Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukraina pora botqog‘ida, Jo‘laniy Oq uyda - hafta dayjesti
Assalomu alaykum, azizlar. Bugun 16 noyabr, yakshanba. Darrov bir hafta o‘tdi va yana siz bilan haftaning muhim voqealarini eslaymiz. Ortda qolayotgan haftada po‘raxor amaldorlar Ukrainani chinakam botqoqqa botirishdi, Rossiya yana bir muvaffaqiyatli operatsiya o‘tkazib, Pokrovsk egallanishini naqd qildi, qo‘mondon Abu Muhammad al Jo‘laniy Vashingtonga bordi, lekin bir necha yil oldin okopdagi safdoshlari bilan ko‘zlagan maqsadi yo‘lida emas, «chinovnik» sifatida.
Jo‘laniy AQShda
Hafta boshida Suriya prezidenti Ahmad ash Shar’a rasmiy tashrif bilan AQShga bordi. 7 noyabrgacha Vashingtonning terrorchilar ro‘yxatida turgan Jo‘laniy Oq uyda butun boshli Amerika prezidenti Tramp bilan ko‘rishdi. Al Qoidaning Suriyadagi qo‘mondoni bo‘lib yurgan vaqtida ham Abu Muhammad al Jo‘laniy quroldosh do‘stlari bilan Amerikaga, Vashingtonga, Oq uyga borishni orzu qilgani aniq. Lekin boshqacha maqsad bilan. Nima demoqchi ekanimni tushundingiz deb o‘ylayman. Biroq Jo‘laniy Vashingtonga «yoshligidagi orzusini amalga oshirish uchun» emas, Suriyaning xalqaro tan olingan legitim prezidenti sifatida bordi.
Oq uyga qaysidir davlat rahbari borsa, odatda o‘sha mamlakatning muxolif kayfiyatdagi odamlari bino yaqinida norozi kayfiyatdagi bannerlar ko‘tarib chiqishadi. Lekin Jo‘laniy oxirgi yillarda Vashingtonda eng iliq kutib olingan davlat rahbari bo‘ldi chamamda. Shaxsan men kimnidir Vashington ko‘chalarida bunaqa iliq kutib olishlarini ko‘rmaganman. Shundan ham suriyaliklar Bashar Asad ag‘darilganidan qanchalik xursand bo‘lganini sezish mumkin.
Tramp Jo‘laniyni odatdagidek Oq uyning mashhur shiyponida kutib olmadi. Suriya prezidenti Trampning kabinetiga orqa eshikdan kirdi. Axir u butun boshli qo‘mondon, xavfsizlik bo‘yicha o‘z talablari bor, qaysi davlatda bo‘lmasin o‘zining ehtiyotini qilishni biladi.
Tramp Suriya prezidenti Ahmad ash Shar’a unga yoqqani, yaxshi chiqishib ketishganini aytdi. Bu uchrashuvda katta ehtimol hech qanday kelishuv bo‘lmagan. Yaqingacha Amerika kallasi uchun mukofot taklif qilgan, xavfli terrorchi deb e’lon qilgan odam bugun Oq uyda xuddi o‘sha Amerikaning prezidenti bilan uchrashgani dunyo siyosati qanchalik ikkiyuzlamachi ekanini bilish uchun kifoya bo‘ldi.
Arzon neft davri keldimi?
Dunyo neft bozoridagi vaziyatni kuzatib boradigan statistika tashkilotlari hisobotida aytilishicha, hozir dunyo okeanlarida kamida milliard barrel neft xaridorini kutib to‘planib qoldi. Bu neftning katta qismi Rossiyaga tegishli, shuningdek, Venesuela va Eronga tegishli neft ortilgan tankerlar sanksiya sabab mijoz topishga qiynalgani uchun ummonda langar tashlashga majbur bo‘lgan. Davlatlar Amerika ikkilamchi sanksiyalariga tushishdan qo‘rqib bu tankerlarni o‘z sohillariga kiritishga qo‘rqayotgan bo‘lishi mumkin.
Okeanda buncha ko‘p neft to‘planib qolganining sabablaridan biri OPEK davlatlari kelishuvga ko‘ra qazib olishni oshirgani bo‘lishi mumkin. Shuningdek, Ukraina tinimsiz Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga zarba berayotgani uchun ruslar neftni ko‘proq tankerlarga chiqarayotgani ehtimoli ham yo‘q emas.
Oldinroq Saudiya Arabistoni Hindiston va Xitoy uchun o‘z neftiga chegirmalar e’lon qilgandi. Bu xabarlardan bir xulosaga kelishi mumkin: dunyo katta ehtimol yana arzon neft davriga yaqinlashmoqda. Balki bizda ham benzin narxi tushib qolar, nima deb o‘ylaysiz?
Tuman operatsiyasi
Hafta davomida Ukrainaning Pokrovsk shahrida vaziyat Kiyev uchun yanada og‘irlashdi. Ruslar bu shaharni egallashiga endi hech kim shubha qilmayapti. Ortda qolayotgan hafta davomida shaharni qalin tuman qoplagani ruslarga qo‘l kelib, oddiy mototsikl va mashinalarda juda ko‘p askarlarini shahar ichkarisiga olib kirishdi. Dron operatorlari bunday havoda razvedka o‘tkazolmagan. Shu bois ruslar tuman operatsiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirib, ukrainlarni qurshovga olish imkoniyatlarini oshirib olgan.
Ukrainlar kolonnaning bir qismi yo‘q qilinganini aytmoqda, lekin Pokrovsk deyarli boy berilganiga qaraganda ruslar operatsiyani bajarishni uddalagan. Bu Rossiyaning urush davomida amalga oshirgan navbatdagi muvaffaqiyatli operatsiyasi sifatida qayd etiladi.
Yevropa AQShga qarshi
Yevropa davlatlari yana bir masalada AQSh bilan qarshi pozitsiya tanladi. Trampning buyrug‘i bilan Amerika harbiylari Karib havzasida kamida 19 marta «narkokartellarga qarshi kurash» iddaosi bilan qayiqlar, kemalarni o‘qqa tutdi, kamida 79 kishi o‘ldirildi.
Yevropa davlatlari AQShning bu zarbalari xalqaro huquqqa zid ekani haqida bayonot berishmoqda. Yevropaliklar AQShning Venesuela atrofida qo‘shin to‘plashiga qarshiligi haqida ochiq gapirgani yo‘q, lekin yuqoridagi bayonotlarni shunga ishora deb tushunish mumkin. Biroq AQSh davlat kotibi Rubio Yevropa davlatlari Vashingtondan minnatdor bo‘lishi kerakligi, bu narkotiklarni keyinchalik aynan Yevropaga yuborish ko‘zlanganini aytdi.
Mali «Al Qoida» nazoratiga o‘tishi mumkin
Oldingi dayjestda Sudandagi og‘ir vaziyatga to‘xtalgandik. Bu hafta Afrikadagi yana bir davlat — Malidagi holatga nazar tashlaymiz. Qisqartmasi JNIM bo‘lgan «Jamoat nusrat al islom val muslimin» guruhi hafta davomida hukumat kuchlarini jangarilarga qarshi kurashda faol qo‘llab kelgan mashhur tiktokchi qiz Mariyam Sisseni namoyishkorona qatl etdi.
Malida o‘n yillardan buyon hukumat kuchlari JNIM guruhiga qarshi urushib keladi. Bu davlatda ham bir necha yil oldin xuddi Sudandagi kabi harbiy to‘ntarish bo‘lgan, bu davlatda ham «qadrdonimiz» Yevgeniy Prigojinning «Vagner» guruhi jang qilgan va bu davlatda ham minglab tinch aholi vakillari mantiqsiz urush sabab o‘lib ketyapti.
JNIM juda kuchli guruh, ular amalda Mali poytaxti Bamakoni qamal qilgan. Bu esa shahar qulashi vaqt masalasi ekanidan dalolat. Aytgancha, JNIM o‘zini «IShID» va «Al Qoida»ning Malidagi filiali deb ataydi. Agar jangarilar poytaxtni olsa, Mali «Al Qoida» nazoratiga o‘tgan birinchi davlatga aylanishi mumkin. Siz esa «Al Qoida» bin Lodinga qo‘shilib yo‘q bo‘lib ketgan deb yuribsiz...
«Erkaklar vataniga qaytsin»
Haftaning eng muhim bayonotlaridan biri Germaniya kansleri Fridrix Mersning chiqishi bo‘ldi. Kansler Ukraina prezidenti Zelenskiy bilan telefon suhbati chog‘ida ukrain erkaklari Germaniyaga yoppasiga ko‘chib kelayotganidan norozilik bildirganini aytdi. «Urush bo‘layotgan davlat erkaklari o‘z vatanida xizmat o‘tashi kerak», dedi Mers.
Hozircha Kiyev bu gapga javob bermadi. Nima ham deyishsin? Shaxsan men ukrain erkaklar butun Yevropa bo‘ylab turist kabi yallo qilib yurganidan doim hayron qolganman. O‘z vaqtida Pentagon rahbari general Lloyd Ostin ham shunday gap aytgandi. Kansler Mers haq, urushayotgan davlat erkaklari Yevropama-Yevropa yurishi emas, vatani mudofaasi uchun yordam berishi kerak.
Ukrainada korrupsiya mojarosi
Endi haftaning eng muhim voqeasiga yetib keldik. Ukraina pora botqog‘iga botib bormoqda. Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy olti yil avval Ukrainaga ajoyib ta’rif bergandi: «Rossiyadan ham korrupsiyalashganroq davlat».
Ukraina Yevropada uzoq yillardan buyon poraxo‘rlik botqog‘idagi davlat sifatida tanilgan. Shu bois yevropaliklar urush boshida Kiyevga yordam berishga ikkilanishdi. Mana, ular bejizga qo‘rqishmagan ekan, Ukrainadagi energetika sohasida aql bovar qilmas pullar o‘zlashtirib kelingani aniq bo‘ldi. Bu korrupsion tizim tepasida turganlar orasida prezident Zelenskiyning safdoshi, bu mojaro boshlanishidan avval Isroilga qochishga ulgurgan Timur Mindich ham bor.
Normal davlatlarda bunaqa mojarodan keyin prezident iste’foga chiqadi. Ukraina o‘zining demokratik davlat ekanini da’vo qiladi, lekin Zelenskiy hamon prezident sifatida qolgani bunday emasligini ko‘rsatmoqda. To‘g‘ri, urush ketmoqda, bunday vaqtda prezident almashishi xavflidir, lekin urush ketayotgan paytda yevropalik ittifoqchilar o‘z fuqarosining rizqidan qiyib Kiyevga yuborayotgan pullar prezident Zelenskiyning do‘stlari tomonidan kayf-u safo yo‘lida o‘zlashtirilishi, yetmaganiga surishtiruv boshlanishidan avval Isroilga qochib ketishining nomini nima deyishadi? Korrupsiya shunchalik jirkanch illatki, bir kun kelib butun boshli mamlakat mustaqilligini xavf ostida qoldiradi. Buni Ukraina misolida ko‘ryapmiz.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi — Faxriddin Hotamov
Mavzuga oid
15:55 / 30.11.2025
Putinga «aql o‘rgatgan» Uitkoff, tozalash boshlagan Zelenskiy – hafta dayjesti
21:23 / 23.11.2025
Tramp va Amerika Ukrainani «sotmoqchi» - hafta dayjesti
20:47 / 09.11.2025
Orban «perezagruzka» uchun Oq uyga bordi, Jo‘laniy endi terrorchi emas - hafta dayjesti
19:13 / 02.11.2025