Jahon | 16:25 / 13.11.2025
2799
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada pilotsiz tizimlar qo‘shinlari tuzildi

Rossiya qo‘shinlarida pilotsiz (dron) tizimlar qo‘shinlari tashkil etilgani e’lon qilindi. Yangi turdagi qo‘shinlarni shakllantirish 2024 yil dekabrida ma’lum qilingan edi, Ukraina QQ tarkibida esa Pilotsiz tizimlar kuchlari 2024 yil fevral oyida paydo bo‘lgan.

Foto: TASS

Rossiya qurolli kuchlarida pilotsiz tizimlar qo‘shinlari tuzildi, deb ma’lum qildi 12 noyabr kuni «Komsomolskaya pravda» gazetasiga bergan intervyusida yangi turdagi qo‘shinlar boshlig‘ining o‘rinbosari polkovnik Sergey Ishtuganov. «Yangi turdagi qo‘shinlarning tuzilmasi aniqlandi, pilotsiz tizimlar qo‘shinlarining boshlig‘i tayinlandi, harbiy boshqaruv organlari barcha darajada yaratildi. Tashkiliy shtatdagi polklar va boshqa bo‘linmalar shakllantirildi. Pilotsiz tizimlar bo‘linmalarining jangovar faoliyati yagona reja asosida va qo‘shinlar guruhlari tarkibidagi boshqa bo‘linmalar bilan o‘zaro hamkorlikda olib borilmoqda», — dedi Ishtuganov. Uning aytishicha, hozir «pilotsiz tizimlar qo‘shinlari uchun oliy harbiy ta’lim muassasasini yaratish» ustida ishlar ketmoqda.

O‘z navbatida, TASS davlat axborot agentligi Rossiya Mudofaa vazirligi roligini e’lon qildi, unda pilotsiz tizimlar qo‘shinlarining emblemasi namoyish etilgan: kesishgan nayza va shamshir, kesishgan joyida esa yulduz va qanotli mikrosxema tasviri.

O‘tgan yil dekabrida RF mudofaa vaziri Andrey Belousov yangi turdagi qo‘shinlarni «Oliy bosh qo‘mondon topshirig‘iga muvofiq» shakllantirish taklif etilganini aytgan. U yaratish jarayoni 2025 yilning uchinchi choragida yakunlanishini qayd etgan.

2025 yil iyun oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin tuzilayotgan pilotsiz tizimlar qo‘shinlarini «iloji boricha tez va sifatli ravishda joylashtirish va rivojlantirish»ni ta’minlashga chaqirgan. «Qarshi tomon qanday harakat qilayotganini bilamiz. Ammo umuman olganda, bu borada biror joyda ortda qolayotganimiz yo‘q, deb hisoblayman», — degan edi Putin.

Ukraina Qurolli Kuchlari tarkibida aynan shunday bo‘linmalar — Pilotsiz tizimlar kuchlari (SBS) prezident Volodimir Zelenskiyning 2024 yil 6 fevraldagi farmoni bilan alohida tur sifatida ajratilgan. Ularning tarkibiga havo, dengiz va quruqlikda qo‘llanuvchi pilotsiz va robotlashtirilgan tizimlardan foydalanadigan bo‘linmalar kiritilgan. 2025 yil iyundan SBSga armiyada «Madyar» taxallusi bilan tanilgan mayor Robert Brovdi qo‘mondonlik qilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid