Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyada xorijiy kompaniyalar o‘z brendiga bo‘lgan huquqlarni yo‘qota boshladi
2022 yildan keyin Rossiya bozorini tark etgan kompaniyalar bu mamlakatda o‘z brendlariga bo‘lgan huquqlarni ommaviy ravishda yo‘qotish xavfiga duch kelmoqda. Qonunga ko‘ra, agar savdo belgisi uch yildan ortiq vaqt davomida qo‘llanmasa, unga istagan shaxs ariza berishi mumkin.
Ukrainaga qarshi Rossiya tomonidan 2022 yilda boshlangan to‘liq miqyosdagi urush vaqtida Rossiyani tark etgan xorijiy kompaniyalar RFda o‘z savdo belgilariga bo‘lgan huquqlarni yo‘qotish xavfi bilan ommaviy ravishda to‘qnashmoqda. Ularning ayrimlari bu huquqlardan allaqachon mahrum bo‘lgan, deb yozadi Bloomberg agentligi 13 noyabr kuni.
Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, ketma-ket uch yildan ortiq vaqt davomida qo‘llanmayotgan tovar belgisi unga ariza bergan istalgan shaxsga o‘tkazilishi mumkin. Jurnalistlar ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil boshidan buyon shu sababli 300 dan ortiq xorijiy kompaniya tovar belgilariga bo‘lgan huquqlarni sud orqali yo‘qotish xavfiga duch kelgan. Shu bilan birga, bunday da’volar ko‘p hollarda rad etiladi yoki qanoatlantirilmaydi, deya ta’kidlaydi Moskvadagi «Gorodisskiy i partnyory» yuridik firmasi bilan hamkorlik qiluvchi huquqshunos Vladimir Biryulin. Bu holat tovar belgisi egasi uni hali ham qo‘llayotganini isbotlasa yoki da’vogar o‘zining unga qiziqishini yetarlicha asoslab bermasa yuzaga keladi.
Masalan, 2025 yilda Rossiyadagi yirik restoratorlardan biri Anton Pinskiy sud orqali Amerikaning Starbucks qahvaxonalar tarmog‘ining tovar belgisini bekor qilishga uringan, biroq uning da’vosi rad etilgan va kompaniyaga brend ro‘yxatdan o‘tkazish muddatini uzaytirishga ruxsat berilgan. 2022 yil yozida Starbucks o‘zining Rossiyadagi biznesini taxminan 500 mln rublga Pinskiy va rep ijrochisi Timati (Timur Yunusov)ga sotgan edi, ular shu asosda Stars Coffee nomli shaxsiy qahvaxonalar tarmog‘ini ochdi.
Ayrim da’vogarlar bir vaqtning o‘zida bir nechta brendga bo‘lgan huquqlarni sud orqali qo‘lga kiritishni istamoqda. Masalan, Andrey Kojuxarev 2024 yilda Stüssy, Fred Perry, Carhartt va boshqa kiyim brendlari bo‘yicha xorijiy kompaniyalarning huquqlarini bekor qilish haqida kamida 12 ta da’vo arizasi kiritgan. Ularning ko‘pchiligi hali ko‘rib chiqilmoqda, ikkitasi rad etilgan. Rusprofile kontragentlarni tekshirish servisidagi ma’lumotlarga ko‘ra, da’vogarning ismiga ega yakka tartibdagi tadbirkor Kurgan viloyatidagi Krepost qishlog‘ida ro‘yxatdan o‘tgan. Uning mikrokorxonasi, jumladan, maxsus kiyim ishlab chiqarish va internet-savdo bilan shug‘ullanish huquqiga ega.
Rossiya sudlarida o‘z brendining kamida bir qismini himoya qila olgan xorijiy bizneslar orasida Amerikaning Amazon marketpleysining Yevropa ofislari, ayollar ichki kiyimi ishlab chiqaruvchi Amerikaning Victoria’s Secret, telekom uskunalar ishlab chiqaruvchi Shvetsiya hamda Finlandiyaning Ericsson va Nokia, shuningdek Inditex’ning Ispaniyadagi bosh kompaniyasi (Bershka, Zara va Massimo Dutti brendlari egasi) bor. 2024 yil o‘rtalariga kelib, Ericsson’dan tashqari ushbu ro‘yxatdagi barcha brendlar bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishni bekor qilishga Hongkongdagi Multigoods Production nomli ulgurji kompaniya erishgan. U jami kamida yana 16 ta shunga o‘xshash da’vo arizasi kiritgan.
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Kaliningraddagi «Universalnaya sigaretnaya manufaktura» (UCM) esa aprel oyida Britaniyaning Imperial Brands kompaniyasining Gitanes brendiga bo‘lgan huquqini sud orqali bekor qildirgan. Biroq iyul oyida Rossiya kompaniyasi vakillari qandaydir sababga ko‘ra tovar belgisini o‘z nomiga qayta ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizani qaytarib olgan.
Shu fonda 2025 yilning dastlabki to‘qqiz oyi mobaynida Rospatent tovar belgilarining amal qilish muddatini uzaytirishga doir arizalar soni oshib borayotganini qayd etdi. 2024 yilda 15,5 mingdan ortiq ariza topshirilgan — bu so‘nggi besh yildagidan ko‘proq. Bundan tashqari, ularning aksariyati ma’qullangan.
Xususan, Italiyaning Giorgio Armani moda brendi o‘z tovar belgilar portfelini himoya qilayotganini ma’lum qildi. Fransiyaning Michelin shinalar ishlab chiqaruvchisi ham o‘z tovar belgisi reputatsiyasidan «foydalanishga urinishlar» haqida xabar berdi. Shu bois kompaniya vakillari brend bilan bog‘liq da’volarni «yaqindan kuzatishini», biroq Rossiyaga qaytishni rejalashtirmayotganini bildirgan.
Mavzuga oid
08:45 / 09.06.2026
Ukraina Rossiyani BMTdan chiqish haqida o‘ylab ko‘rishga chaqirdi
22:09 / 08.06.2026
«Gazprom» O‘zbekistonga eksportni 15 foizga oshirganini ma’lum qildi
20:34 / 08.06.2026
Xominaiy o‘ldirilgach, Rossiyada Putinni qo‘riqlash uchun yaratilgan kuzatuv tizimi o‘chirib qo‘yildi
18:06 / 08.06.2026