Jahon | 08:45 / 15.11.2025
2296
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp: AQSh «yaqin orada» yadroviy sinovlar o‘tkazadi

Donald Tramp AQShda yadroviy sinovlarni qayta boshlash niyatini tasdiqladi. Oq uy rahbari bu «yaqin orada» sodir bo‘lishini ta’kidladi. U, shuningdek, denuklearizatsiya masalasi bo‘yicha Rossiya va Xitoy bilan uchrashuv o‘tkazish istagini bildirdi.

Foto: Andrew Leyden/NurPhoto/picture alliance

Qo‘shma Shtatlar yadroviy sinovlar o‘tkazadi, chunki boshqa davlatlar ham bunday sinovlar o‘tkazmoqda. Bu haqda 14 noyabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Floridaga yo‘l olayotganida Air Force One bortida jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida ma’lum qildi. Reuters agentligi qayd etishicha, Oq uy rahbari sinovlar yadroviy kallaklarni portlatishni o‘z ichiga oladimi-yo‘qmi, aniqlashtirmagan.

OAV vakillarining «AQSh yadroviy sinovlarni qachon o‘tkazadi?» degan savoliga Tramp: «Yaqin orada», — deb javob berdi. Shu bilan birga, respublikachi u yadroviy quroldan ozod bo‘lish (denuklearizatsiya) masalasida Rossiya va Xitoy bilan uchrashuv o‘tkazishni istashini ta’kidlab, yadroviy qurolsizlanishni bunday qurollar ustidan nazorat sohasidagi eng yaxshi yechim deb atadi. Trampning aytishicha, Rossiya va Xitoy to‘rt–besh yil ichida yadroviy arsenal bo‘yicha Qo‘shma Shtatlarga yetib olishi mumkin.

Donald Tramp yadroviy sinovlarni AQShda qayta yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi qarorini 29 oktyabr kuni e’lon qilgan, ammo ma’muriyat hanuzgacha gap yadroviy zaryadlarni portlatish haqida ketyaptimi-yo‘qmi, aniq tushuntirmagan.

«Rossiya sinovlar o‘tkazmoqda, Xitoy sinovlar o‘tkazmoqda, lekin ular bu haqda gapirmaydi. Men sinov o‘tkazmaydigan yagona davlat bo‘lishni istamayman», — degan edi AQSh prezidenti noyabr boshlarida CBS News telekanalidagi 60 Minutes dasturida.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid