O‘zbekiston | 19:00 / 12.11.2025
8337
3 daqiqa o‘qiladi

BYD’da o‘tkazilgan sinov: “mix bilan teshib ko‘rish” testi

Elektromobillarda batareyalar odatda, kuzovning past qismiga o‘rnatiladi. Bu esa ularni yo‘ldagi toshlar, baland bordyurlar yoki zarbalardan shikastlanish xavfiga duch qilishi mumkin. Shuningdek, ba’zi hollarda suv kirishi yoki qizib yong‘in chiqishi holatlari ham qayd etilgan. Ammo BYD kompaniyasi o‘zining yangi Blade Battery texnologiyasi bilan bu xavflarni deyarli yo‘qqa chiqarishga muvaffaq bo‘ldi.

 

Texnologiyaning xavfsizligi yaqinda Kelesda bo‘lib o‘tgan amaliyotda sinovdan o‘tkazildi. Sinovda avvalo an’anaviy NCM turidagi batareya mix bilan teshildi. Natijada batareya darhol qizib, yonib, tutun chiqara boshladi.

Xuddi shu sharoitda BYD Blade Battery ham tekshirildi — natija butunlay boshqacha bo‘ldi. Batareya mix bilan teshilganiga qaramay, hech qanday olov, tutun yoki qizib ketish holatlari kuzatilmadi. U faol holda ishlashda davom etdi.

Bu test batareya xavfsizligini baholashdagi eng qat’iy sinovlardan biri hisoblanadi. U transport vositasi to‘qnashganda yuz berishi mumkin bo‘lgan portlash yoki termal reaksiya holatini sun’iy ravishda yaratishga qaratilgan.

Nima uchun “BYD Blade Battery” boshqalardan farq qiladi?

BYD Blade Battery o‘zining uzun va yupqa prizmatik elementlari bilan ajralib turadi. Bu akkumulyator “cell-to-pack” dizayni orqali an’anaviy modul tuzilmasini bekor qiladi, natijada avtomobil pastki qismida joydan yanada samarali foydalanish imkonini beradi. Ma’lumot uchun “cell-to-pack” texnologiyasi — bu akkumulyator ishlab chiqarishdagi yangi yondashuv bo‘lib, unda batareya elementlari (Cell ) bevosita akkumulyator bloki (Pack) ichiga joylashtiriladi.

Eng muhimi — uning issiqlikka chidamliligi va portlash xavfining pastligi. Bu nafaqat xavfsizlikni oshiradi, balki avtomobilning umumiy samaradorligi va xizmat muddatini ham uzaytiradi.

Tadqiqotchilar fikricha, BYD Blade Battery texnologiyasi elektromobillar bozorida xavfsizlik va ishonchlilik bo‘yicha yangi standart yaratdi. Shu sababli ko‘plab ishlab chiqaruvchilar endi aynan shunday tizimlarga o‘tishni boshlagan.

Qisqacha aytganda, BYD Blade Battery — yonmaydigan, uzoq xizmat qiladigan va barqaror ishlaydigan batareya turi. U nafaqat innovatsiya, balki elektromobillar kelajagining yangi bosqichi sifatida baholanmoqda.

BYD 22 noyabr kuni Chig‘atoydagi markazida o‘z batareyalarining xavfsizligini amalda ko‘rsatadigan sinov namoyishini o‘tkazadi.

 
Tayyorlagan:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid