ma’muriyatlar davrida dunyoning bu mintaqasiga munosib darajada e’tibor qaratilmaganini alohida ta’kidladi. Uning bu mintaqaga sodiqligi shundan iboratki, endi Oq uy bilan bevosita aloqa yo‘lga qo‘yiladi va bu mintaqa o‘ziga munosib e’tiborni oladi”, deydi prezident maxsus vakili. 

Serjio Gor o‘tgan hafta mintaqada bo‘lganini ham yodga olib, iliq fikrlarini bildirdi. 

O‘tgan haftaning o‘zida kotib o‘rinbosari Lando ikkimiz O‘zbekiston va Qozog‘istonga tashrif buyurish sharafiga muyassar bo‘ldik. Bu juda muvaffaqiyatli tashrif bo‘ldi. Ertaga barcha besh davlat rahbari Oq uyga tashrif buyurishi munosabati bilan bu haqda batafsilroq bilib olasiz. Markaziy Osiyo mehmondo‘stligi haqiqatan ham beqiyosdir. Shunchalik ko‘p ovqatlandikki, menimcha, Kris ikkimiz keyingi bir necha oy davomida ozishimizga to‘g‘ri keladi. Iliq kutib olish, lazzatli taomlar, ajoyib tarix va madaniyat tufayli prezidentning maxsus vakili sifatidagi mintaqaga ilk tashrifim unutilmas bo‘ldi. Yaqin kelajakda Turkmaniston, Tojikiston va Qirg‘iz Respublikasiga tashrif buyurishni intiqlik bilan kutaman”, dedi Gor. 

Eslatib o‘tamiz, bu yili diplomatik format tuzilganiga 10 yil to‘layotgani munosabati bilan AQSh prezidenti besh davlat rahbarlarini ilk bor Oq uyda qabul qiladi.

Mavzuga oid